O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
“Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 17-sentabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 21-dekabrda ma’qullangan
Senat tomonidan 2024-yil 21-dekabrda ma’qullangan
Keyingi yillarda tadbirkorlik subyektlari va boshqa yuridik shaxslar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishga, ular faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga, shuningdek sug‘urta xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga tadbirkorlik subyektlari va boshqa yuridik shaxslar ma’muriy-hududiy birliklarning chegaralari o‘zgartirilishi yoki yangi ma’muriy-hududiy birliklar tuzilishi natijasida qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat bojini to‘lashga majbur bo‘lmoqda va bu ularning faoliyatida qo‘shimcha xarajatlarga olib kelmoqda. Bundan tashqari sug‘urta qildiruvchilar tomonidan majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar bilan sudlarga murojaat qilinganda ulardan davlat boji undirilishi qo‘shimcha moliyaviy xarajatlarga olib kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ma’muriy-hududiy birliklar tuzilganligi yoki tugatilganligi, ularning chegaralari yoki bo‘ysunuvi o‘zgartirilganligi natijasida tadbirkorlik subyektlarining va boshqa yuridik shaxslarning joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgarganda ular qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat bojini to‘lashdan ozod etilishini, shuningdek sug‘urta qildiruvchilar majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun tadbirkorlik subyektlarining va boshqa yuridik shaxslarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy choralarini kuchaytirishga, ularning faoliyatida ortiqcha xarajatlarning oldini olishga, shuningdek sug‘urta xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘RQ-600-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 201-modda, № 5, 298-modda, № 10, 593-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 7, 661-modda, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 76-modda, № 3, 214, 216-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 463, 464, 467-moddalar, № 12, 1186-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 186-modda, № 4, 265, 269-moddalar, № 6, 444, 445-moddalar, № 7, 538-modda, № 9, 710-modda; 2024-yil, № 1, 5, 6, 7-moddalar, № 2, 101, 105, 107, 108, 111, 112-moddalar, № 7, 628-modda, № 8, 819, 823, 831-moddalar) quyidagi qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritilsin:
1) 8-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi 221-band bilan to‘ldirilsin:
“221) sug‘urta qildiruvchilar (sug‘urtalangan shaxslar, naf oluvchilar, jabrlanuvchilar) — majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar yuzasidan”;
2) 9-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi 61-band bilan to‘ldirilsin:
“61) sug‘urta qildiruvchilar (sug‘urtalangan shaxslar, naf oluvchilar, jabrlanuvchilar) — majburiy sug‘urta shartnomalaridan kelib chiqadigan da’volar yuzasidan”;
3) 15-modda:
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Ma’muriy-hududiy birliklar tuzilganligi yoki tugatilganligi, ularning chegaralari yoki bo‘ysunuvi o‘zgarganligi natijasida tadbirkorlik subyektlarining va boshqa yuridik shaxslarning joylashgan yeri (pochta manzili) o‘zgarganda ularni qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazganlik uchun davlat boji undirilmaydi”;
uchinchi — yettinchi qismlari tegishincha to‘rtinchi — sakkizinchi qismlar deb hisoblansin.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 13-yanvar,
O‘RQ-1018-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.01.2025-y., 03/25/1018/0032-son)