Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq qaror qilaman:
1. 2024-yil 15-sentabrda Samarqand shahrida imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati oʻrtasida migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik toʻgʻrisidagi bitim tasdiqlansin.
2. Ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun:
(a) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi — tashqi mehnat migratsiyasi qismi boʻyicha;
(b) Ichki ishlar vazirligi — readmissiya qismi boʻyicha masʼul boʻlgan vakolatli organlar etib belgilansin.
3. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ushbu xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilgani hamda uni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolatli organlar toʻgʻrisida Germaniya tomoniga tegishli bildirishnoma yuborsin.
4. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin belgilangan tartibda uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 4-mart,
PQ-91-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.03.2025-y., 07/25/91/0215-son)