Oʻzbekiston respublikasi oliy kengashining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINI, OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY KENGAShI RAISINI VA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VITSE-PREZIDENTINI TAʼMINLASh, ULARGA XIZMAT QILISh VA ULARNI MUHOFAZA ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2003-yil 25-apreldagi 481-II-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Raisi va Oʻzbekiston Respublikasi vitse-Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab qoʻyilgan vakolatlarini samarali amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga oyiga daromad soligʻi solinadigan 3000 soʻm miqdorida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi va Oʻzbekiston Respublikasi vitse-Prezidentining har biriga oyiga daromad soligʻi solinadigan 2000 soʻm miqdorida ish haqi belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi vitse-Prezidenti faqat mazkur lavozimlar boʻyicha ish haqi oladilar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti isteʼfoga chiqqan vaqtida unga oyiga 1500 soʻm miqdorida umrbod pensiya belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi va Oʻzbekiston Respublikasi vitse-Prezidenti isteʼfoga chiqqanlarida ularning har biriga oyiga 1000 soʻm miqdorida umrbod pensiya belgilanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga quyidagi davlat taʼminoti hamda xizmat koʻrsatish belgilansin:
— tashqi aloqalarni va respublika boʻylab safarlarni amalga oshirish uchun maxsus jihozlangan samolyotlar ajratish;
— maxsus avtomobil transporti ajratish;
— Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi qoʻmitasi va Ichki ishlar vazirligi zimmasiga yuklatiladigan muhofaza etish;
— Toshkent shahrida, Toshkent viloyati va Moskva shahrida qarorgoh (kvartira) berish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti isteʼfoga chiqqanidan keyin unga davlat hisobidan zarur xizmat, muhofaza, transport bilan taʼminlangan kvartira va chorbogʻ beriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xotini (eri)ni va oilasini muhofaza qilish hamda ularga transport xizmati koʻrsatishni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizligi komiteti taʼminlaydi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Raisi va Oʻzbekiston Respublikasi vitse-Prezidentining mamlakat ichkarisidagi va xorijiy davlatlarga borgan vaqtdagi vakillik maqsadlariga qiladigan xarajatlari hamma tomonidan qabul etilgan normalar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining faoliyatini pul bilan taʼminlashga doir maxsus modda koʻzda tutilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini taʼminlash, unga xizmat koʻrsatish va uni muhofaza qilish” toʻgʻrisidagi 1990-yil 20-iyundagi 89-XP-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Raisining oʻrinbosari B. BUGROV
Toshkent sh.,
1991-yil 15-fevral,
222-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 4-son, 75-modda, 11-son, 273-modda)