Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI QOSHIDA YURISTLAR MALAKASINI OSHIRISH MARKAZINI TASHKIL ETISH TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 19-martdagi 171-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqiy tarbiyani yaxshilash, aholining huquqiy madaniyati darajasini yuksaltirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, jamoatchilik fikrini oʻrganish ishini yaxshilash haqida” 1997-yil 25-iyundagi PF-1791-son Farmoniga muvofiq hokimiyat va huquqni muhofaza qilish idoralarining yuqori malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojini qondirish, zamonaviy bilimlar asosida huquqshunos xodimlarning kasbiy tayyorgarligini hamda ularni qayta tayyorlashni tubdan yaxshilash, shuningdek huquqshunoslik sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning saviyasini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshida Adliya va sud organlari xodimlarining malakasini oshirish instituti negizida Yuristlar malakasini oshirish markazi tashkil etilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 12-iyuldagi 212-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 29-son, 330-modda)
2. Yuristlar malakasini oshirish markazi rahbariyati direktor va uning ikki oʻrinbosaridan iborat tarkibda tasdiqlansin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Yuristlar malakasini oshirish markazida:
davlat va jamiyat qurilishi sohasini demokratlashtirishning zamonaviy talablari va jarayonlarini hisobga olgan holda adliya, yuridik xizmat, advokatura boʻyicha huquqshunos kadrlar qayta tayyorlanadilar va malaka oshiradilar;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-iyundagi 531-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.06.2019-y., 09/19/531/3342-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-iyundagi 531-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.06.2019-y., 09/19/531/3342-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-iyundagi 531-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.06.2019-y., 09/19/531/3342-son)
boshqa soha mutaxassislarining huquqiy bilimlarini oshirish boʻyicha shartnoma asosida oʻqishlar tashkil etiladi;
huquqshunoslik sohasida ilmiy tadqiqotlar amalga oshiriladi;
huquqshunos kadrlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish borasida tavsiyalar ishlab chiqiladi;
huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar taʼlim muassasalari bilan oʻzaro hamkorlik amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 12-iyuldagi 212-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 29-son, 330-modda)
4. Markaz tinglovchilari uchun oʻqish davomida ularning asosiy ish joylaridagi ish haqlari va lavozimlari saqlab qolinadi. Joylardan kelgan tinglovchilarga amaldagi qonunchilikka muvofiq sutkalik, oʻqish manziliga kelish va qaytib ketish xarajatlari toʻlanadi, shuningdek ular yotoqxona bilan taʼminlanadilar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur Markazda oʻqitish, qayta tayyorlash va malaka oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Markazning direktori va uning oʻrinbosarlari, professor-oʻqituvchilariga oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash miqdorlari, qolgan xodimlariga esa Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xodimlari mehnatiga haq toʻlashning amaldagi shartlariga muvofiq tarif stavkalari belgilanadi.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 12-iyuldagi 212-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 29-son, 330-modda)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markaziga shu yoʻnalishdagi xorijiy va xalqaro institutlar, tashkilotlar bilan aloqalarni amalga oshirishda yordam koʻrsatsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga:
— 1998-yildan boshlab, har yili Markazning buyurtmasiga muvofiq xorijiy mutaxassislarni ishga taklif etish, markaz xodimlarining xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda ishtirok etishi, shuningdek, davriy nashrlarga obuna boʻlishlari, xorijda chiqariladigan darsliklar va oʻquv qoʻllanmalaridan olishlari uchun, shu jumladan erkin almashtiriladigan valyutalarda;
— Markazni asbob-uskunalar, ofis mebeli, tashkiliy-texnika vositalari bilan jihozlash va transport vositalari olish uchun;
— Markazning faoliyat koʻrsatishi, shu jumladan mazkur qaror shartlariga muvofiq ish haqi, bino va inshootlarni jihozlash hamda kapital taʼmirlash, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va ilmiy asarlar nashr ettirish uchun taqdim qilmagan hisob-kitoblarga koʻra zarur mablagʻlar ajratish topshirilsin.
9. Toshkent shahar hokimligi 2 oy muddatda respublika Yuristlar malakasini oshirish markaziga zarur bino ajratib, uni oʻquv jarayoni xususiyatlarini hisobga olgan holda rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlarini amalga oshirsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi belgilangan tartibda Markazni zamonaviy aloqa vositalari bilan taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari va sudlari faoliyatini tashkil etish masalalari toʻgʻrisida” 1994-yil 19-yanvardagi 18-son qarorining 2-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi B. Gʻulomov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 21-iyul,
364-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-martdagi 87-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 13-son, 145-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 12-iyuldagi 212-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 29-son, 330-modda)