O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
“Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 15-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 4-sentabrda ma’qullangan
Senat tomonidan 2025-yil 4-sentabrda ma’qullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda noshirlik faoliyati sohasini takomillashtirishga, sifatli adabiyotlarni chop etishni ko‘llab-quvvatlashga, kitobxonlik madaniyatini ommalashtirishga qaratilgan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlarni tizimli davom ettirish maqsadida ushbu Qonun bilan “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga nashriyot bosh muharririning huquqiy maqomini belgilashga, kitobxonlik madaniyatini rag‘batlantirishga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritilmoqda.
Ushbu Qonun noshirlik mahsulotlarining qonunchilikka muvofiq sifatli chop etilishiga hamda jamiyatda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 26-noyabrda qabul qilingan “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘RQ-731-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 11, 1063-modda; 2022-yil, № 11, 1061-modda) quyidagi qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritilsin:
1) 6-modda ikkinchi qismining beshinchi xatboshisi “kitobxonlikni rag‘batlantirish” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
2) quyidagi mazmundagi 151-modda bilan to‘ldirilsin:
“151-modda. Bosh muharrir
Bosh muharrir nashriyot tahririyatining ijodiy faoliyatiga rahbarlik qiladigan, nashriyotning mavzu rejalari ishlab chiqilishi hamda nashrlarning qonunchilik talablariga, noshirlik faoliyati sohasidagi texnik reglamentlar (milliy standartlar) talablariga muvofiq tayyorlanishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxsdir.
Bosh muharrir lavozimiga oliy ma’lumotga va noshirlik faoliyatida kamida uch yil ish stajiga ega bo‘lgan shaxs tayinlanadi. Bosh muharrir tashkilotning muassisi (muassislari) yoki rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
Nashriyot nashrlarini chiqarish to‘g‘risidagi qaror bosh muharrir tomonidan qabul qilinadi.
Bosh muharrir nashriyotning ijodiy faoliyati uchun qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladi.
Bosh muharrir nashrlarning mavzu yo‘nalishlaridan kelib chiqib, tegishli ekspertlar va olimlarning yoki ilmiy-tadqiqot muassasalarining taqrizlarini mustaqil ravishda olishga yoki muallifdan (mualliflardan) ularning taqdim etilishini talab qilishga haqli”;
3) 24-modda uchinchi qismining uchinchi xatboshisidagi “muallifning” degan so‘z “bosh muharrirning va muallifning” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 3-noyabr,
O‘RQ-1093-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2025-y., 03/25/1093/1004-son)