Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Xalqaro shartnomani qabul qilish toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq:
1. 2023-yil 18-may kuni Samarqand shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — YETTB) Boshqaruvchilar kengashining yillik yigʻilishi davomida qabul qilingan 259-son va 260-son rezolyutsiyalarga muvofiq Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimning (Parij, 1990-yil 29-may):
1-moddasiga YETTB faoliyati geografik koʻlamini Afrikaning Sahroi Kabirdan janubiy qismida va Iroqda bosqichma-bosqich kengaytirishga ruxsat berish;
12.1-moddasiga YETTBning oddiy operatsiyalari boʻyicha ustav kapitaliga quyilgan cheklovni bekor qilish va YETTB Direktorlar kengashiga kapitalning yetarlilik koʻrsatkichlari boʻyicha cheklovlarni belgilash va muvofiqlashtirish vakolatlarini berish toʻgʻrisidagi tuzatishlar kiritilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. YETTB Boshqaruvchilar Kengashining 2023-yil 18-maydagi 259-son va 260-son rezolyutsiyalari bilan maʼqullangan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimning 1 va 12.1-moddalariga kiritilgan tuzatishlar qabul qilinsin.
3. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ushbu tuzatishlar qabul qilinganligi toʻgʻrisida YETTBga tegishli bildirishnoma yoʻllasin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 6-mart,
PQ-94-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.03.2025-y., 07/25/94/0222-son)