Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida jismoniy tarbiya fani oʻqitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan oʻqituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida jismoniy tarbiya fani oʻqitilishini tubdan takomillashtirish va jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi samaradorligini taʼminlash, ularning kasbiy va jismoniy mahoratini muntazam oshirib borishni yoʻlga qoʻyish maqsadida:
1. Quyidagilar umumiy oʻrta taʼlim maktablarida (keyingi oʻrinlarda — maktablar) jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishni tashkil etishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari uchun oʻquv-metodik qoʻllanmalar ishlab chiqish;
Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan hamkorlikda jismoniy tarbiya oʻqituvchilarining kasbiy mahorati va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv dasturlarini takomillashtirish;
jismoniy tarbiya oʻqituvchilari tarkibiga mahoratli sportchilarni jalb etish;
jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga malaka toifasi berishning yangi tartibini ishlab chiqish;
oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida maktab sport klublari faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini aniqlash boʻyicha milliy baholash tizimini ishlab chiqish;
maktablarda oʻquvchilarning sport musobaqalaridagi ishtiroki, maktab sport klublarining faoliyati, oʻquvchilarning sport bilan qamrab olinganlik darajasini aniqlash yuzasidan reyting tizimini joriy etish;
sport turlari boʻyicha yaxshi natijalarga erishgan oʻquvchilardan iborat jamoalarni shakllantirgan holda xalqaro musobaqalarda ishtirok etishini taʼminlash.
2. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova):
a) 2025-yil 1-martga qadar boshlangʻich, oʻrta va yuqori sinf oʻquvchilari yosh toifasi boʻyicha harakatli oʻyinlar, olimpiya va ommaviy sport turlariga ustuvorlik berish orqali sport turlari roʻyxatini shakllantirilishini;
b) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab davlat taʼlim standartlari asosida 5 — 11-sinflar jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari uchun oʻquv-metodik qoʻllanmalar ishlab chiqilishini;
v) Sport vazirligi (A. Ikramov) bilan birgalikda 2025-yil 1-iyunga qadar maktab oʻquvchilarining sport musobaqalaridagi ishtiroki, maktab sport klublarining faoliyati, oʻquvchilarni sportga qamrab olinganlik darajasini aniqlash yuzasidan reyting tizimi ishlab chiqilishini taʼminlasin.
Bunda:
maktablarda, ustuvor ravishda, Olimpiya oʻyinlari dasturiga kirgan sport turlarining rivojlanganligi, oʻquvchilarning turli sport musobaqalarda qoʻlga kiritgan yutuqlari hamda ularning sport bilan qamrab olinganligi, maktab sport klublari faoliyatining samarali yoʻlga qoʻyilganligiga alohida eʼtibor qaratiladi;
reyting natijalariga koʻra maktablarning eng yaxshi natijaga erishgan jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Sport vazirligining tarmoq mukofotlari bilan taqdirlanadi.
3. 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida har bir maktabda bosqichma-bosqich maktab sport klublari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Quyidagilar maktab sport klublarining asosiy vazifalari etib belgilanadi:
jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari tarkibini yuqori mahoratli sportchilar orasidan tanlov asosida shakllantirib borish;
oʻquvchilar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish hamda jismoniy tarbiya va sportni keng targʻib qilish, ularning muntazam ravishda jismoniy tarbiya bilan shugʻullanishlari uchun shart-sharoitlar yaratish;
sport turlari boʻyicha oʻquvchilardan iborat jamoalarni shakllantirish, ular oʻrtasida turli sport musobaqalari va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini, xususan “maktab chempionati”ni tashkil etish orqali isteʼdodli yosh sportchilarni aniqlash;
jismoniy tarbiya oʻqituvchilarini jalb qilgan holda oʻquvchilar orasidan isteʼdodli yoshlarni saralab olish (seleksiya) hamda sport maktablari sport zaxirasini shakllantirish;
maktab sport klubi mashgʻulotlari jarayoniga jamoatchilik asosida malakali trenerlar va mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, ilgʻor tajribani joriy qilish.
4. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova):
a) Jizzax viloyati hokimligi (E. Saliyev) bilan birgalikda 2025-yil 1-mayga qadar maktab sport klublari aʼzolari uchun Zomin tumani “Lochin” dam olish maskanida oʻquvchilarni sport musobaqalariga tayyorlash bazasini tashkil etsin;
b) Sport vazirligi (A. Ikramov) bilan birgalikda uch oy muddatda jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilariga malaka toifalari berishning yangi tartibini ishlab chiqsin.
Bunda malaka toifasini berish quyidagi ikki bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqich — Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlari;
ikkinchi bosqich — Sport vazirligi tomonidan belgilangan sport maktablarida tashkil etiladigan amaliy imtihon.
5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov), Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova), Sport vazirligi (A. Ikramov), Bilim va malakalarni baholash agentligi (M. Karimov) 2025-yil 1-iyulga qadar jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini aniqlash boʻyicha milliy baholash tizimini ishlab chiqsin va amaliyotga joriy etish chorasini koʻrsin.
6. Sport vazirligi (A. Ikramov):
a) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova) bilan birgalikda 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab har yili anʼanaviy tarzda maktablar oʻquvchilari oʻrtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarini tashkil etib borsin.
Bunda sportning mini-futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, shashka, stol tennisi, stritbol, vorkaut turlari boʻyicha ommaviy sport musobaqalari quyidagi uch bosqichda oʻtkaziladi:
birinchi bosqichda — sinflararo maktab bosqichi musobaqalari;
ikkinchi bosqichda — maktablararo tuman (shahar) musobaqalari;
uchinchi bosqichda — tuman (shahar) musobaqalarida gʻolib boʻlgan maktab jamoalari oʻrtasida hududiy musobaqalar.
“Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalarini oʻtkazish har yili ushbu maqsadlar uchun Sport vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi;
b) har oʻquv yili yakunida oʻquvchilarning sinflar boʻyicha jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash tizimini yoʻlga qoʻysin;
v) uch oy muddatda ommaviy sport turlari boʻyicha trener-seleksioner hamda jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari hamkorligida oʻquvchilar orasidan seleksiya ishlarini amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqsin;
g) Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilarining bilim, koʻnikma va malakalarini kasbiy faoliyatga muvofiqlashtirish hamda jismoniy tarbiya darslarini tashkil etishning zamonaviy innovatsion texnologiyalari, oʻqitishning samarali shakllari va usullaridan foydalangan holda ilgʻor xorijiy tajribalaridan kelib chiqib, uzluksiz kasbiy mahorati va malakasini oshirib borishni yoʻlga qoʻysin.
7. Belgilansinki:
maktab sport klublari faoliyati oʻquvchilarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, sport musobaqalarini tizimli oʻtkazib borish, iqtidorli yoshlarni saralab olish orqali sport maktablari zaxirasini yaratishga yoʻnaltiriladi;
maktab sport klublarida oʻquvchilarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, sport musobaqalarini tizimli oʻtkazib borish va iqtidorli yoshlarni saralab olishni tashkil qilish vazifalari jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari zimmasiga yuklanadi;
yuqori natijaga erishgan maktab sport klublari aʼzolari uchun davlat sport taʼlim muassasalarida nufuzli xalqaro sport musobaqalari gʻolib va sovrindorlari ishtirokida amaliy mahorat mashgʻulotlari tashkil etib boriladi;
eng yaxshi natijaga erishgan maktab sport klublari aʼzolari uchun Bahodir Jalolov, Oksana Chusovitina nomidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablari va yurtimizdagi yirik sport majmualarida mahorat mashgʻulotlari tashkil etiladi.
8. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov) va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Djurabayev)ga Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Sport vazirligi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, tematik telekoʻrsatuvlar tayyorlash tavsiya etilsin.
9. Belgilansinki, mazkur qaror ijrosini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish 2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Sport vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2026-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
10. Sport vazirligi (A. Ikramov), Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri X.U. Umarova hamda sport vaziri A.I. Ikramov belgilansin.
12. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 15-noyabr,
PQ-392-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.11.2024-y., 07/24/392/0932-son)