O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOLIMARJON GRESIDAGI MONTAJ IShLARINI MABLAG‘ BILAN TA’MINLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Tolimarjon GRESining 800 ming kVt quvvatlik energoblokida bajarilgan montaj ishlari uchun “Mosenergomontaj” tresti “Energomontaj” aksionerlik jamiyatining ixtisoslashgan tashkilotlariga qarzlarni to‘lash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Energetika va elektrlashtirish vazirligi vazirlikka ajratilgan 20 ming tonna paxta lintini “Xeylunszyankoopvneshtorg” firmasiga va 100 ming tonna neftni Rossiya Federatsiyasiga sotishdan olingan valyuta tushumining 30 foizini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga majburiy sotishdan ozod qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish vazirligi paxta lintini va neftni sotishdan olingan valyuta tushumi Tolimarjon GRESidagi bajarilgan montaj ishlari uchun “Energomontaj” aksionerlik jamiyatiga qarzlarini to‘lashga maqsadli foydalanilishini ta’minlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Q.J. Haqqulov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 26-sentabr,
481-son