Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
BITIM
tibbiy xizmatlar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining davlat reyestrida 2025-yil 8-sentabrda 4600-CN-2025-H tartib raqami bilan roʻyxatga olindi]
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasidagi abadiy doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlariga tayanib,
har ikkala xalqning tarixiy qardoshlik aloqalarini yanada mustahkamlash istagida,
tibbiy xizmatlar sohasida hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Maqsad
Maqsad
Tomonlar tibbiy xizmatlar koʻrsatish, tibbiyot mutaxassislarining malakasini oshirish, birgalikda tibbiy tadqiqotlarni olib borish va tajriba almashish sohasida hamkorlik qiladilar.
2-modda
Hamkorlik yoʻnalishlari
Hamkorlik yoʻnalishlari
Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik quyidagi asosiy yoʻnalishlarni qamrab oladi:
1) Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, onalar va bolalar oʻlimini kamaytirish boʻyicha loyihalarni ishlab chiqish;
2) Sogʻliqni saqlash boʻyicha kadrlar salohiyatini oshirish;
3) Tibbiyot, farmatsevtika va tibbiy texnika sohasida axborot va tajriba almashish;
4) Shifoxonalarni boshqarish tizimlari va sogʻliqni saqlash axborot tizimlarini ishlab chiqish;
5) Tabiiy ofatlar yuz berganda shoshilinch tibbiy yordam va sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlikni tashkil etish;
6) Sogʻliqni saqlash turizmi;
7) Tomonlar kelishuviga binoan hamkorlikning boshqa yoʻnalishlari.
3-modda
Hamkorlik shakllari
Hamkorlik shakllari
Tomonlar sogʻliqni saqlash va tibbiyot fanlari sohasida quyidagi yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlik qiladilar:
1) Yuqori malakali tibbiy xizmatlar koʻrsatish, murakkab tibbiy operatsiyalarni bajarish;
2) Axborot va tajriba almashish;
3) Tibbiyot mutaxassislarining malakasini oshirish;
4) Qoʻshma loyihalarni yaratish;
5) Tegishli sogʻliqni saqlash muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni taʼminlash;
6) Delegatsiyalar, ekspertlar va tibbiyot mutaxassislari almashinuvi;
7) Tomonlar tarafidan tashkil etiladigan kongresslar, konferensiyalar, simpoziumlar va boshqa ilmiy uchrashuvlarda mutaxassislarning ishtirokini ragʻbatlantirish;
8) Birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish;
9) Tomonlar tarafidan kelishilgan hamkorlikning boshqa shakllari.
4-modda
Tibbiy xizmatlarni amalga oshirish
Tibbiy xizmatlarni amalga oshirish
Xitoy tomoni Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Xitoy Xalq Respublikasi tibbiyot muassasalarida davolanishiga imkoniyat taqdim etishga tayyor.
Tomonlar davlatlarining vakolatli idoralari ikki davlat gospitallari va tibbiyot muassasalari oʻrtasida oʻzbekistonlik bemorlarni Xitoyda davolash boʻyicha oʻzaro hamkorlik oʻrnatilishiga har tomonlama koʻmaklashadilar.
5-modda
Qoʻshma ishchi guruhlar
Qoʻshma ishchi guruhlar
1. Mazkur Bitimni amalga oshirish maqsadida Tomonlar tegishli ishchi va ekspertlik guruhlarini tuzishlari, chora-tadbirlar rejalari va boshqa hamkorlik dasturlari qabul qilishlari mumkin.
2. Tomonlar elektron pochta, videokonferensiya yoki boshqa aloqa vositalaridan foydalangan holda axborot almashishlari va faoliyatni muvofiqlashtirishlari mumkin.
3. Tomonlar tegishli ekspertlar yoki tashkilotlarni Tomonlarning majlislarida maʼlumot taqdim etishi uchun taklif qilish haqida qaror qabul qilishlari mumkin.
6-modda
Boshqa xalqaro shartnomalar bilan munosabati
Boshqa xalqaro shartnomalar bilan munosabati
Mazkur Bitimning qoidalari Tomonlarning davlatlari ishtirokchi hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
7-modda
Nizolarni hal etish
Nizolarni hal etish
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
8-modda
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra uning ajralmas qismi hisoblanadigan va mazkur Bitimning 9-moddasiga muvofiq kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda
Yakuniy qoidalar
Yakuniy qoidalar
1. Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
2. Mazkur Bitim besh (5) yilga tuziladi va Tomonlardan biri boshqa Tomonni mazkur Bitimning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida uning amal qilishi tutagunga qadar olti (6) oy oldin diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabardor qilmasa, keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
3. Har bir Tomon uni tugatish niyati toʻgʻrisida yozma xabarnoma yuborish orqali mazkur Bitimni amal qilishini tugatishi mumkin. Mazkur holatda, Bitimning amal qilishi mazkur xabarnoma sanasidan soʻng uch oy oʻtgach tugatiladi.
4. Mazkur Bitimning tugatilishi uning doirasida amalda boʻlgan yoki bajarilgan tadbirlar va loyihalarga taʼsir qilmaydi.
Pekin shahrida, 2025-yil 1-sentabrda, ikki asl nusxada, oʻzbek, xitoy va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir.
Mazkur Bitimni talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)