Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Kungaboqar urugʻini yetishtiruvchilarning eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda kungaboqar urugʻlarini eksport qilishda biznes muhitini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-maydagi “Isteʼmol bozorlarida narxlar barqarorligini taʼminlashga va monopoliyaga qarshi choralarning taʼsirchanligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-145-son Farmoni bilan Vazirlar Mahkamasiga kungaboqar urugʻlarining ichki bozorda yetarli hajmi mavjud boʻlgan taqdirda, ushbu tovarlar eksportini qayta tiklash huquqi berilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlarga, ularning tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar, 2024-yil 20-dekabrdan boshlab kungaboqar urugʻlarini (TIF TN kodi 1206 00 990 0 oq kungaboqar, TIF TN kodi 1206 00 910 0 oq chiziqlar bilan kulrang qobiqda kungaboqar) Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishga (eksport qilishga) ruxsat berilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Koʻchqorov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 24-dekabr,
882-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2024-y., 09/24/882/1070-son)