O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirining
buyrug‘i
“Havo kemalarida pochtani tashish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorga o‘zgartirishlar kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 26-sentabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2530-2]
O‘zbekiston Respublikasining “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining 2013-yil 21-oktabrdagi 57-mh-son “Havo kemalarida pochtani tashish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 2530, 2013-yil 26-noyabr) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013-y., 48-son, 628-modda) ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir Sh. SHERMATOV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-sentabr,
283-mh-son
Kelishildi:
Transport vaziri I. MAXKAMOV
2025-yil 31-avgust
O‘zbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vazirining 2025-yil 8-sentabrdagi 283-mh-son buyrug‘iga
ILOVA
ILOVA
“Havo kemalarida pochtani tashish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. Qarorning muqaddimasidagi “O‘zbekiston Respublikasining “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-yil, 17-son, 209-modda), O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, 6-son, 247-modda)” degan so‘zlar “O‘zbekiston Respublikasining Havo kodeksi hamda “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi Qonuniga” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
2. Qoidalarda:
1) muqaddimadan “Umumjahon pochta konvensiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 17-son, 209-modda) va O‘zbekiston Respublikasining Havo kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 6-son, 247-modda) muvofiq” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
2) 2-bandda:
to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“havo kemasi — havo bilan o‘zaro ta’sir hisobiga, yer sathidan qaytgan havo bilan o‘zaro ta’sirdan tashqari, atmosferada harakatlanadigan uchish apparati;”;
oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yozma xat-xabarlar — oddiy va ro‘yxatga olinadigan xatlar, pochta varaqchalari, banderollar, mayda paketlar, ko‘zi ojizlar uchun jo‘natmalar va “M” qoplari;”;
3) 17-banddan “O‘z DSt 1099:2005 “Pochta qoplari. Texnik shartlar” talablariga mos keluvchi” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
4) 21-bandning birinchi xatboshisidan “iz tushirish moslamalarining izlari yoki” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
5) 55-bandning “v” kichik bandidagi “sekogrammalar” degan so‘z “ko‘zi ojizlar uchun mo‘ljallangan jo‘natmalar” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.09.2025-y., 10/25/2530-2/0883-son)