O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI BOJ HUDUDIGA OZIQ-OVQAT ETIL SPIRTI OLIB KELTIRIShNI TARTIBGA SOLISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Keyingi paytlarda oziq-ovqat etil spirtini O‘zbekiston Respublikasi boj hududi orqali g‘ayriqonuniy ravishda olib o‘tish hollari, shuningdek uni bojxonada rasmiylashtirmasdan olib kelishga urinishlar tez-tez uchramoqda.
Alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarishga davlat monopoliyasini, ichki bozorni himoya qilishni ta’minlash va O‘zbekiston Respublikasi boj hududiga oziq-ovqat etil spirtini olib kelishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I.H. Jo‘rabekov “O‘zdavstandart” markazi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda alkogolli mahsulotlar sifatiga va ularni ishlab chiqarish sanitariya-gigiyena sharoitlariga talablar kuchaytirilishini ta’minlasin.
Spirt, aroq va boshqa alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish huquqiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqilsin, bunda belgilangan me’yorlarni buzuvchi mahsulot ishlab chiqaruvchilarni litsenziyalardan mahrum qilish nazarda tutilsin.
Alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish huquqini beruvchi litsenziyalar berishda ishlab chiqarish sharoitlarining talablarga muvofiqligi puxta tahlil etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2 va 3-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-maydagi 213-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda spirtni g‘ayriqonuniy ravishda olib kelishning oldini olish yuzasidan ta’sirchan choralarni ko‘rsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari I.H. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 27-fevral,
85-son