Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligi munosabati bilan, shuningdek, moddiy va protsessual huquq normalarini bir xil qoʻllash maqsadida “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 2006-yil 22-dekabrdagi 13/150-sonli qarori:
4-bandi quyidagi mazmundagi toʻrtinchi — yettinchi xatboshilari bilan toʻldirilsin:
“FKning 7461-moddasiga muvofiq, kreditni muddatidan oldin sud tartibida undirishda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kreditor dastlab qarzning belgilangan muddatda qaytarilmagan qismini undirish uchun sudga murojaat qiladi. Bunda agar qarz oluvchi muddati oʻtgan qarzni toʻliq toʻlamagan taqdirda, kreditor kreditning qolgan barcha summasini muddatidan oldin qaytarish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Shuning uchun, sudlar kreditning qolgan qismini muddatidan oldin qaytarish haqidagi daʼvolarni koʻrishda, shartnoma shartlarini oʻrganishlari va shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, kreditor dastlab qarzning belgilangan muddatda qaytarilmagan qismini undirish uchun sudga murojaat qilgan yoki qilmaganligiga aniqlik kiritishlari lozim.
Agar, kreditor oldin qarzning belgilangan muddatda qaytarilmagan qismini undirish uchun sudga murojaat qilmaganligi aniqlansa, sudlar dastlab faqatgina kredit qarzining belgilangan muddatda qaytarilmagan qismini undirish masalasini muhokama qilishi, daʼvoning muddati kelmagan qarzdorlikni undirishga oid qismini esa qanoatlantirishni rad etishi lozim.
Qarz oluvchi muddati oʻtgan qarzni toʻliq toʻlamaganligi asosi bilan kreditor kreditning qolgan barcha summasini muddatidan oldin qaytarish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilganda, daʼvo arizaga Majburiy ijro byurosining qarz oluvchi tomonidan muddati oʻtgan qarzni undirish haqidagi sud hujjati boʻyicha “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 30-moddasining birinchi qismida belgilangan ikki oylik muddat ichida toʻlov toʻliq yoki qisman amalga oshirilmaganligini tasdiqlovchi maʼlumotnomasini ilova qilinishi lozim.”;
21-bandi quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“FK 285-moddasining toʻrtinchi qismi va “Garov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 47-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, garov narsasi boʻlgan mol-mulk garovga qoʻyuvchidan jinoyat yoki boshqa huquqbuzarlik sodir etganlik uchun qonunda belgilangan tartibda olib qoʻyilganda, garovga oluvchida oʻz talablarini ushbu mol-mulk hisobidan ustuvor tarzda qanoatlantirish huquqi saqlab qolinadi. Garovdagi mulkning bunday asoslarga koʻra olib qoʻyilishi kreditni muddatidan oldin qaytarish haqida talab qoʻyishga asos boʻladi.”;
ikkinchi xatboshisi tegishlicha uchinchi xatboshisi deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi 221-band bilan toʻldirilsin:
“221. Sudlarning eʼtibori undiruvni garovdagi mol-mulkka qaratish haqidagi talabning miqdori garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymatiga mosligini tekshirish lozimligiga qaratilsin. Bunda garov bilan taʼminlangan majburiyatning qarzdor tomonidan buzilishi juda arzimas ekanligi va garovga oluvchi talablarining miqdori garovga qoʻyilgan mol-mulkning qiymatiga mos kelmasligi, undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratish haqidagi talabni rad etishga asos boʻlishi inobatga olinishi lozim.
FK 279-moddasining uchinchi qismi va “Garov toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 26-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, garov bilan taʼminlangan majburiyatning buzilishi quyidagi shartlar bir vaqtning oʻzida mavjud boʻlgan taqdirda, juda arzimas deb hisoblanadi:
agar garov bilan taʼminlangan, qarzdor tomonidan qoplanmagan majburiyatning summasi garov qiymatining oʻn besh foizidan kamroqni tashkil qilsa;
agar garov bilan taʼminlangan majburiyat bajarilishining kechikishi ketma-ket uch oydan oshmagan boʻlsa.
Ushbu asoslarning bir vaqtda mavjudligi undiruvni garovdagi mol-mulkka qaratishni rad etishga asos boʻladi.
Tushuntirilsinki, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 36-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, agar ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, davriy toʻlovlar bilan bajariladigan majburiyatni taʼminlash uchun undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratishga, ushbu toʻlovlarni toʻlash muddatlari ketma-ket uch oydan ortiq muddatga buzilgan taqdirdagina yoʻl qoʻyilishi mumkin.”;
23-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23. Tushuntirilsinki, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunning 54-moddasi toʻrtinchi qismiga muvofiq garovga qoʻyilgan mol-mulk bilan taʼminlangan majburiyatlarni ijro etishda undiruv ushbu mol-mulkka qaratilgan taqdirda, garovga qoʻyilgan mol-mulk sud tomonidan majburiy tarzda baholashdan oʻtkaziladi hamda ushbu kimoshdi savdosidagi boshlangʻich realizatsiya qilish narxi sud qarori bilan baholash toʻgʻrisidagi hisobotda aniqlangan miqdorda belgilanadi.
Sudlar undiruvni garovdagi mol-mulkka qaratish haqidagi qarorda nafaqat bu mol-mulkning kimoshdi savdosidagi boshlangʻich sotish narxi, balki uni aniq identifikatsiya qilish imkonini beruvchi maʼlumotlarni (mol-mulkning nomi, joylashgan joyi, koʻchmas mulkning kadastr raqami, avtotransport vositalari, asbob-uskunalarning maʼlumotlari va hokazo) ham koʻrsatish lozimligiga eʼtibor qaratsinlar.
Agar kreditorlarning garov bilan taʼminlangan talablarini qanoatlantirish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilguniga qadar chiqarilgan sud qarori ustidan shikoyat qilinmagan va u belgilangan tartibda qonuniy kuchga kirgan boʻlsa, majburiy ijro harakatlari qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi va garovdagi mol-mulk tijorat banki va qarz oluvchi oʻrtasida tuzilgan garov (ipoteka) toʻgʻrisidagi shartnomada koʻrsatilgan narx boʻyicha realizatsiya qilinadi.
Qarzdorlikni undirish va undiruvni garovga qoʻyilgan mol-mulkka qaratish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrish paytida garovga qoʻyilgan mol-mulkni boshlangʻich bahosi yuzasidan nizo boʻlganda, u ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasiga koʻra, sud tomonidan majburiy tarzda baholanadi.”;
27-bandi quyidagi mazmundagi oʻn ikkinchi va oʻn uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Sudlarga tushuntirilsinki, “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Qonunning 43-moddasining oltinchi qismiga koʻra, garovga oluvchi takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb eʼlon qilinganidan keyin bir oy ichida garovga qoʻyilgan mol-mulkni oʻzida qoldirish huquqidan foydalanmagan taqdirda ipoteka tugatiladi.
Bunday holatda, garovga oluvchi Fuqarolik kodeksi 281-moddasi oltinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan huquqdan foydalanmaganligi garov shartnomasini bekor qilishga asos boʻlmaydi.”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Sud hujjatlarini ijro etishga oid qonun hujjatlarini qoʻllash boʻyicha sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi 2009-yil 10-apreldagi 6/196-sonli qarori:
19-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tushuntirilsinki, iqtisodiy sudning qarzdor yuridik shaxsni bankrot deb topish va tugatish ishini yuritishni ochish toʻgʻrisidagi qarorining koʻchirma nusxasi olinganda davlat ijrochisi ijro ishi yuritishni tamomlaydi, bundan undiruvni garov bilan taʼminlangan mol-mulkka qaratish, mulk huquqini eʼtirof etish, maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish, mol-mulkni oʻzga shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish, asossiz orttirilgan boylikni qaytarish, bitimlarni haqiqiy emas deb topish va ularning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash toʻgʻrisidagi, shuningdek joriy toʻlovlar boʻyicha talablar yuzasidan ijro ishi yuritishlar mustasno.”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlarda yerga oid nizolarni koʻrishda qonunchilik hujjatlari normalarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2023-yil 20-noyabrdagi 28-sonli qarori:
5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Sudlar Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq, ijara muddati tugaganligi munosabati bilan yer uchastkasini ijaraga olish huquqini bekor qilish toʻgʻrisidagi daʼvolarni koʻrishda, yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi yangi muddatga uzaytirilgan yoki uzaytirilmaganligini aniqlashlari lozim.”;
quyidagi mazmundagi 61-band bilan toʻldirilsin:
“61. “Oʻzbekiston Respublikasi FPK 50-moddasining birinchi qismi, IPK 49-moddasining uchinchi qismiga koʻra, prokuror oʻzining daʼvo arizasi (arizasi) asosida qoʻzgʻatilgan ishlarda, shuningdek davlatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida yerga oid huquqiy munosabatlar bilan bogʻliq ishlarda, MSIYUtK 46-moddasining birinchi qismiga koʻra esa, maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan barcha ishlar boʻyicha sud majlisida ishtirok etishga haqli.
Shu sababli sudlar yerga oid huquqiy munosabatlar bilan bogʻliq ishlarni sudda koʻrishda prokurorni xabardor qilish masalasini hal etishlari lozim.”;
15-bandining birinchi va ikkinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“15. Sudlarga tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmonining 4-bandi bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer uchastkalarini toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yoʻl bilan tasarruf qilish (bundan mazkur Farmonga muvofiq yer uchastkalarini davlat tashkilotlariga doimiy foydalanishga ajratish, ijara shartnomasini imzolash boʻyicha vakolatlar mustasno), tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan esa yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni belgilash, eʼtirof etish, oʻzgartirish, bekor qilish huquqi 2021-yil 1-avgustdan bekor qilingan.
Shu bilan birga, mazkur Farmonning 8-bandida ushbu Farmon rasman eʼlon qilingan kundan boshlab Yer kodeksiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilguniga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahalliy vakillik va ijro hokimiyati organlari tomonidan mazkur Farmonda nazarda tutilganidan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratish qatʼiyan toʻxtatilganligi qayd etilgan.”
17-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17. Sudlarning eʼtibori birgalikda egalik qilinadigan yoki foydalaniladigan yer uchastkasini boʻlish va undan foydalanish tartibini belgilash haqidagi nizolarni hal qilishda Yer kodeksi 22-moddasining beshinchi qismiga asosan yer uchastkasini boʻlish yoki undan foydalanish tartibini belgilash imkoniyati mavjud yoki mavjud emasligi kadastr organi mutaxassisining fikri yoki sudga oid ekspertiza xulosasi bilan aniqlanishi mumkinligiga qaratilsin.”;
19-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“19. Yer kodeksi 62-moddasining toʻrtinchi qismi talabiga muvofiq, yer uchastkasining yoxud undagi imoratning u yoki bu qismi kommunal xizmatdan (yoritish, oqova suvlarni chiqarib yuborish, truboprovod, sugʻorish qurilmalari va shu kabilar), yer uchastkalarining egalari yoki undan foydalanuvchilar esa, mustaqil ravishda oʻzicha yoki transportda kirib-chiqish imkonidan mahrum boʻlib qoladigan boʻlsa, yer uchastkasining boʻlinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.”;
25-bandi quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Yer kodeksi 36-moddasining beshinchi qismiga binoan ushbu modda birinchi qismining 1, 2, 6 — 10, 13-bandlarida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini tugatish ushbu Kodeksning 24-moddasida nazarda tutilgan tartibda yer uchastkasining ijara shartnomasini bekor qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Shunga koʻra, ijara shartnomasi mavjud boʻlib, daʼvo arizasida Yer kodeksi 36-moddasi birinchi qismining 1, 2, 6 — 10, 13-bandlari asos qilinib, yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini tugatish haqida talab qoʻyilsa, sudlar bunday talabni qanoatlantirish rad etilishi lozimligiga eʼtibor qaratishlari lozim.”;
26-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“26. Sudlar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan ijara asosida foydalanish huquqiga ega boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan tuzilgan yer uchastkasi ijara shartnomasini Yer kodeksi 36-moddasi birinchi qismining 6-7-bandlarida koʻrsatilgan asoslarga koʻra bekor qilish toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda daʼvoning asosliligini Fuqarolik kodeksining 384-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar va ekin maydonlarida monitoring ishlarini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi hamda 2024-yil 30-dekabrdagi 914-son qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan oqilona foydalanish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomlar hamda boshqa nizoga oid normativ huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinganligini tekshirishlari lozim.”;
quyidagi mazmundagi 261-band bilan toʻldirilsin:
“261. Yer kodeksi 242-moddasining yettinchi qismiga koʻra, agar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu shartnomani muddatidan ilgari bekor qilish qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish shartnomasining bekor qilinishiga sabab boʻladi.
Shu sababli sudlar bunday toifadagi ishlarni koʻrishda nizolashilayotgan shartnoma boʻyicha ijaraga berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasi ikkilamchi ijaraga berilgan yoki berilmaganligini aniqlashlari, zarur hollarda esa yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga olgan shaxsni ishga ishtirok etishga jalb qilish choralarini koʻrishlari lozim.”;
27-bandining uchinchi xatboshi quyidagi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari bilan almashtirilsin:
“Shu bilan birga, Yer kodeksi 24-moddasining oʻn ikkinchi qismi mazmuniga koʻra, yer uchastkasini ijaraga olish huquqi faqat kreditlar olish uchun garovga qoʻyilishi mumkinligi inobatga olinishi kerak.
Bunda, sudlar fermer xoʻjaligi yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqini faqat oʻziga kredit olish uchun garovga qoʻyishga haqli ekanligiga eʼtibor qaratishi lozim.”;
quyidagi mazmundagi 291-band bilan toʻldirilsin:
“291. Sudlar oʻzboshimchalik bilan egallab olingan davlat mulkidagi yer uchastkasini qaytarish va oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda IPK 2039-moddasi talablariga qatʼiy rioya etishlari shart.”;
33-bandi quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida boʻlgan yer uchastkasini qaytarish, oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash toʻgʻrisidagi ish boʻyicha kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.”;
uchinchi — oltinchi xatboshilari tegishlicha toʻrtinchi — yettinchi xatboshilari deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Qishloq xoʻjaligida qonuniylikni taʼminlash va yerdan foydalanishdagi suiisteʼmolchiliklarning oldini olishda iqtisodiy sudlarning rolini oshirish toʻgʻrisida” 2004-yil 12-martdagi 115-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B. ISLAMOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi U. XOLOV
Toshkent sh.,
2025-yil 24-noyabr,
23-son