Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 11-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 25-yanvarda maʼqullangan
Senat tomonidan 2025-yil 25-yanvarda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda alkogol va tamaki bozorini tartibga solishga, alkogol va tamaki mahsulotlarining aylanishi sohasidagi davlat nazoratini taʼminlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasining faoliyati takomillashtirilganligi munosabati bilan uning vakolatlarini qonun hujjatlarida aniqlashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi va “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga Inspeksiyaning isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularning ulgurji savdosi sohasida litsenziyalash va xabardor qilish tartib-taomillariga, shuningdek ularning ulgurji savdosiga doir talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi sifatidagi vakolatlarini aniqlashtiruvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqarishga, shuningdek alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosiga doir faoliyatga berilgan litsenziya uchun yillik davlat bojini toʻlash muddati belgilanmoqda.
Shuningdek “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga pivo va pivo ichimliklarining ulgurji savdosiga doir, shuningdek tamaki mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosiga doir faoliyat vakolatli davlat organiga bunday faoliyat boshlanishi toʻgʻrisida xabarnoma yuborish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin ekanligini nazarda tutuvchi norma kiritilmoqda.
Ushbu Qonun alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda ularning savdosi sohasidagi davlat nazorati tizimini takomillashtirishga, alkogol va tamaki mahsulotlari qonunga xilof ravishda aylanishining oldini olishga hamda huquqiy normalarning bir xil qoʻllanilishini taʼminlashga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi OʻRQ-600-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 201-modda, № 5, 298-modda, № 10, 593-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 7, 661-modda, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 76-modda, № 3, 214, 216-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 463, 464, 467-moddalar, № 12, 1186-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 186-modda, № 4, 265, 269-moddalar, № 6, 444, 445-moddalar, № 7, 538-modda, № 9, 710-modda; 2024-yil, № 1, 5, 6, 7-moddalar, № 2, 101, 105, 107, 108, 111, 112-moddalar, № 7, 628-modda, № 8, 819, 823, 831-moddalar, № 9, 958-modda, № 10, 1076, 1079-moddalar) ilovaning 50-bandiga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
Izoh quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Navbatdagi yillik toʻlov litsenziyadan foydalanishning keyingi yili boshlanishidan kamida 30 kun oldin toʻlanadi, keyingi toʻlov belgilangan muddatda toʻlanmagan taqdirda, litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turiladi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-iyulda qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi OʻRQ-701-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 7, 661-modda; 2022-yil, № 4, 340-modda, № 5, 465-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 185-modda, № 7, 533-modda, № 9, 710-modda, № 11, 921, 923-moddalar; 2024-yil, № 1, 5, 7-moddalar, № 2, 105, 112-moddalar, № 7, 628-modda, № 8, 819-modda, № 9, 957, 958-moddalar) quyidagi oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 1-ilova:
9-pozitsiyasining “Litsenziyalash sohasidagi vakolatli organlar” degan ustunidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
10-pozitsiyasining “Litsenziyalash sohasidagi vakolatli organlar” degan ustunidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
11-pozitsiyasining “Litsenziyalash sohasidagi vakolatli organlar” degan ustunidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 3-ilova:
23-pozitsiyasining “Xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organlar” degan ustunidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
231-pozitsiyasining “Xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organlar” degan ustunidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 24-mayda qabul qilingan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi OʻRQ-844-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2023-yil, № 5, 322-modda) quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 8-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisidagi “alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarishni” degan soʻzlar “alkogol va tamaki bozorini” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 21-modda birinchi qismining:
oltinchi xatboshisidagi “(bundan koʻpiklanadigan va tabiiy vinolar mustasno)” degan soʻzlar “(bundan tabiiy va koʻpiklanadigan vinolar mustasno)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
yigirma toʻqqizinchi xatboshisidagi “(bundan pivo mustasno)” degan soʻzlar “(bundan pivo va pivo ichimliklari mustasno)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oʻttizinchi xatboshisidagi “(bundan pivo mustasno)” degan soʻzlar “(bundan pivo va pivo ichimliklari mustasno)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
3) 29-moddaning:
birinchi qismidagi “(bundan tabiiy vinolar va pivo mustasno)” degan soʻzlar “(bundan tabiiy vinolar, pivo va pivo ichimliklari mustasno)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
uchinchi qismi “Pivo” degan soʻzdan keyin “va pivo ichimliklarini” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
4) 30-modda birinchi qismining oʻn uchinchi xatboshisi “aksiz markalari” degan soʻzlardan keyin “(bundan tabiiy va koʻpiklanadigan vinolar, pivo va pivo ichimliklari mustasno)” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
5) 31-moddaning beshinchi qismidagi “(bundan pivo, tabiiy va koʻpiklanadigan vino mustasno)” degan soʻzlar “(bundan tabiiy va koʻpiklanadigan vinolar, pivo va pivo ichimliklari mustasno)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
6) 32-modda:
birinchi qismidagi “(bundan tabiiy va koʻpiklanadigan vinolar mustasno)” degan soʻzlar “(bundan tabiiy va koʻpiklanadigan vinolar, pivo va pivo ichimliklari mustasno)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Pivo va pivo ichimliklarining ulgurji savdosiga doir faoliyat yuridik shaxslar tomonidan Vakolatli davlat organiga mazkur faoliyat boshlanishi toʻgʻrisida xabarnoma yuborish yoʻli bilan amalga oshiriladi”;
ikkinchi — yettinchi qismlari tegishincha uchinchi — sakkizinchi qismlar deb hisoblansin;
uchinchi qismi qoʻyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Alkogol mahsulotlarining chakana savdosiga doir faoliyat va alkogol mahsulotlarini umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan realizatsiya qilishga doir faoliyat yuridik shaxslar tomonidan soliq organlariga mazkur faoliyat boshlanishi toʻgʻrisida xabarnoma yuborish yoʻli bilan amalga oshiriladi”;
7) 33-moddaning uchinchi qismidagi “(bundan pivo mustasno)” degan soʻzlar “(bundan pivo va pivo ichimliklari mustasno)” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
8) 37-modda:
quyidagi mazmundagi yettinchi va sakkizinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Tamaki mahsulotlarining ulgurji savdosiga doir faoliyat Vakolatli davlat organiga mazkur faoliyat boshlanishi toʻgʻrisida xabarnoma yuborish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Tamaki mahsulotlarining chakana savdosiga doir faoliyat soliq organlariga mazkur faoliyat boshlanishi toʻgʻrisida xabarnoma yuborish yoʻli bilan amalga oshiriladi”;
yettinchi — oʻn ikkinchi qismlari tegishincha toʻqqizinchi — oʻn toʻrtinchi qismlar deb hisoblansin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
6-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 20-fevral,
OʻRQ-1034-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.02.2025-y., 03/25/1034/0165-son)