Norasmiy tarjima
Xalqaro Mehnat Tashkilotining
187-sonli Konvensiyasi
Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga koʻmaklashuvchi asoslar toʻgʻrisida
Muqaddima
Xalqaro mehnat tashkilotining Bosh konferensiyasi,
Xalqaro mehnat byurosining Maʼmuriy kengashi tomonidan Jenevada chaqirilib va 2006-yilning 31-mayida toʻqson beshinchi sessiyasiga toʻplanib,
ishlab chiqarishdagi shikastlanishlar, kasb kasalliklari va ishlab chiqarishda odamlar oʻlimining qamrovi kengligini va ularni qisqartirish maqsadida kelgusida choralar koʻrish zarurligini eʼtirof etib,
umumiy va kasbiy kasalliklar hamda ishlab chiqarishdagi shikastlanish holatlarida ishchilarni himoya qilish Xalqaro mehnat tashkilotining Ustavida nazarda tutilgan vazifalardan biri ekanligini eslatib,
ishlab chiqarishdagi shikastlanishlar, kasbiy kasalliklar va ishlab chiqarishda odamlar oʻlimi iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish samaradorligi va jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatishini eʼtirof etib,
Filadelfiya deklaratsiyasining III-boʻlimi “g” bandiga muvofiq Xalqaro mehnat tashkiloti barcha kasb egalari hayoti va sogʻligʻining zarur darajada himoyasini taʼminlashga qaratilgan dasturlar dunyo mamlakatlari tomonidan qabul qilinishiga koʻmaklashish majburiyatini rasman oʻz zimmasiga olganini taʼkidlab,
XMTning 1998-yilgi Mehnat sohasida asosiy tamoyillar va huquqlar toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi va uni amalga oshirish mexanizmi haqida eslatib,
Xalqaro mehnat tashkilotining 1981-yilgi Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi toʻgʻrisidagi konvensiya (155), 1981-yilgi Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi toʻgʻrisidagi tavsiyasi (164) hamda mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga koʻmaklashuvchi asoslarga taalluqli boshqa hujjatlarini taʼkidlab,
Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga koʻmaklashish Xalqaro mehnat tashkilotining Barcha uchun munosib mehnat dasturining bir qismi ekanligini eslatib,
Xalqaro mehnat konferensiyasining 91-sessiyasida (2003-y.) qabul qilingan global strategiya — XMTning mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasida normativ hujjatlarni ishlab chiqish faoliyati toʻgʻrisidagi xulosa, xususan, milliy dasturlarda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi masalalariga ustuvor ahamiyat berilishini taʼminlash haqida eslatib,
mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasida profilaktika milliy madaniyatini doimiy ravishda rivojlantirish muhimligini taʼkidlab,
sessiya kun tartibining toʻrtinchi bandi boʻlgan mehnat xavfsizligi va gigiyenasi bilan bogʻliq bir qator takliflarni qabul qilishga qaror qilib,
ushbu takliflarga xalqaro konvensiya shaklini berishga qaror qilib,
ikki ming oltinchi yil iyun oyining oʻn beshinchi kunida quyida 2006-yilgi Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga koʻmaklashuvchi asoslar toʻgʻrisidagi konvensiya deb nomlanishi mumkin boʻlgan Konvensiyani qabul qildi:
I BOʻLIM. TAʼRIFLAR
1-modda
Ushbu Konvensiyaga nisbatan:
a) “milliy siyosat” atamasi 1981-yilgi Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi toʻgʻrisidagi konvensiyaning (155) 4-moddasida belgilangan tamoyillarga muvofiq ishlab chiqilgan mehnat xavfsizligi va gigiyenasi hamda ishlab chiqarish muhiti sohasidagi milliy siyosatni anglatadi;
b) “mehnat xavfsizligi va gigiyenasi milliy tizimi” yoki “milliy tizim” atamasi mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi milliy siyosat va milliy dasturlarni amalga oshirish uchun asosiy doirasini nazarda tutadigan infratuzilmani anglatadi;
s) “mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boʻyicha milliy dasturi” yoki “milliy dastur” atamasi belgilangan muddatlarda hal qilinishi kerak boʻlgan vazifalar, mehnat xavfsizligi va gigiyenasini takomillashtirish maqsadida shakllantirilgan ustuvorliklar va harakatlar vositalaridan, shuningdek erishilgan natijalarni baholash vositalaridan iborat boʻlgan har qanday milliy dasturni anglatadi;
d) “mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasida profilaktika milliy madaniyati” atamasi belgilangan huquqlar, masʼuliyat va majburiyatlar tizimi orqali xavfsiz va sogʻlom ishlab chiqarish muhitini taʼminlashda hukumatlar, ish beruvchilar va ishchilar faol ishtirok etganda va profilaktika tamoyillariga eng yuqori ustuvorlik berilganda barcha darajalarda xavfsiz va sogʻlom ishlab chiqarish muhiti huquqiga rioya etiladigan madaniyat tushuniladi.
II BOʻLIM. MAQSAD
2-modda
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilayotgan har bir aʼzo-davlat ish beruvchilar va ishchilarning eng vakillik tashkilotlari bilan maslahatlashuvlar asosida milliy siyosat, milliy tizim va milliy dastur ishlab chiqish orqali ishlab chiqarishdagi shikastlanishlar, kasb kasalliklari va ishlab chiqarishda odamlar oʻlimning oldini olish maqsadida mehnat xavfsizligi va gigiyenasini doimiy ravishda takomillashtirishga yordam beradi.
2. Har bir aʼzo-davlat Xalqaro mehnat tashkilotining hujjatlarida belgilangan, mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga koʻmaklashuvchi asoslar bilan bogʻliq tamoyillarni eʼtiborga olgan holda, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi milliy tizimlar va milliy dasturlar orqali xavfsiz va sogʻlom ishlab chiqarish muhitini bosqichma-bosqich yaratish boʻyicha izchil choralarni koʻradi.
3. Har bir aʼzo-davlat ish beruvchilar va ishchilarning eng vakillik tashkilotlari bilan maslahatlashuvlar asosida mehnat xavfsizligi va gigiyenasi masalalari boʻyicha XMTning tegishli konvensiyalarini ratifikatsiya qilish maqsadida amalga oshirilishi mumkin boʻlgan chora-tadbirlarni vaqti-vaqti bilan koʻrib chiqadi.
III BOʻLIM. MILLIY SIYOSAT
3-modda
1. Har bir aʼzo-davlat milliy siyosatni ishlab chiqish yoʻli bilan xavfsiz va sogʻlom ishlab chiqarish muhitini yaratishga koʻmaklashadi.
2. Har bir aʼzo-davlat barcha tegishli darajalarda ishchilarning xavfsiz va sogʻlom ishlab chiqarish muhitiga boʻlgan huquqini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashadi va intiladi.
3. Oʻz milliy siyosatini ishlab chiqishda har bir aʼzo-davlat oʻzining milliy shart-sharoitlari va amaliyotini hisobga olgan holda, shuningdek, ish beruvchilar va ishchilarning eng vakillik tashkilotlari bilan maslahatlashuvlar asosida kasbiy xavf yoki tahlikalarni baholash; kasbiy xavf yoki tahlikalarning yuzaga kelishi bilan kurashish; axborotlar, tavsiyalar va tayyorgarlikni oʻz ichiga olgan mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi milliy profilaktika madaniyatini rivojlantirish kabi asosiy prinsiplarga koʻmaklashadi.
IV BOʻLIM. MILLIY TIZIM
4-modda
1. Har bir aʼzo-davlat ish beruvchilar va ishchilarning eng vakillik tashkilotlari bilan maslahatlashuvlar asosida mehnat xavfsizligi va gigiyenasi milliy tizimini yaratadi, qoʻllab-quvvatlaydi, bosqichma-bosqich rivojlantiradi va vaqti-vaqti bilan qayta koʻrib chiqadi.
2. Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi milliy tizimi boshqa jihatlar bilan bir qatorda quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) qonun hujjatlari va normativ-huquqiy hujjatlar, jamoa shartnomalari, tegishli hollarda, mehnat xavfsizligi va gigiyenasi boy'icha tegishli boshqa har qanday hujjatlar;
b) milliy qonun hujjatlari va amaliyotga muvofiq tashkil etilgan mehnat xavfsizligi va gigiyenasi masalalari boʻyicha masʼul boʻlgan organ yoki idora yoxud organlar yoki idoralar;
s) milliy qonun hujjatlari va normativ-huquqiy hujjatlarga amal qilinishini taʼminlash mexanizmlari, shu jumladan inspeksiya tizimlari;
d) ishlab chiqarishda profilaktika choralarining asosiy elementi sifatida korxona darajasida uning rahbariyati, xodimlar va ularning vakillari oʻrtasida hamkorlikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar.
3. Mehnat xavfsizligi va gigiyenasi milliy tizimi tegishli hollarda quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) mehnat xavfsizligi va gigiyenasi bilan shugʻullanadigan milliy uch tomonlama maslahat organi yoki organlari;
b) mehnat xavfsizligi va gigiyenasi masalalari boʻyicha axborot va maslahat xizmatlari;
s) mehnat xavfsizligi va gigiyenasi masalalari boʻyicha kasbiy tayyorgarlik;
d) milliy qonun hujjatlari va amaliyotga muvofiq mehnat gigiyenasi xizmatlari;
e) mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari;
f) XMTning tegishli hujjatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqarishdagi shikastlanishlar va kasbiy kasalliklar holatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish va tahlil qilishga imkon beradigan mexanizm;
g) ishlab chiqarishdagi shikastlanishlar va kasbiy kasalliklar holatlarini qamrab oladigan sugʻurtalash yoki ijtimoiy taʼminotga doir tegishli tizimlar bilan hamkorlik qilishni nazarda tutuvchi qoidalar;
h) mikrokorxonalarda, shuningdek, kichik va oʻrta korxonalarda va norasmiy iqtisodiyotda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasida sharoitlarni bosqichma-bosqich yaxshilashga qaratilgan yordamchi mexanizmlar.
V BOʻLIM. MILLIY DASTUR
5-modda
1. Har bir aʼzo-davlat ish beruvchilar va ishchilarning eng vakillik tashkilotlari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazish yoʻli bilan mehnat xavfsizligi va gigiyenasi milliy dasturini ishlab chiqadi, amalga oshiradi, amalga oshirilishini kuzatadi, baholaydi va vaqti-vaqti bilan qayta koʻrib chiqadi.
2. Milliy dastur:
a) mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasida profilaktika milliy madaniyatining rivojlanishiga koʻmaklashadi;
b) ishlab chiqarishdagi shikastlanishlar, kasbiy kasalliklar va ishlab chiqarishda odamlar oʻlimining oldini olish hamda ish joyida mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga koʻmaklashish maqsadida milliy qonun hujjatlari va amaliyotga muvofiq ishlab chiqarishdagi xavf-xatarlarni amaliy jihatdan imkon qadar bartaraf etish yoki kamaytirish orqali ishchilarni himoya qilishga hissa qoʻshadi;
s) mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi milliy vaziyatni, shu jumladan mehnat xavfsizligi va gigiyenasi milliy tizimini tahlil qilish asosida ishlab chiqiladi va qayta koʻrib chiqiladi;
d) vazifalar, maqsadlar va unumdorlik koʻrsatkichlarini oʻz ichiga oladi;
e) xavfsiz va sogʻlom ishlab chiqarish muhitini bosqichma-bosqich taʼminlashga koʻmaklashadigan boshqa qoʻshimcha milliy dasturlar va rejalar bilan imkon qadar mustahkamlanadi.
3. Milliy dastur keng miqyosda eʼlon qilinadi va iloji boricha davlat hokimiyatining yuqori turuvchi organlari tomonidan tasdiqlanadi va amalga tatbiq etiladi.
VI BOʻLIM. YAKUNIY QOIDALAR
6-modda
Ushbu Konvensiya boshqa hech qanday xalqaro mehnat konvensiyasi va tavsiyasini qayta koʻrib chiqmaydi.
7-modda
Mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi rasmiy hujjatlar roʻyxatga olish uchun Xalqaro mehnat byurosi Bosh direktoriga yuboriladi.
8-modda
1. Mazkur Konvensiya faqat ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan roʻyxatga olingan Tashkilot aʼzolarini birlashtiradi.
2. Ushbu Konvensiya Tashkilot ikki aʼzosini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlari Bosh direktor tomonidan roʻyxatga olingan sanadan keyin oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
3. Keyinchalik ushbu Konvensiya Tashkilotni har bir aʼzosi uchun uning ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjati roʻyxatga olingan sanadan oʻn ikki oy oʻtgach kuchga kiradi.
9-modda
1. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning biron-bir aʼzosi, Konvensiya dastlab kuchga kirgan paytdan boshlab oʻn yillik davr tugaganidan keyin Xalqaro mehnat byurosining Bosh direktoriga roʻyxatga olish uchun yuborilgan denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjat orqali Konvensiyani denonsatsiya qilishi mumkin. Denonsatsiya Xalqaro mehnat byurosida denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjat roʻyxatga olinganidan keyin bir yil oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan Tashkilotning har bir aʼzosi, yuqoridagi bandda qayd etilgan oʻn yillik muddat oʻtganidan keyin bir yil ichida mazkur moddada koʻzda tutilgan denonsatsiya huquqidan foydalanmagan boʻlsa, navbatdagi oʻn yillik muddatni kutishga majbur boʻladi va shunga koʻra, u bu modda shartlariga binoan ushbu Konvensiyani har oʻn yillik muddat tugashi bilan denonsatsiya qilishi mumkin.
10-modda
1. Xalqaro mehnat byurosi Bosh direktori Tashkilot aʼzolari tomonidan yuborilgan barcha ratifikatsiya qilish, bayonot va denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlarini roʻyxatga olganligi haqida Xalqaro mehnat tashkilotining barcha aʼzolariga xabar beradi.
2. Bosh direktor Tashkilot aʼzolarini u tomonidan qabul qilingan ikkinchi ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjat roʻyxatga olingani haqida xabardor qilgan holda, ularning eʼtiborini ushbu Konvensiyaning kuchga kirgan sanasiga qaratadi.
11-modda
Xalqaro mehnat byurosi Bosh direktori, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining 102-moddasiga muvofiq, yuqoridagi moddalar qoidalariga binoan oʻzi roʻyxatga olgan barcha ratifikatsiya qilish, bayonot va denonsatsiya qilish toʻgʻrisidagi hujjatlarga oid toʻla maʼlumotlarni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga roʻyxatga olish uchun yuboradi.
12-modda
Xalqaro mehnat byurosi Maʼmuriy kengashi zarur deb topganda, Bosh konferensiyaga ushbu Konvensiyaning qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi maʼruzani taqdim etadi va uni toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqish haqidagi masalani Konferensiya kun tartibiga kiritish yoki kiritmaslikni hal qiladi.
13-modda
1. Agar Konferensiya mazkur Konvensiyani toʻla yoki qisman qayta koʻrib chiqadigan yangi konvensiya qabul qilsa va yangi konvensiyada zid keluvchi qoidalar mavjud boʻlmasa, u holda:
a) Tashkilotning biror aʼzosi tomonidan qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi 9-modda qoidalaridan qatʼi nazar, mazkur Konvensiyaning zudlik bilan denonsatsiya qilinishiga olib keladi, bunda qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan boʻlishi kerak;
b) qayta koʻrib chiqilgan yangi konvensiya kuchga kirgan sanadan eʼtiboran, mazkur Konvensiya Tashkilot aʼzolari tomonidan ratifikatsiya qilinishi uchun yopiq.
2. Mazkur Konvensiya, har qanday holatda ham, uni ratifikatsiya qilgan, biroq qayta koʻrib chiqilayotgan yangi konvensiyani ratifikatsiya qilmagan Tashkilot aʼzolariga nisbatan shakli va mazmuni boʻyicha oʻz kuchida qoladi.
14-modda
Ushbu Konvensiyaning ingliz va fransuz tilidagi matnlari bir xil kuchga ega.
(Imzolar)