O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 24-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 25-yanvarda ma’qullangan
Senat tomonidan 2025-yil 25-yanvarda ma’qullangan
1-modda. “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvoni ta’sis etilsin.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi 176-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 11-aprelda qabul qilingan O‘RQ-473-sonli Qonuni tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 4, 221-modda; 2019-yil, № 9, 589-modda; 2020-yil, № 3, 200-modda, № 5, 299, 300-moddalar, № 6, 334-modda, № 12, 688-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 8, 790-modda; 2024-yil, № 8, 832-modda) 7-moddasining birinchi qismiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi o‘ttiz beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog”;
o‘ttiz beshinchi, o‘ttiz oltinchi va o‘ttiz yettinchi xatboshilari tegishincha o‘ttiz oltinchi, o‘ttiz yettinchi va o‘ttiz sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 26-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini ta’sis etish to‘g‘risida”gi 226-I-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 5-6, 64-modda; 1997-yil, № 2, 64-modda; 1998-yil, № 5-6, 114-modda, № 9, 164-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 12, 688-modda; 2022-yil, № 5, 464-modda; 2024-yil, № 8, 832-modda) quyidagi qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritilsin:
1) 1-modda:
quyidagi mazmundagi o‘ttiz beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog”;
o‘ttiz beshinchi, o‘ttiz oltinchi va o‘ttiz yettinchi xatboshilari tegishincha o‘ttiz oltinchi, o‘ttiz yettinchi va o‘ttiz sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
2) O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari to‘g‘risidagi Nizom “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador” faxriy unvoni to‘g‘risidagi matndan keyin quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvoni mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini rivojlantirish, tabiatni asrab-avaylash, biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash borasida salmoqli natijalarga erishgan, shuningdek ekologik jihatdan toza va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqishda hamda amaliyotga joriy etishda, yashil hududlarni kengaytirishda va ko‘kalamzorlashtirish ishlarida alohida tashabbus ko‘rsatgan, aholining ekologik madaniyatini oshirish, yosh avlodni tabiatga hurmat ruhida tarbiyalash hamda tizimda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash borasida fidokorona mehnat qilayotgan mutaxassis-xodimlarga va soha vakillariga, shuningdek mazkur yo‘nalishda jamoatchilik nazoratini amalga oshirayotgan ekofaollarga beriladi”;
3) O‘zbekiston Respublikasi faxriy unvonlarining ko‘krak nishonlari tavsifi “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador” faxriy unvonining ko‘krak nishoniga oid tavsif matnidan keyin quyidagi mazmundagi matn bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog”
Ko‘krak nishoni diametri 30 millimetrli doira shaklida bo‘ladi va 925 probali kumushdan tayyorlanadi. Nishonning qalinligi 2,2 millimetr.
Nishonning yuz tomoni markazida, ko‘tarilayotgan quyosh nurlari fonida, ikki tomonga ochilgan, asrab-avaylashni ifodalaydigan kaftlar uzra yurtimiz tabiatini aks ettiruvchi vodiy, daryolar va tog‘ cho‘qqilari tasvirlangan.
Nishonning aylanasi bo‘ylab pastki o‘ng qismida dafna novdasi tasvirlangan va yuqori qismida “XIZMAT KO`RSATGAN EKOLOG” degan yozuv joy olgan.
Nishonning orqa tomonida O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan.
Tasvirlar va yozuv qabariq.
Nishonning yuz va orqa tomonlari chekkalari qabariq hoshiya bilan o‘ralgan.
Ko‘krak nishonining ichki qismiga O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i ranglaridagi shoyi lenta sirilgan qadag‘ichga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi.
Qadag‘ichning bo‘yi 16 millimetr, eni 25 millimetr.
Qadag‘ichning orqa tomonida nishonni kiyimga taqib qo‘yish uchun to‘g‘nog‘ich tarzidagi moslama mavjud”.
4-modda. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
6-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 19-mart,
O‘RQ-1048-son

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2025-y., 03/25/1048/0255-son)