O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” 2023-yil 23-noyabrdagi 619-son qaroriga o‘zgartirish kiritish haqida
Shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Kuyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida” 2023-yil 23-noyabrdagi 619-son qaroriga o‘zgartirish kiritish haqida” 2024-yil 11-noyabrdagi 326-son qaroriga asosan obyektlarni hududiy inspeksiyalar ro‘yxatidan o‘tkazish hamda shu asosda foydalanishga ruxsat berish ishlari 2024-yil 31-dekabrga qadar uzaytirilganligi;
bugungi kunda respublika buyicha 2 500 dan ortiq obyektda qurilish-montaj ishlari ro‘yxatdan o‘tmasdan amalga oshirilayotganligini;
ayrim hududlarda ijtimoiy, infratuzilma va ishlab chiqarish obyektlari, ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uy-joylar barpo etilganligi hamda ulardan foydalanilayotganligi (aholi yashayotganligi) sababli obyektlarni ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini uzaytirish zarurati yuzaga kelganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining obyektlar loyihalarini belgilangan tartibda kelishmasdan va hududiy inspeksiyalar ro‘yxatidan o‘tkazmasdan, qurilish-montaj ishlari bajarilgan (qisman yoki to‘liq) bino va inshootlar buyicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va xududiy inspeksiyalar ro‘yxatidan o‘tkazish hamda shu asosda foydalanishga ruxsat berish ishlarini 2025-yil 1-iyulga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Shaharsozlik faoliyatida ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yuqotgan deb hisoblash to‘g‘risida” 2023-yil 23-noyabrdagi 619-son qarorining 2-bandidagi “2024-yil 1-dekabrdan” so‘zlari “2025-yil 1-iyuldan” so‘zlari bilan almashtirilsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.J. Ramatov hamda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sh.S. Xidoyatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 24-fevral,
110-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.02.2025-y., 09/25/110/0189-son)