O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ShAHARDA VA ShAHAR ATROFIGA QATNAYDIGAN YO‘LOVChI TAShISh TRANSPORTI XIZMATLARINING TARIFLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Shaharda va shahar atrofiga qatnaydigan yo‘lovchi tashish transporti xizmatlari xarajatlarining qimmatlashganligi munosabati bilan hamda hokimiyat va boshqaruv mahalliy organlarining aholiga transport xizmati ko‘rsatishning ahvoli uchun javobgarligini oshirish, transport xizmatining barqaror ishlashini ta’minlash va yo‘lovchi tashish transporti xizmatlariga tariflarni asosli shakllantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyat hokimliklariga 1994-yil 1-oktabrdan boshlab shahar yo‘lovchi tashish transporti xizmatlarining cheklangan tariflarini yo‘lovchilar tashishning amalda shakllanayotgan xarajatlarini qoplashni ta’minlashni va aholi manfaatlariga rioya qilishni hisobga olgan holda belgilash huquqi berilsin.
2. 1994-yil 16-sentabrdan boshlab Toshkent shahrida shahar yo‘lovchi tashish transporti (avtobus, tramvay, trolleybus, metro) xizmatlarining cheklangan tariflari bir marta yurishga 30 tiyin miqdorida belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
3. 1994-yil 1-oktabrdan boshlab shahar atrofidagi yo‘nalishlar bo‘yicha qatnovchi avtobuslar bilan yo‘lovchilarni tashishda shartnomaviy (erkin) tariflarga o‘tilsin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, “O‘zavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasi, “Toshshaharyo‘lovchitrans” davlat uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda shahar transporti ishida tartib o‘rnatish, uning bir maromda ishlashini ta’minlash, aholiga xizmat ko‘rsatish madaniyati va darajasini oshirish, shahar transportining mavjud parkini yangilash uchun zarur mablag‘larni qidirib topish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar.
5. Respublika aholisining ayrim toifalariga ilgari qabul qilingan qarorlarga muvofiq berilayotgan amaldagi imtiyozlar saqlab qolinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 7-avgustdagi 392-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 29-iyundagi 330-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 8-sentabr,
455-son