O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida musiqa madaniyati fani o‘qitilishini tubdan takomillashtirish hamda ushbu fan o‘qituvchilarining kasbiy faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mamlakatimizda bolalarni vatanparvarlik hamda milliy an’analarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, zamonaviy bilim va tajriba, ezgu fazilatlar egasi bo‘lgan insonlar etib voyaga yetkazish bilan bir qatorda ularni madaniyat va san’at sohasiga qamrab olish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga bolalarni madaniyat va san’atga keng jalb qilish, ular bilan tizimli ishlash, madaniyat va san’at muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish borasida qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish zarurati mavjud.
O‘quvchilarni musiqa va san’atga keng jalb etish va ularning iqtidorini ro‘yobga chiqarish uchun bolalar musiqa va san’at maktablari hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablari integratsiyasini yo‘lga qo‘yish maqsadida:
1. Quyidagilar umumiy o‘rta ta’lim maktablarida (keyingi o‘rinlarda — maktablar) musiqa madaniyati fanini rivojlantirishning asosiy vazifalari etib belgilansin:
musiqa madaniyati fani o‘qituvchilari uchun o‘quv qo‘llanmalarini ishlab chiqish;
o‘qituvchilar malakasini oshirishning yangi tartibini joriy etish;
o‘qituvchilarga malaka toifasini berish mexanizmini qayta ko‘rib chiqish;
musiqa madaniyati fani o‘qituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini aniqlash bo‘yicha milliy baholash tizimini yo‘lga qo‘yish;
madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini maktablarga ishga qabul qilish tizimini soddalashtirish.
2. Belgilansinki:
a) 2025-yil 1-martdan boshlab musiqa madaniyati fani o‘qituvchilari uchun nazariya va amaliyot uyg‘unlashtirilgan holda malaka oshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda malaka oshirish ta’lim dasturining nazariy qismi A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar pedagogik mahorat markazlarida (keyingi o‘rinlarda — markazlar), amaliy (ijodiy) qismi bolalar musiqa va san’at maktablarida tashkil etiladi va markazlarga ishga qabul qilinadigan musiqa madaniyati fani o‘qituvchilari mehnatiga soatbay asosda ish haqi to‘lanadi;
b) 2025-yil 1-sentabrdan boshlab:
bolalar musiqa va san’at maktablarining belgilangan o‘quv dasturlarini to‘liq yakunlagan, 11-sinfni tugatgan umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega bo‘lgan bitiruvchilarga “Barkamol avlod” bolalar maktablarida to‘garak rahbari sifatida ishlash huquqi beriladi;
madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarning o‘quv dasturi doirasida psixologiya va pedagogika fanlarini o‘rgangan musiqa yo‘nalishi bitiruvchilariga maktablarda musiqa madaniyati fanini o‘qitishga ruxsat beriladi.
Bunda musiqa madaniyati fani o‘qituvchilariga milliy cholg‘u asboblaridan kamida 1 tasini ijro etish ko‘nikmasiga ega bo‘lish talabi qo‘yiladi;
v) madaniyat va san’at yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bitiruv oldi amaliyoti kelishuv asosida maktablarda tashkil etiladi.
3. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov), Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (X. Umarova), Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov), Bilim va malakalarni baholash agentligi (M. Karimov):
2025/2026 o‘quv yiliga qadar musiqa madaniyati fani o‘qituvchilarining bilim darajasi va kasbiy mahoratini aniqlash bo‘yicha milliy baholash tizimini ishlab chiqsin va amaliyotga joriy etish choralarini ko‘rsin;
2025/2026 o‘quv yilidan boshlab madaniyat yo‘nalishida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalarida psixologiya va pedagogika fanlarini o‘qitish amaliyotini joriy qilsin.
4. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov):
a) Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (X. Umarova) bilan hamkorlikda 2025-yil 1-apreldan boshlab “Turon” maktab teatrining ijobiy tajribasi asosida maktablarda “Iqtidor” badiiy havaskorlik jamoalarini tashkil etib, jamoalar o‘rtasida “Iqtidor maktab ansambli” respublika tanlovini (keyingi o‘rinlarda — tanlov) o‘tkazsin.
Bunda:
tanlov har yili milliy va jahon musiqasi yo‘nalishlari bo‘yicha maktablarning badiiy havaskorlik jamoalari o‘rtasida o‘tkaziladi;
tanlovning respublika bosqichi g‘oliblari xorijiy davlatlarga ta’lim sayohatiga yuboriladi.
Tanlovning respublika bosqichini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi;
b) ikki oy muddatda:
maktablarda darsdan tashqari tashkil etilgan “Iqtidor” badiiy havaskorlik jamoalari uchun 7 turdagi milliy musiqa cholg‘ularida kuy ijro etishni o‘rgatish bo‘yicha qo‘shimcha adabiyotlar, notalar va videodarslar ishlab chiqsin;
tuman (shahar)larda bolalar musiqa va san’at maktablari hamda milliy va zamonaviy cholg‘u ansambllarining hisobot konsertlari budjetdan tashqari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan yo‘lga qo‘yilishini ta’minlasin;
har yili madaniyat va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari ro‘yxatini shakllantirsin hamda vazirlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilib borsin;
bolalar musiqa va san’at maktablari maktablarning musiqa madaniyati fani o‘qituvchilariga uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tayanch ta’lim muassasalari sifatida belgilasin. Bunda:
bolalar musiqa va san’at maktablari o‘qituvchilari maktablarning musiqa madaniyati fani o‘qituvchilariga uslubiy yordam ko‘rsatib boradi;
o‘qituvchilarning musiqa cholg‘ularida ijro etish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha mahorat saboqlari tashkil etiladi;
v) o‘quvchilar orasidan iqtidorli bolalarni tanlab olish, ularni madaniyat va san’at sohasidagi ta’lim tashkilotlariga maqsadli yo‘naltirish uchun Madaniyat vazirligi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan madaniyat va san’at maktablari, bolalar musiqa va san’at maktablari tomonidan maktablarda targ‘ibot va tashviqot ishlari amalga oshirilishini ta’minlasin.
5. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (X. Umarova) Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov) bilan birgalikda uch oy muddatda musiqa madaniyati fani o‘qituvchilariga malaka toifalarini berish tartibini ishlab chiqsin.
Bunda malaka toifalarini berish 2 bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqich — Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlari;
ikkinchi bosqich — Madaniyat vazirligi tomonidan belgilangan bolalar musiqa va san’at maktablarida tashkil etiladigan amaliy (ijodiy) imtihon.
6. Belgilansinki, mazkur qaror ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish 2025-yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Madaniyat vazirligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi, 2026-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
7. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov), Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (X. Umarova) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib maktabgacha va maktab ta’limi vaziri X.U. Umarova hamda madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov belgilansin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 15-noyabr,
PQ-391-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.11.2024-y., 07/24/391/0931-son)