Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 14-yanvarda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 25-yanvarda maʼqullangan
Senat tomonidan 2025-yil 25-yanvarda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish, shuningdek boʻshab qolgan oʻrinlarga saylangan fuqarolar yigʻinlari raislari faoliyati kafolatlarini mustahkamlash zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi va “Fuqarolar yigʻini raisi saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga fuqarolar yigʻini raisi vakolatlari muddati uch yildan besh yilga uzaytirilishini, boʻshab qolgan oʻrinlarga fuqarolar yigʻinlari raislarining besh yil muddatga saylanishini, shuningdek fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalarining vakolatlari aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Mazkur Qonun fuqarolar yigʻinlari raislari faoliyatini hamda fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalar ishini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi 915-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 22-aprelda qabul qilingan OʻRQ-350-sonli Qonuni tahririda) (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 4, 96-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 12, 383-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 7, 431-modda, № 10, 674-modda, № 12, 781-modda; 2019-yil, № 9, 588, 591-moddalar; 2021-yil, 4-songa ilova, № 12, 1194-modda; 2022-yil, № 3, 213-modda, № 6, 570-modda, № 10, 984-modda; 2023-yil, № 4, 265-modda, № 5, 316-modda, № 10, 794-modda; 2024-yil, № 9, 964-modda) 23-moddasining birinchi qismidagi “uch yil muddatga” degan soʻzlar “besh yil muddatga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 15-oktabrda qabul qilingan “Fuqarolar yigʻini raisi saylovi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-499-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 10, 675-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 3, 213-modda; 2023-yil, № 5, 316-modda; 2024-yil, № 9, 964-modda) quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 5-moddaning uchinchi qismidagi “fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashlarning” degan soʻzlar “mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlarining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 8-moddaning matnidagi “uch yilga” degan soʻzlar “besh yilga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
3) 10-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Fuqarolar yigʻini raisi saylovini oʻtkazish muddatlari saylov boshlanishidan kamida ikki oy oldin Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan belgilanadi. Bunda saylov vakolatlari muddati tugagan fuqarolar yigʻini raisi lavozimiga oʻtkaziladi.
Fuqarolar yigʻini raisi sayloviga tayyorgarlik tadbirlarini oʻtkazish muddatlari va tartibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan belgilanadi”;
4) 11-modda chiqarib tashlansin;
5) 12-moddaning:
birinchi qismi “shaharlar komissiyalari” degan soʻzlardan keyin “(bundan buyon matnda komissiyalar deb yuritiladi)” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
beshinchi qismidagi “fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashlarining” degan soʻzlar “mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlarining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
6) quyidagi mazmundagi 121-modda bilan toʻldirilsin:
“121-modda. Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalarining vakolatlari
Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalarining vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazish;
fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi tumanlar va shaharlar komissiyalari faoliyatini muvofiqlashtirish;
fuqarolar yigʻinlari raislari sayloviga doir hujjatlarning namunalarini, shuningdek saylov byulletenlarining namunalari va shakllarini tasdiqlash;
fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi tumanlar va shaharlar komissiyalarining saylovni samarali oʻtkazish uchun zarur boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar bilan taʼminlanishini tashkil etish;
fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini oʻtkazish masalalari yuzasidan aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazish jarayonining ommaviy axborot vositalarida yoritilishini tashkil etish;
fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazish masalalari boʻyicha fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish;
saylov yakunlari toʻgʻrisida tegishli komissiyalar tomonidan taqdim etilgan axborotni umumlashtirish va koʻrib chiqish, bu axborotni keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish”;
7) 13-moddaning:
nomi va birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13-modda. Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi tumanlar va shaharlar komissiyalarining vakolatlari
Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi tumanlar va shaharlar komissiyalari oʻz vakolatlari doirasida”;
yettinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
sakkizinchi — oʻn birinchi xatboshilari tegishincha yettinchi — oʻninchi xatboshilar deb hisoblansin;
sakkizinchi xatboshisidagi “Respublika komissiyasiga” degan soʻzlar “tegishincha fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalariga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
8) 14-moddaning birinchi qismidagi “Fuqarolar yigʻini raisining navbatdagi saylovi” degan soʻzlar “Fuqarolar yigʻini raisi saylovi natijalari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
9) 21-moddaning yettinchi qismi chiqarib tashlansin;
10) 28-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Boʻshab qolgan oʻrinlarga fuqarolar yigʻinlari raislari besh yil muddatga saylanadi”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun amalga kiritilguniga qadar saylangan fuqarolar yigʻinlari raislari oʻz vakolatlarini ular saylangan uch yillik muddat tugaguniga qadar amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 11-fevral,
OʻRQ-1027-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2025-y., 03/25/1027/0132-son)