Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKaSI FANLAR AKADEMIYASI TARKIBIDA TIBBIYOT FANLARI BOʻLIMINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Sogʻliqni saqlashning dolzarb muammolarini hal etishga yoʻnaltirilgan tibbiyot sohasidagi fundamental ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish uchun respublika tibbiyot muassasalari va olimlarining imkoniyatlarini jamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Sogʻliqni saqlash vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tarkibida Tibbiyot fanlari boʻlimini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “SSSR Meditsina fanlari akademiyasining Oʻrta Osiyo boʻlimi masalalari toʻgʻrisida” 1991-yil 15-apreldagi 101-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. 10 kun muddatda:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga yangi tashkil etilayotgan Tibbiyot fanlari boʻlimining negizi sifatida quyidagi ilmiy-tadqiqot institutlari berilsin:
Meditsina Fanlari akademiyasining Oʻrta Osiyo boʻlimidan:
Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti;
Onkologiya va radiologiya ilmiy-tadqiqot instituti;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligidan:
Immunologiya ilmiy-tadqiqot instituti;
Endokrinologiya ilmiy-tadqiqot instituti;
Qoraqalpogʻiston klinik va eksperimental tibbiyot ilmiy-tadqiqot instituti;
b) tugatilayotgan Tibbiyot fanlari akademiyasi Oʻrta Osiyo boʻlimidan Kardiologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda Pulmonologiya va ftiziatriya ilmiy-tadqiqot instituti Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga berilsin.
Koʻrsatib oʻtilgan muassasalarni balansdan balansga oʻtkazish belgilangan tartibda 1994-yil 1-yanvardagi holatga koʻra amalga oshirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Tibbiyot fanlari boʻlimi faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini respublikada tibbiyot fanlarini rivojlantirishdagi ustuvorliklarga muvofiq ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Fanlar akademiyasi tizimiga berilayotgan ilmiy-tadqiqot institutlari klinik boʻlinmalarining maqomini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Yangi tashkil etilayotgan Tibbiyot fanlari boʻlimini hamda balansga qabul qilinayotgan ilmiy va davolash muassasalarini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi boshqaruv apparatlari xodimlari soni Meditsina fanlari akademiyasi Oʻrta Osiyo boʻlimidan boʻshayotgan xodimlar hisobiga tegishli ravishda 8 va 4 xodimga koʻpaytirilsin.
Tugatilayotgan boʻlimning xizmat avtotransporti va uni saqlash xarajatlarining tegishli limitlari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasiga berilsin.
6. Tibbiyot fanini rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining mavjud haqiqiy aʼzolari (akademiklari) va muxbir –– aʼzolari soni tegishli ravishda 2 va 5 nafarga koʻpaytirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Ustaviga muvofiq 1994-yilning ikkinchi yarmida ustuvor ilmiy yoʻnalishlar sohasida samarali ishlayotgan taniqli tibbiyot olimlaridan uning yangi aʼzolarining saylovi oʻtkazilsin.
7. Sobiq SSSR Meditsina fanlari akademiyasi muxbir aʼzolariga Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir aʼzolari uchun nazarda tutilgan gonorar toʻlash shart-sharoitlari va boshqa imtiyozlar ularni ilmiy maqomi boʻyicha tenglashtirgan holda tatbiq qilinsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnika davlat qoʻmitasi va Moliya vazirligi fan va texnikani rivojlantirish istiqboliga hamda mablagʻ bilan taʼminlash hajmlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari M.Q. Qoraboyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 11-mart,
134-son