Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kommunal toʻlovlarni sud orqali undirishda qulayliklar yaratishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 2-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 28-avgustda maʼqullangan
Senat tomonidan 2024-yil 28-avgustda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda aholini uy-joy bilan taʼminlash va uy-joyni saqlash boʻyicha sifatli xizmatlar koʻrsatilishini tashkil etish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek koʻp kvartirali uylarni boshqaruvchi tashkilotlar xamda uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan xizmatlar koʻrsatilishida barqarorlikni taʼminlash maqsadida aholiga koʻrsatiladigan xizmatlar uchun majburiy badallar va toʻlovlarning oʻz vaqtida toʻlab borilishini taʼminlash zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga koʻp kvartirali uyning joylari mulkdorlaridan majburiy badallar va toʻlovlarni undirish boʻyicha sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi ariza bilan fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat etilganda arizaga ilova qilinishi zarur boʻlgan hujjatlar roʻyxatini belgilashni nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari oʻzlari koʻrsatgan xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikni undirish haqidagi daʼvolar, arizalar va shikoyatlar bilan fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarga xamda iqtisodiy sudlarga murojaat qilishda oldindan davlat bojini toʻlashdan ozod qilinishini, ularning talablarini qanoatlantirish toʻliq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji ushbu shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undirilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishni soʻrab sudga murojaat qilish huquqi kafolatlarini yanada kuchaytirishga, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 22-yanvarda qabul qilingan OʻRQ-460-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, 1-songa 1-ilova, № 10, 672-modda; 2019-yil, № 3, 166-modda, № 5, 261-modda, № 9, 592-modda, № 10, 671-modda, № 11, 791, 792-moddalar, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 1, 1, 3-moddalar, № 3, 198, 199-moddalar, 2021-yil, № 1, 8-modda, 4-songa ilova, № 8, 803-modda, № 9, 903-modda; 2022-yil, № 3, 216-modda, № 8, 787-modda; 2023-yil, № 4, 269-modda, № 12, 1007-modda; 2024-yil, № 2, 115-modda) 173-moddasi kuyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Koʻp kvartirali uyning joylari mulkdorlaridan majburiy badallar va toʻlovlarni undirish haqida talab arz qilinganda sud buyrugʻini berish toʻgʻrisidagi arizaga kuyidagilar ham ilova qilinadi:
1) koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlari umumiy yigʻilishining koʻp kvartirali uyni boshqarish usulini tanlash toʻgʻrisidagi qarori koʻchirma nusxasi;
2) koʻp kvartirali uyni boshqarish koʻp kvartirali uyni boshqarish organi tomonidan shartnoma asosida amalga oshirilgan taqdirda — koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasining koʻchirma nusxasi;
3) qarz yuzaga kelgan davr koʻrsatilgan qarz hisob-kitobi;
4) qarzni uzish toʻgʻrisidagi talabning qarzdorga topshirilganligini tasdiqlovchi maʼlumotlar”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi OʻRQ-600-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 201-modda, № 5, 298-modda, № 10, 593-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 7, 661-modda, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 76-modda, № 3, 214, 216-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 463, 464, 467-moddalar, № 12, 1186-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 186-modda, № 4, 265, 269-moddalar, № 6, 444, 445-moddalar, № 7, 538-modda, № 9, 710-modda; 2024-yil, № 1, 5, 6, 7-moddalar, № 2, 101, 105, 107, 108, 111, 112-moddalar) kuyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 8-moddaning:
birinchi qismi kuyidagi mazmundagi 132-band bilan toʻldirilsin:
“132) koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari — koʻrsatilgan xizmatlar uchun majburiy badallar yoki toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar, arizalar va shikoyatlar bilan sudga murojaat qilganda”;
ikkinchi qismidagi “10, 14, 33 — 36-bandlarida” degan soʻzlar “10, 132, 14, 33 — 36-bandlarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) 9-moddaning:
birinchi qismi kuyidagi mazmundagi 143-band bilan toʻldirilsin:
“143) koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari — koʻrsatilgan xizmatlar uchun majburiy badallar yoki toʻlovlar boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar, arizalar va shikoyatlar bilan sudga murojaat qilganda”;
ikkinchi qismidagi “2, 20 va 21-bandlarida” degan soʻzlar “2, 143, 20 va 21-bandlarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 7-noyabr,
OʻRQ-993-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.11.2024-y., 03/24/993/0903-son)