Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Muborak Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida
Yangi Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu gʻoya asosida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar tufayli xalqimiz farovonligini oshirish, koʻpmillatli jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
Bularning barchasi bagʻrikenglik, saxovat va shukronalik timsoli boʻlgan muborak Ramazon oyini mamlakatimizda tinch-totuv, fayzli va shukuhli muhitda oʻtkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Buni el-yurtimiz oʻrtasida insonparvarlik, oʻzaro hurmat va mehr-oqibat, kam taʼminlangan va ehtiyojmand shaxslar, yordamga muhtoj oilalarga eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatish kabi yuksak insoniy fazilatlar ayni kunlarda yanada yaqqol namoyon boʻlayotgani ham tasdiqlaydi.
Ulugʻ ayyom — muqaddas Ramazon hayitini ana shunday xayrli ishlarni izchil davom ettirgan holda har tomonlama munosib kutib olish, oʻtkazish va uning mohiyatida mujassam boʻlgan ezgu qadriyat va anʼanalarni keng targʻib etish maqsadida qaror qilaman:
1. Joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 30-mart — yakshanba kuniga toʻgʻri kelishi haqidagi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinib, mamlakatimizda 2025-yil 30-mart kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:
(a) ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanuvchi Ramazon hayitining birinchi kuni 2025-yilda yakshanba — dam olish kuniga toʻgʻri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 31-mart — dushanba kuniga koʻchirilishi;
(b) bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat koʻrsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari toʻxtatib qoʻyish mumkin boʻlmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari koʻchirilmasligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Ramazon hayitini xalqimizning milliy anʼana va urf-odatlariga uygʻun holda oʻtkazish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
Turizm qoʻmitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Ramazon hayiti kunlarida moʻtabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.
4. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 26-mart,
PQ-124-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2025-y., 07/25/124/0277-son)