O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
qarori
Ma’muriy sudlar tomonidan qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini qo‘llash to‘g‘risida
Ma’muriy sudlar tomonidan qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishda yagona sud amaliyotini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlarga ko‘ra qayta ko‘rish instituti sud hujjatining qonuniyligini tekshirish bilan bog‘liq munosabatlarni emas, balki yangi ochilgan holatlar sudning xulosalariga ta’sir qilish-qilmasligini tekshirish maqsadida nizo holatini qayta baholash bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
2. Sudlarning e’tibori O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi (bundan buyon matnda MSIYUtK deb yuritiladi) 29-bobining qoidalariga ko‘ra, sud o‘zi qabul qilgan hamda qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini ushbu bobda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra va tartibda ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizalariga asosan yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishi mumkinligiga qaratilsin.
Qayta ko‘rilishi mumkin bo‘lgan qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari deganda, sudning hal qiluv qarori, qarori va ajrimlari tushuniladi.
3. Yangi ochilgan holatlar deganda, ochilgan faktik holatlar aslida mavjud bo‘lib, biroq arizachiga ma’lum bo‘lmagan va ma’lum bo‘lishi mumkin bo‘lmagan, shunga ko‘ra ishni ko‘rish vaqtida o‘rganilishi va inobatga olinishi mumkin bo‘lmagan, sud hujjatlari qabul qilinganidan keyingina ma’lum bo‘lgan holatlarni tushunish lozim.
MSIYUtK 269-moddasi 1-bandining mazmuniga ko‘ra ish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan faktik holatlar sud hujjati qabul qilinganidan so‘ng vujudga kelgan bo‘lsa, sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish uchun asos bo‘la olmaydi.
Sud hujjati qabul qilinganidan keyin vujudga kelgan holatlar sudga nizoning shu predmeti bo‘yicha yangi asoslarga ko‘ra ariza (shikoyat) bilan murojaat etish uchun asos bo‘lishi mumkin.
4. MSIYUtKning 268-moddasiga muvofiq:
birinchi instansiya sudi tomonidan qabul qilingan, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari, ajrimlar yangi ochilgan holatlar bo‘yicha shu hal qiluv qarorini, ajrimni qabul qilgan sud;
apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyasi sudining sud hujjati o‘zgartirilgan yoki yangi sud hujjati qabul qilingan qarorlari va ajrimlarini qayta ko‘rish sud hujjati o‘zgartirilgan yoki yangi sud hujjati qabul qilingan instansiya sudi tomonidan amalga oshiriladi.
Agar sud hujjatini yangi ochilgan holatlarga ko‘ra qayta ko‘rish haqidagi ariza sudlovga tegishlilik qoidalari buzilgan holda kelib tushgan bo‘lsa, ariza tegishli sudga yuborilishi lozim.
5. Tushuntirilsinki, qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qilishga ishda ishtirok etuvchi shaxslar, jumladan:
taraflar (ularning huquqiy vorislari);
sud ajrimi bilan ishga jalb etilgan uchinchi shaxslar (ularning huquqiy vorislari);
prokuror;
davlat organlari va o‘z zimmalariga yuklatilgan vakolatlarga ko‘ra boshqa shaxslar haqlidirlar.
Sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza sudga yozma shaklda yoxud elektron hujjat tarzida beriladi, uni berayotgan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi (elektron imzo qo‘yiladi), arizaga uning vakolatini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi (MSIYUtK 61-moddasi).
6. Qonunda ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslar sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish haqida ariza bilan murojaat qilishga haqli ekanliklari nazarda tutilmagan. Shunga ko‘ra, ko‘rsatilgan shaxslar sud hujjatlari ustidan yuqori instansiya sudiga shikoyat bilan murojaat qilishga haqli ekanliklari tushuntirilsin.
Ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxs tomonidan ariza berilganda u MSIYUtK 273-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan qaytarilishi, xatolikka yo‘l qo‘yilib ish yuritishga qabul qilingan taqdirda esa shu asoslar bo‘yicha arizani qanoatlantirish rad etilishi lozim.
Sudlarga tushuntirilsinki, sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizani sud majlisida ko‘rib chiqishda mazkur ish bo‘yicha nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qiladigan va arz qilmaydigan uchinchi shaxslarni jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
7. Sudlarning e’tibori MSIYUtKning 271-moddasida sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish haqidagi arizaning shakli va mazmuniga doir talablar belgilanganligiga qaratilsin.
Xususan arizada quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:
ariza berilayotgan sudning nomi;
ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomlari (familiyasi, ismi, otasining ismi), ularning joylashgan yeri (pochta manzili) yoki yashash joyi;
arizachi yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishni talab qilayotgan sud hujjatini qabul qilgan sudning nomi, ishning raqami, sud hujjati qabul qilingan sana, talab predmeti;
arizachining fikri bo‘yicha sud hujjatini qayta ko‘rish uchun asos bo‘ladigan yangi ochilgan holat hujjatlarga havola qilingan holda;
ariza berayotgan shaxsning talabi;
ilova qilinayotgan hujjatlarning ro‘yxati.
Arizaga shuningdek yangi ochilgan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlarning ko‘chirma nusxalari, ariza va hujjatlarning ko‘chirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjat, ariza vakil tomonidan imzolangan taqdirda, uni imzolash vakolatini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi lozim.
8. Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza ushbu sud hujjatini qabul qilgan sudga arizachining fikriga ko‘ra sud hujjatini qayta ko‘rish uchun asos bo‘ladigan holatlar ochilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay berilishi lozim.
O‘tkazib yuborilgan muddat ariza bilan murojaat qilgan shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha, agar iltimosnoma arizada sud hujjatini qayta ko‘rishga asos sifatida ko‘rsatilgan holatlar ochilgan kundan e’tiboran olti oydan kechiktirmay berilgan bo‘lsa va sud muddatni o‘tkazib yuborish sabablarini uzrli deb tan olsa, sud tomonidan tiklanishi mumkin (MSIYUtK 270-moddasi).
9. Sudlarga tushuntirilsinki, sud hujjatini yangi ochilgan holatlarga ko‘ra qayta ko‘rish haqidagi ariza MSIYUtK 270 va 271-moddalarida belgilangan qoidalar buzilgan holda, jumladan belgilangan muddat tugaganidan so‘ng uni tiklash haqida iltimosnomasiz berilgan bo‘lsa, sud arizani qaytarish to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Bunday ajrim ustidan shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Shu bilan birgalikda, ariza MSIYUtK 270 va 271-moddalari talablari buzilgan holda berilganligi, shuningdek, o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklash haqida iltimosnoma mavjud emasligi asosida qaytarilganda ajrimda ko‘rsatilgan holatlar bartaraf etilgach, ariza sudga yangidan taqdim etilishi mumkin.
10. Sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilish muddati:
MSIYUtK 269-moddasi birinchi qismining 1-bandida nazarda tutilgan hollarda — sud hujjati qabul qilingan paytda mavjud bo‘lgan, lekin arizachiga ma’lum bo‘lmagan va ma’lum bo‘lishi mumkin bo‘lmagan ish uchun muhim holatlar haqida arizachiga ma’lum bo‘lgan kundan;
MSIYUtK 269-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan hollarda — sudning hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan;
MSIYUtK 269-moddasi birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan hollarda sudning hukmi, ajrimi qonuniy kuchga kirgan kundan;
MSIYUtK 269-moddasi birinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan hollarda — sud hujjatini qabul qilishga asos bo‘lgan ma’muriy, iqtisodiy sudning, fuqarolik, jinoyat ishlari bo‘yicha sudning sud hujjatini bekor qilish yoki boshqa organ hujjatini haqiqiy emas deb topish haqidagi sud hujjati qonuniy kuchga kirgan yoxud boshqa organning shunday hujjati uni qabul qilgan organning o‘zi yoki yuqori turuvchi organ (mansabdor shaxs) tomonidan bekor qilingan kundan e’tiboran hisoblanishi inobatga olinishi lozim.
11. MSIYUtK 267-moddasiga ko‘ra faqat qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rilishi mumkinligi sababli, qonuniy kuchga kirmagan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish haqida berilgan ariza MSIYUtK 273-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan qaytariladi.
12. Sud hujjatini yangi ochilgan holatlarga ko‘ra qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza uning shakli va mazmuniga oid qonunda belgilangan talablarga rioya etilgan holda berilgan bo‘lsa, u sudning tegishli ajrimiga asosan ish yuritishga qabul qilinishi lozim. Ushbu masala ariza sudga kelib tushgan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay sudya tomonidan yakka tartibda hal etiladi.
Arizani ish yuritishga qabul qilish haqidagi ajrimda ish bo‘yicha yangi sud muhokamasini o‘tkazish vaqti va joyi ko‘rsatilishi lozim. Ajrimning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga mazkur Kodeksning 124-moddasida nazarda tutilgan tartibda yuborilishi lozim.
13. Sud hujjatini yangi ochilgan holatlarga ko‘ra qayta ko‘rish to‘g‘risidagi ariza, u sudga kelib tushgan kundan e’tiboran bir oydan oshmagan muddatda sud majlisida ko‘rib chiqiladi. Arizaning ko‘rilishi tegishli sud instansiyasida ish yuritish qoidalari bo‘yicha MSIYUtK 29-bobining qoidalari inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
14. Tushuntirilsinki, MSIYUtK 269-moddasida ko‘rsatilgan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish asoslari tugal hisoblanadi va kengaytirilgan tarzda talqin qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar arizada yangi ochilgan holatlar haqida faktik ma’lumotlar ko‘rsatilmagan yoki ariza faqatgina sud hujjati noqonuniyligi va asossizligi haqidagi vajlarga asoslangan bo‘lsa, bunday arizani qanoatlantirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
15. Sud tomonidan arizani ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan arizani qanoatlantirish va ilgari o‘zi qabul qilgan sud hujjatini bekor qilish yoki arizani qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida ajrim chiqariladi. Ajrimning ko‘chirma nusxasi ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuboriladi.
16. MSIYUtK 269-moddasining 1-bandiga asosan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishga sud hujjati qabul qilingan paytda mavjud bo‘lgan, lekin arizachiga ma’lum bo‘lmagan va ma’lum bo‘lishi mumkin bo‘lmagan, ish uchun muhim holatlar asos bo‘lishi mumkin.
Ish uchun muhim holat sifatida sud hujjati qabul qilingan paytda mavjud bo‘lgan, lekin arizachiga ma’lum bo‘lmagan va ma’lum bo‘lishi mumkin bo‘lmagan, agar ular haqida ma’lum bo‘lganida boshqacha qaror qabul qilinishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan, sud xulosalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan holatlar tan olinishi mumkin.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan sud muhokamasi davomida o‘z talablari va e’tirozlariga asos sifatida taqdim etilmagan, sud hujjati qabul qilinganidan keyin taqdim etilgan dalillar yangi dalillar hisoblanadi va ular sud hujjatini yangi ochilgan holatlarga ko‘ra qayta ko‘rish uchun asos bo‘la olmaydi, mazkur Plenum qarori 17-bandining to‘rtinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
17. Tushuntirilsinki, MSIYUtK 269-moddasining 2-bandiga asosan ekspertning bila turib yolg‘on xulosa berganligi, guvohning bila turib yolg‘on ko‘rsatuvlar berganligi, bila turib noto‘g‘ri tarjima qilinganligi holatlari sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan va ular mazkur ish bo‘yicha qonunga xilof yoki asoslanmagan sud hujjati qabul qilinishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, 3-bandiga asosan esa ishda ishtirok etuvchi shaxsning yoki uning vakilining yoxud sudyaning mazkur ishni ko‘rish chog‘ida sodir etilgan, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi bilan aniqlangan jinoiy qilmishlari sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ishni qayta ko‘rish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan, ekspertning bila turib bergan yolg‘on xulosasi, guvohning bila turib bergan yolg‘on ko‘rsatuvi, atayin noto‘g‘ri qilingan tarjima, agar ular qonunga xilof yoki asoslanmagan sud hujjati chiqarilishiga olib kelgan bo‘lsa, sud hujjatini qayta ko‘rishga asos bo‘ladi (MSIYUtK 269-moddasining 2-bandi).
Taraflar, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar, ularning vakillarining, sudyalarning ishni ko‘rish va hal qilish bilan bog‘liq sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi bilan aniqlangan jinoyatlari, ushbu holatlar ishning natijasiga ta’sir etgan-etmaganligidan qat’i nazar sud hujjatini qayta ko‘rish uchun asos bo‘ladi (MSIYUtK 269-moddasining 3-bandi).
MSIYUtK 269-moddasining 2 va 3-bandlarida ko‘rsatilgan asoslar jinoyat ishini javobgarlikka tortish muddati o‘tganligi, amnistiya yoki afv etish akti qabul qilinishi, ayblanuvchining vafoti munosabati bilan tugatish haqidagi sudning ajrimi, prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining qarori bilan aniqlangan bo‘lsa, ular sud tomonidan ish uchun muhim ahamiyatga ega deb topilsa, sud hujjatini yangi ochilgan holatlarga ko‘ra qayta ko‘rishga asos bo‘lishi mumkin (MSIYUtK 269-moddasining 1-bandi).
18. Qayta ko‘rilishi so‘ralgan sud hujjatining qabul qilinishiga asos bo‘lgan ma’muriy yoki iqtisodiy sudning, fuqarolik yoki jinoyat ishlari bo‘yicha sudning sud hujjati yoxud boshqa organning hujjati bekor qilinishi (haqiqiy emas deb topilishi), ushbu sud hujjatini yangi ochilgan holatlarga ko‘ra qayta ko‘rishga asos bo‘lishi mumkin.
Boshqa organning hujjati bekor qilinishi deganda ma’muriy organning hujjati uni qabul qilgan organning o‘zi, yuqori turuvchi organ, mansabdor shaxs yoki boshqa ish bo‘yicha chiqarilgan sudning qarori bilan bekor qilinishi yoxud haqiqiy emas deb topilishini tushunish lozim.
19. Ish yuqori instansiya sudining ish yurituvida bo‘lgan vaqtda sud hujjatini yangi ochilgan holat bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish haqida sudga ariza kelib tushsa, tegishlicha yuqori instansiya sudi MSIYUtK 99-moddasining 1-bandiga muvofiq shikoyatni ko‘rib chiqishni sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish haqidagi arizani ko‘rish natijalari olingunga qadar to‘xtatib turadi va ishni ariza kelib tushgan instansiya sudiga yuboradi.
20. Tushuntirilsinki, sud hujjatini yangi ochilgan holatlarga ko‘ra qayta ko‘rish haqidagi arizani ko‘rish natijasi bo‘yicha qabul qilingan ajrim ustidan qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
21. Yuqori instansiya sudi tomonidan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizani qanoatlantirishni rad etish haqidagi ajrim MSIYUtK 269-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjudligi sababli bekor qilingan taqdirda, arizachi yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishni so‘ragan sud hujjati bekor qilinadi va ish tegishli instansiya sudiga mazmunan ko‘rish uchun yuboriladi.
Sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risidagi arizani qanoatlantirish haqidagi ajrim bekor qilingan va arizani rad etish haqida qaror qabul qilinganda, yuqori instansiya sudi tomonidan ayni vaqtda mazkur ish bo‘yicha keyinchalik qabul qilingan yangi sud hujjati ham, unga nisbatan shikoyat (protest) berilgan yoki berilmaganligidan qat’iy nazar, bekor qilinadi.
22. Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari sud hujjatini yangi ochilgan holatlarga ko‘ra qayta ko‘rish bo‘yicha sud amaliyotini muntazam ravishda umumlashtirib borish va bunday arizalar ko‘rilishida sud xatolarining oldini olish yuzasidan choralar ko‘rishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B. ISLAMOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi N. XAKIMOVA
Toshkent sh.,
2025-yil 29-aprel,
9-son