Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining
Qarori
Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining ruxsat etilgan maksimal darajalariga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0099-25-son SanQvaN) qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 1-dekabrda hisobga olindi, hisob raqami 377]
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-iyuldagi PF-111-son “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining ruxsat etilgan maksimal darajalariga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0099-25-son SanQvaN) (hisob raqami 363, 2025-yil 30-iyul) ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni kuchga kirgandan soʻng amalga kiritiladi.
Rais B. YUSUPALIYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 20-noyabr,
30-son
Qishloq xoʻjaligi vaziri I. ABDURAXMONOV
2025-yil 13-noyabr
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻrinbosari J. URUNOV
2025-yil 10-noyabr
Savdo-sanoat palatasi raisi D. VAXABOV
2025-yil 4-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2025-yil 20-noyabrdagi 30-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining ruxsat etilgan maksimal darajalariga doir sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (0099-25-son SanQvaN) kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar
1. Quyidagi mazmundagi 41-band bilan toʻldirilsin:
“41. Oziq-ovqat biznesi operatorlari kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsuloti muomalasining barcha bosqichlarida — ishlab chiqarish, tayyorlash, qayta ishlash, yetkazib berish, saqlash, tashish va realizatsiya qilish jarayonlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdori ushbu sanitariya qoidalarining 1-ilovasida belgilangan REMDga muvofiqligini taʼminlashi, shuningdek mazkur sanitariya qoidalarining 2-ilovasida keltirilgan kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida qoʻllash taqiqlangan veterinariya dori vositalari va farmakologik faol moddalarni qoʻllamasligi lozim.”.
2. 19-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“19. Kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida veterinariya dori vositalari qoldiq miqdorlarining monitoringi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, uning hududiy boshqarmalari hamda tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan yillik reja asosida amalga oshiriladi. Yillik reja tuzilayotganda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
nazorat oʻtkaziladigan farmakologik faol moddalar guruhlari va kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulot turlari kombinatsiyalarining roʻyxati, ularni tanlash mezonlari va asoslari;
kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlarining ishlab chiqarish va import hajmlari;
ruxsat etilgan veterinariya dori vositalaridan belgilangan maqsadlarda yoki qoʻllash boʻyicha yoʻriqnomalarga muvofiq foydalanilayotganligi;
taqiqlangan moddalar bilan bogʻliq xavf omillari;
hayvonlarning muayyan turlarida farmakologik faol moddalarni qoʻllash chastotasi va davriyligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlaridagi veterinariya dori vositalari qoldiqlarining aholi isteʼmol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlaridagi hamda hayvonlarning ovqatlanish ratsionidagi miqdorlari;
kelib chiqishi hayvonot dunyosiga mansub oziq-ovqat mahsulotlaridagi veterinariya dori vositalarining aholi va hayvonlarning sogʻligʻiga boʻlgan potensial taʼsir darajasi.”.