O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Narx o‘zgaruvchanligi davrida moliyaviy xavf-xatarlardan samarali himoya qilishni tashkil etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, mahalliy tadbirkorlik subyektlarini narx o‘zgaruvchanligi davrida moliyaviy xavf-xatarlardan samarali himoya qilish va qo‘shimcha daromad manbaini shakllantirish bo‘yicha ularni xalqaro tovar derivativlari savdolarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishlari uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratish, tovar-xomashyo birjalari sohasiga zamonaviy savdo vositalarini joriy qilishni izchil davom ettirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ (keyingi o‘rinlarda — Respublika birjasi) huzurida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi “UZEX Global” mas’uliyati cheklangan jamiyatini (keyingi o‘rinlarda — Xalqaro birja vositachisi) tashkil qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Respublika birjasi Xalqaro birja vositachisi faoliyatini muvaffaqiyatli tashkil qilish uchun dunyoning yetakchi tovar birjalari savdolari tizimiga kirish bo‘yicha yetarli tajribaga ega va xalqaro tan olingan investitsiya kompaniyasini jalb qilish choralarini ko‘rsin. Bunda quyidagilar Xalqaro birja vositachisi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida nazarda tutilsin:
mahalliy tadbirkorlik subyektlari (paxta-to‘qimachilik korxonalari, elektrotexnika sanoati korxonalari, bug‘doy yetishtiruvchilar va boshqalar) kelgusi yillar uchun ishlab chiqariladigan tovarlar narxlarining noqulay o‘zgarishidan moliyaviy himoyalanish uchun xalqaro tovar derivativlari birjalari, shu jumladan, Nyu-York interkontinental birjasi, London metall birjasi, Chikago tovar birjasi va boshqa birjalarning tovar derivativlari savdolarida ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
mahalliy tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy savodxonligini oshirish maqsadida o‘quv seminarlari va mahorat saboqlarini o‘tkazish;
“o‘zbek milliy tovar derivativlari” savdolari tizimini amaliyotga joriy qilishga ko‘maklashish.
3. Belgilansinki, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xalqaro tovar derivativlari savdolarida mahalliy tadbirkorlik subyektlarining ishtirokini muvofiqlashtirish va ularni tartibga solish, sohani rivojlantirish, xalqaro tovar derivativlari savdolari ishtirokchilariga maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish, xorijiy davlatlardagi mas’ul tartibga soluvchi tashkilotlar hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha vakolatli organ (keyingi o‘rinlarda — vakolatli organ) hisoblanadi.
4. Mahalliy tadbirkorlik subyektlari xalqaro tovar derivativlari savdolarida ishtirok etgan holda savdo qilishi, shuningdek, ichki va tashqi tovar bozorlaridagi narxlar o‘zgarishlaridan himoyalanishi (xedjirlash) va qo‘shimcha daromad olishi uchun shart-sharoit yaratilishida quyidagilar nazarda tutiladi:
Xalqaro birja vositachisi tomonidan mahalliy tadbirkorlik subyektlari xalqaro tovar derivativlari savdolarida ishtirok etgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo qilishi uchun zarur texnologik yechim va operatsion sharoitlarni yaratish;
Xalqaro birja vositachisi tomonidan mahalliy tadbirkorlik subyektlari xalqaro tovar derivativlari savdolarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishi va tavakkalchiliklarni boshqarish (risk-menejment) bo‘yicha konsalting xizmatlarini ko‘rsatish;
mahalliy tadbirkorlik subyektlarini Xalqaro birja vositachisida ro‘yxatdan o‘tkazish, unda ikkilamchi hisobvaraqlarni ochish va mazkur hisobvaraqlarga milliy valyutada avans mablag‘larini kiritish;
Xalqaro birja vositachisi tomonidan mahalliy tadbirkorlik subyektlari shaxsiy hisobvaraqlari alohida yuritilishini (segregatsiyasini) ta’minlash;
Xalqaro birja vositachisi mahalliy tadbirkorlik subyektlari tomonidan milliy valyutada kiritilgan mablag‘larni chet el valyutasiga onlayn ayirboshlashni (konvertatsiya qilishni) ta’minlashi va ushbu mablag‘larni mahalliy tadbirkorlik subyektlarini xalqaro tovar derivativlari savdolarida ishtirok etishi uchun yo‘naltirish;
Xalqaro birja vositachisi hisobvarag‘idagi chet el valyutasidan faqat mahalliy tadbirkorlik subyektlari xalqaro tovar derivativlari savdolarida ishtirok etishi maqsadida foydalanish;
Xalqaro birja vositachisida ro‘yxatdan o‘tgan va yetarli mablag‘larni kiritgan mahalliy tadbirkorlik subyektlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro tovar derivativlari savdolarida ishtirok etishini ta’minlash;
Xalqaro birja vositachisi mahalliy tadbirkorlik subyektlarining buyurtmasi asosida ularning bo‘sh mablag‘lari, shu jumladan, xalqaro tovar derivativlari savdolaridan kelib tushgan daromadni milliy valyutada qaytarib berishi;
mahalliy tadbirkorlik subyektlari xalqaro tovar derivativlari savdolari ishtirokidan olingan daromadlardan narxlar o‘zgaruvchanligi natijasida kelib chiqqan moliyaviy yo‘qotishlarni qoplash uchun foydalanishi;
Xalqaro birja vositachisi tomonidan mahalliy tadbirkorlik subyektlarining xalqaro tovar derivativlari savdolarida ishtiroki bo‘yicha yozuvlarni yuritish va saqlash;
Xalqaro birja vositachisi vakolatli organga har bir mahalliy tadbirkorlik subyekti kesimida ularning ikkilamchi hisobvaraqlari qoldiqlari va aylanmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda xalqaro tovar derivativlari savdolarida ishtirok etish natijalari bo‘yicha hisobotlarni taqdim etib borishi.
5. Mahalliy tadbirkorlik subyektlarining xalqaro tovar derivativlari savdolarida ishtirok etish uchun milliy valyutada kiritilgan mablag‘larini Xalqaro birja vositachisi tomonidan chet el valyutasiga ayirboshlash va xalqaro tovar derivativlari birjalariga o‘tkazishga ruxsat berilsin.
6. Vakolatli organ Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda ilg‘or xorijiy tajriba asosida mahalliy tadbirkorlik subyektlari xalqaro tovar derivativlari birjalarida ishtirok etishi ustidan nazoratni ta’minlash va ularning manfaatlarini himoya qilishni ko‘zda tutuvchi tartibni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 27-fevral,
82-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.02.2026-y., 09/26/82/0177-son)