Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruzasi haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) direktorining Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruzasi haqidagi axborotini eshitib, 2024-yilda mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning huquqiy va institutsional asoslari takomillashtirilib, jamiyatda korrupsiya illatiga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirishga qaratilgan tizimli islohotlar davom ettirildi.
Korrupsiyaning oldini olish borasidagi ishlar natijadorligi Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining joriy yil 5-mart kunidagi kengaytirilgan yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev boshchiligida muhokama qilinib, ustuvor vazifalar belgilab berildi.
2024-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Xususan, “Manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishning huquqiy asoslari yaratildi.
Agentlik tomonidan 2024-yil davomida 221,3 mlrd. soʻmlik 111 ta davlat xaridida manfaatlar toʻqnashuvi holatlariga yoʻl qoʻyilganligi yuzasidan vazirliklarga va idoralarga 57 ta taqdimnoma, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 54 ta soʻrov kiritilib, 75 ta holatda jami 33,6 mlrd. soʻmlik xaridlarning bekor qilinishi taʼminlandi.
Davlat xaridlari maxsus axborot portalida tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining jamoatchilik uchun shaffofligi taʼminlandi, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlash boʻyicha masofaviy monitoring qilish tartibi, davlat xaridlarida Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi, davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka masʼul xodimlarini oʻqitishga moʻljallangan “E-learning” taʼlim platformasi (data.anticorrution.uz) ishga tushirildi.
Davlat organlari va tashkilotlarining inson resurslarini boshqarishga oid faoliyatini raqamlashtirish axborot tizimi (hrm.argos.uz) yoʻlga qoʻyildi.
2024-yilda davlat boshqaruvida byurokratiyani qisqartirish, davlat organlari faoliyatini raqamlashtirish orqali korrupsiyaga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish, shuningdek davlat xizmatlarini soddalashtirish boʻyicha ishlar davom ettirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali aholiga koʻrsatiladigan xizmatlari soni 710 tadan oshgan.
Jumladan, pensiya tayinlash uchun ariza berish, tibbiy maʼlumotnoma olish, kam taʼminlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlanishi uchun ariza berish, nafaqa tayinlash, mehmonxona qurish uchun subsidiya olish, talabalar uchun taʼlim krediti olish, davlat umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarga sertifikatlar berish va boshqa xizmatlarning elektron shaklga oʻtkazilishi byurokratiyani va korrupsiya omillarini kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Aholining va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimini uzluksiz oshirib borish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi ishga tushirildi.
Davlat organlari mansabdor shaxslarining sudlar tomonidan haqiqiy emas deb topilgan qonunga xilof qarorlari toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qilish tizimi yaratilib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining rasmiy veb-sahifasida davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlarini haqiqiy emas deb topish haqidagi sud qarorlarini ochiq eʼlon qilib borish tartibi yoʻlga qoʻyildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda ushbu sohada toʻliq foydalanilmayotgan imkoniyatlar va eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masalalar ham mavjud.
Manfaatlar toʻqnashuvi, davlat xaridlari, davlat organlarining ochiqligi hamda budjet mablagʻlaridan samarali foydalanish boʻyicha korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlar toʻliq bartaraf etilmayapti.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham aksariyat hollarda korrupsiyaning oldini olish bilan emas, balki uning oqibatlariga qarshi kurashish bilan shugʻullanib kelmoqda.
2024-yilda sudlar tomonidan respublika boʻyicha jami 4 649 ta jinoyat ishi boʻyicha 7 354 nafar shaxs korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga jami 2 trln. 812 mlrd. soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.
“Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida”dagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan talablar bajarilmay qolmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruzada vazirliklar va idoralarning 2 350 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilib, ularning 222 tasida, yaʼni 11 foizida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar aniqlangan.
Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan oʻrganishlar davomida 10 dan ortiq vazirlik va idoralar tomonidan “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida”dagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasi talablari bajarilmay, ularning faoliyat sohalariga doir normativ-huquqiy hujjatlar korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilmaganligi maʼlum boʻldi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ayrim reyting indekslarida Oʻzbekistonning oʻrni oʻtgan yilga nisbatan pasaygan, “World Justice Project” tashkilotining Huquq ustuvorligi indeksida (Rule of law) Oʻzbekiston reytingi 142 ta davlat orasida 49 ball toʻplab, 83 oʻrinni egallagan va oʻtgan yilga nisbatan 5 pogʻonaga pasaygan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalariga koʻra, baholashdan oʻtkazilgan 102 ta davlat tashkilotidan 8 tasining faoliyati “qoniqarsiz” deb baholangan.
Shuningdek davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi natijasiga koʻra, 2024-yil yakuni boʻyicha baholashdan oʻtkazilgan 98 ta davlat organi va tashkilotidan 13 tasining faoliyati “qizil” toifada baholangan.
Agentlik davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish holatlari boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzish huquqidan samarali foydalanmagan. Masalan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish holatlari yuzasidan faqatgina 5 nafar shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2157-moddasi asosida maʼmuriy javobgarlik choralari koʻrilgan, xolos.
Agentlikka korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar boʻyicha maʼmuriy surishtiruvlar oʻtkazish, korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilishining sabablarini va bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, korrupsiyaning holatini va tendensiyalarini tizimli ravishda tahlil qilish imkoniyatini taʼminlash maqsadida qonunchilikka, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq jinoyat ishlari materiallarini oʻrganishga doir vakolatlarni amalga oshirishning huquqiy asoslarini ishlab chiqish borasidagi ishlar yakuniga yetkazilmasdan qolmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil 10-sentabrdagi 4821-IV-sonli Qarori bilan Agentlikka korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasidagi ishlar samaradorligini taʼminlash yuzasidan berilgan ayrim tavsiyalar amalga oshirilmasdan qolmoqda.
Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 82-moddasiga va “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 262-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Oʻzbekiston Respublikasida Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruzasi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Agentlikka:
Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2025-2026-yillarga moʻljallangan davlat dasturining tasdiqlanishi yuzasidan zarur choralar koʻrish;
hududlarda aholini qiynab kelayotgan maishiy va tizimli korrupsiyaviy muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan choralar ishlab chiqish, shu jumladan tegishli qonunlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish zarurati yuzasidan takliflar kiritib borish;
davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens nazorat”) faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy jihatdan taʼminlash, ular xodimlarini stajirovka va attestatsiyadan oʻtkazish hamda ularning malakasini oshirish choralarini yanada kuchaytirish;
yirik investitsiya loyihalarida korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlarni joriy etish hamda auksion shartlarini raqobatbardoshlik ekspertizasidan oʻtkazish tartibi va mexanizmlarining huquqiy asoslarini yaratish;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish va ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash choralarini kuchaytirish;
adliya organlari bilan hamkorlikda vazirliklar va idoralar tomonidan oʻz faoliyat sohalarini tartibga soladigan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasining oʻtkazilish holatini monitoring qilib, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi toʻgʻrisida”dagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijrosini taʼminlamasdan kelayotgan vazirliklar va idoralarning bu boradagi masʼuliyatini oshirish choralari yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha hududiy kengashlar aʼzolarining bilim va koʻnikmalarini muntazam ravishda oshirib borish hamda ularning maishiy va tizimli korrupsiyaviy omillarga qarshi kurashish borasidagi ishlari samaradorligini oshirish choralarini koʻrish;
korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalariga koʻra faoliyati samaradorligi “qoniqarsiz” deb topilgan davlat organlari va tashkilotlarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qilish hamda mazkur jinoyatlar koʻrsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlari bilan kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni belgilash;
Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy strategiyani qabul qilish ishlarini yakuniga yetkazish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari parlament nazoratini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruzada qayd etilgan maʼlumotlardan oʻz faoliyat yoʻnalishlarining oʻziga xos jihatlarini inobatga olgan holda foydalansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi korrupsiya uchun javobgarlik muqarrarligini taʼminlashga, yoshlarni korrupsiyaga nisbatan murosasiz boʻlish muhitida tarbiyalashga, korrupsiya holatlari haqida xabar bergan shaxslar himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini qisqa muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining muhokamasiga kiritish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha parlament komissiyasiga:
nodavlat notijorat tashkilotlarining korrupsiyaning oldini olish borasidagi rolini oshirish mavzulariga davlat grantiga va ijtimoiy buyurtmaga tanlovlar eʼlon qilishda alohida eʼtibor qaratish;
fuqarolik jamiyati institutlarining jamiyatda korrupsiya illatiga murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan maqsadli grantlarning mavzulari va yoʻnalishlarini ishlab chiqishda Agentlikka koʻmaklashish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasiga oʻtkazilayotgan parlament nazorati tadbirlari va deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari yakunlaridan kelib chiqqan holda, korrupsiya holatlarini bartaraf etish boʻyicha tegishli vazirliklar va idoralarga takliflar kiritib borish tavsiya etilsin.
7. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari M. Xodjayeva zimmasiga yuklatilsin.
8. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari R. XAKIMOV
Toshkent sh.,
2025-yil 16-sentabr,
1292-V-son