Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Elektrodvigatelga ega boʻlgan transport vositalari akkumulyator batareyalarini utilizatsiya qilish infratuzilmasini tashkil etish ishlarini moliyalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mamlakatimizda “yashil” texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, elektromobillarning yaroqsiz holga kelib qolgan batareyalarini atrof-muhitga keskin zarar yetkazmagan holda utilizatsiya qilinishini taʼminlash hamda sohada mahalliylashtirish ishlarini yanada jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining mazkur qaror kuchga kirgan kundan eʼtiboran elektrodvigatelga ega boʻlgan transport vositalari (TIF TN kodi 8703 80) (keyingi oʻrinlarda — elektromobillar) nisbatan utilizatsiya yigʻimi miqdorlarini:
ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab 3 yildan ortiq boʻlmagan elektromobillar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 120 baravari;
ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab 3 yildan ortiq boʻlgan elektromobillar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 210 baravari etib belgilash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ushbu qarorda belgilangan utilizatsiya yigʻimlarini yigʻish hamda ulardan samarali foydalanish tartibini ishlab chiqsin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-iyundagi 347-son qarori bilan tasdiqlangan Utilizatsiya yigʻimining miqdorlari va utilizatsiya yigʻimi toʻlanadigan gʻildirakli transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va ularning tirkamalarining turlari va toifalari roʻyxatining “III. M1 toifali transport vositalari, shu jumladan yuqori oʻtuvchan G toifali transport vositalari: yengil avtomobillar” bloki “Elektrodvigatelga ega boʻlgan transport vositalari, gibrid quvvatli transport vositalari bundan mustasno” pozitsiyasi “Transport vositalari, oʻziyurar mashinalar va uskunalarga nisbatan utilizatsiya yigʻimi miqdorlari (BHMda)” ustunidagi “30” va “90” raqamlari tegishlicha “120” va “210” raqamlari bilan almashtirilsin.
4. Mazkur qaror 2025-yil 1-maydan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 31-yanvar,
52-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.02.2025-y., 09/25/52/0105-son)