O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA XORIJIY INVESTITSIYaLAR IShTIROKIDAGI KORXONALARNI TAShKIL ETISh, DAVLAT RO‘YXATIDAN O‘TKAZISh VA TUGATISh TARTIBI TO‘G‘RISIDA” 1997-YIL 2 IYuLDAGI 336-SON QARORIGA O‘ZGARTIRIShLAR KIRITISh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 1-maydagi 252-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 1-fevraldagi PQ-2750-son qarori)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 27-martdagi PF-1981-son Farmoniga muvofiq hamda kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 2-iyuldagi 336-son qaroriga 1-ilova “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni huquqiy ekspertizadan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va tugatish tartibi to‘g‘risida nizom”ga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:
3-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar jumlasiga quyidagi shartlarga javob beruvchi korxonalar kiradi:
korxona ustav jamg‘armasi miqdori 150 ming AQSh dollariga teng summadan kam bo‘lmasligi kerak;
korxona ishtirokchilaridan biri albatta xorijiy yuridik shaxs bo‘lishi kerak.
xorijiy investitsiyalar ulushi korxona ustav jamg‘armasining kamida 30 foizini tashkil etishi kerak.
Ko‘rsatib o‘tilgan shartlarga muvofiq bo‘lmagan korxonalar xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar jumlasiga kirmaydi va korxona joylashgan joydagi shaharlar va tumanlar hokimliklarida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim”;
7-bandning ikkinchi xatboshi va 10-bandning v) kichik bandidagi “...100 ming AQSh dollariga” so‘zlari “...50 ming AQSh dollariga” so‘zlari bilan almashtirilsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni tashkil etish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibiga mazkur qarorga muvofiq kiritilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalarga qat’iy amal qilsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 27-mart,
134-son