Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va sotish ustidan davlat nazoratini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, spirt, alkogolli mahsulotlar va aksiz soligʻi solinadigan tovarlarning boshqa turlarini ishlab chiqarish va sotishni tartibga solish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan jiddiy nuqsonlar va kamchiliklar mavjud. Oʻtkazilgan tekshirishlar spirt, alkogolli mahsulotlarni yashirin ishlab chiqarish, ularning noqonuniy aylanishi holatlariga barham berilmaganligini koʻrsatmoqda. Ishlab chiqarilayotgan va sotilayotgan mahsulotning sifati belgilangan texnik shartlar va standartlarga muvofiq emas. Alkogolli mahsulotlar va aksiz soligʻi solinadigan boshqa mahsulotlar savdo qoidalari qoʻpol ravishda buzilgan holda sotilmoqda.
Moliya vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” xolding kompaniyasi etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarayotgan korxonalar faoliyati ustidan zarur nazoratni taʼminlamayapti, buning natijasida hisobga olinmagan mahsulot ishlab chiqarish va sotishning, budjet va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga mablagʻlarning tegishli ravishda toʻliq tushmasligining koʻplab holatlari aniqlandi.
Spirt va alkogolli mahsulotlarning respublikaga kontrabanda yoʻli bilan olib kelinishi va sotilishiga barham berish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan nihoyatda qoniqarsiz ish olib borilmoqda.
Bularning barchasi davlatning manfaatlariga sezilarli iqtisodiy zarar yetkazmoqda, kishilarning salomatligini xavf ostiga qoʻymoqda, isteʼmolchilarning huquqlarini kamsitmoqda.
Isteʼmolchilarning huquqlari himoya qilinishini kuchaytirish, alkogolli mahsulotlar noqonuniy ishlab chiqarilishi, sifatsiz va kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan alkogolli mahsulotlar sotilishiga yoʻl qoʻyilmasligi uchun nazoratni kuchaytirish, budjetga daromadlar toʻliq tushushini taʼminlash va oʻzaro hisob-kitoblarni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Moliya vaziri (Nurmurodov), Davlat soliq qoʻmitasi raisi (Sayfiddinov), Davlat bojxona qoʻmitasi raisi (Parpiyev), “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” xolding kompaniyasi raisiga (Ayupov) spirt va alkogolli mahsulotlar noqonuniy ishlab chiqarilishi, kontrabanda yoʻli bilan olib kelinishi, sifatsiz mahsulot sotilishiga yoʻl qoʻyilmasligi, alkogolli mahsulotlar aylanishidan soliq toʻlovlari toʻliq va oʻz vaqtida tushishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari qatʼiy koʻrsatib oʻtilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarilishi, sotilishi va aylanishi ustidan qattiq nazoratni taʼminlash, birinchi navbatda, bunga bevosita aloqador boʻlgan barcha tuzilmalarning javobgarligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida takliflar kiritsinlar, bunda koʻrsatib oʻtilgan mahsulot davlat monopoliyasi obyekti ekanligi nazarda tutilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi 1-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Komissiya (K.S. Ismoilov) 10 kun muddatda Komissiya toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Quyidagi tartib belgilansin, unga koʻra:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda yangi kalendar yilga Davlat budjeti loyihasini tayyorlashda joriy yilning 1-noyabridan kechikmay etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va ulardan foydalanish balansini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini huquqi uchun arizalarni koʻrib chiqish va litsenziya berishda Vazirlar Mahkamasining koʻrsatib oʻtilgan Komissiyasi etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishning har yili tasdiqlanadigan balansi parametrlariga qatʼiy amal qilishga majburdir;
etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziya ishlab chiqarilayotgan mahsulotning har bir turiga, ularni ishlab chiqarishning aniq hajmi koʻrsatilgan holda alohida beriladi;
faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilganda, shuningdek etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish darajasi litsenziyada koʻrsatilgan hajmlarda taʼminlanmaganda, uch oy va undan koʻp oy mobaynida budjetga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga toʻlovlar boʻyicha muddatida toʻlanmagan qarzlar mavjud boʻlganda, sifatsiz spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarilishi va sotilishi aniqlanganda litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda toʻxtatiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Vazirlar Mahkamasining etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi 2004-yil 1-martgacha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini tanqidiy oʻrganib chiqsin va mazkur qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiq etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalarni qayta rasmiylashtirsin.
Belgilansinki, 2004-yil 1-martgacha litsenziyalarni qayta rasmiylashtirmagan korxonalarning ilgari berilgan litsenziyalari bekor qilinadi hamda ular etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻlmaydi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq va valyutaga oid jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti spirt va alkogolli mahsulotlar noqonuniy ishlab chiqarilishi, kontrabanda yoʻli bilan olib kelinishi va sotilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsinlar hamda ularni aniqlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrsinlar. Amalga oshirilayotgan ishlarning natijalari toʻgʻrisida yilning har choragida Vazirlar Mahkamasiga axborot berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. “Oʻzstandart” agentligi tegishli idoralar va tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda respublikada yetishtirilayotgan bugʻdoyning navlari va klasslaridan kelib chiqib xom ashyo sarfining va etil spirti chiqishining yagona normalarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. 2004-yil 1-yanvardan boshlab alkogolli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 3-ilovaga muvofiq korxonalarda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining moliya inspektorlari lavozimi joriy etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalarga biriktirilgan moliya inspektorlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirsin va 2004-yil 10-fevralgacha ularni attestatsiyadan oʻtkazsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, “Oʻzstandart” agentligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” xolding kompaniyasi va “Oʻzspirtsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi ikki hafta muddatda etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar pasporti shaklini ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun Etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash komissiyasiga kiritsinlar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin va baʼzilariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Hukumat qarorlariga mazkur qarorga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin;
vazirliklar va idoralarning normativ hujjatlari mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.A. Xudaybergenov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 15-yanvar,
24-son
Vazirlar Mahkamasining etil spirti va alkogolli mahsulotlar
ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi
TARKIBI
ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi
TARKIBI
| Ismoilov K.S. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining oʻrinbosari, komissiya raisi |
| Usmonov M.Z. | — | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari |
| Nurmurodov M.B. | — | Moliya vaziri |
| Sayfitdinov J.B. | — | Davlat soliq qoʻmitasi raisi |
| Parpiyev B.R. | — | Davlat bojxona qoʻmitasi raisi |
| Saidova G.K. | — | Iqtisodiyot vazirining birinchi oʻrinbosari |
| Boʻriyev R.A. | — | “Oʻzstandart” agentligining bosh direktori |
| Ayupov A.M. | — | “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” xolding kompaniyasi raisi |
| lavozimiga koʻra | — | “Oʻzspirtsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi raisi |
| Yoqubov Z. | — | “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” xolding kompaniyasining maxsus inspektorlik boʻlimi boshligʻi |
| Obidov M.X. | — | Vazirlar Mahkamasining bosh mutaxassisi, komissiyaning masʼul kotibi |
Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda Komissiya tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalar zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
2. Quyidagilarni:
a) oziq-ovqat spirti, tozalangan spirt, shu jumladan uzum va meva-rezavor mevadan tayyorlangan spirt;
b) uzum va meva-rezavor mevadan tayyorlangan xom ashyo spirti;
v) konyak va kalvados spirti;
g) uzum va meva-rezavor mevadan tayyorlangan vinomateriallar (tozalangan va tozalanmagan), shuningdek gʻalladan tayyorlangan yarim tayyor spirtli mahsulotlar;
d) uzum va meva-rezavor mevadan va yarim tayyor spirtli mahsulotlardan tayyorlangan vinolar;
e) aroq va likyor-aroq mahsulotlari, balzamlar;
j) konyaklar (brendilar) va kalvadoslar;
z) shampan vinosi, koʻpiklanadigan va gazlashtirilgan vinolar;
i) darajasi past (pivodan tashqari) va oʻtkir spirtli ichimliklar, damlamalar va likyorlar;
k) vino ichimliklari: oʻtkirligi 4 hajmli foizdan 8 hajmli foizgacha boʻlgan past darajali ichimliklar, oʻtkirligi 9 hajmli foizdan 28 hajmli foizgacha boʻlgan oʻtkir ichimliklarni sanoat asosida ishlab chiqarish faoliyati litsenziyalanadi.
3. Etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyati faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
4. Etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqiga namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.
Litsenziya mazkur Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan har bir mahsulot turini ishlab chiqarishga alohida beriladi.
5. Etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya 5 yil muddatga beriladi. Litsenziya 5 yildan kam muddatga faqat litsenziya talabgorining arizasiga koʻra berilishi mumkin.
6. Litsenziyalarni berish va bekor qilish, ularning amal qilishini toʻxtatish, toʻxtatib turish va uzaytirish toʻgʻrisidagi qarorlar Vazirlar Mahkamasining etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) tomonidan qabul qilinadi.
Komissiya faoliyati Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq tashkil etiladi.
Hujjatlarni qabul qilish, ular yuzasidan ekspert xulosasi va Komissiya qarorlarlari loyihalarini tayyorlash, litsenziyalarni rasmiylashtirish, qayta rasmiylashtirish va berish, litsenziyalar reyestrini yuritish, litsenziya bitimini tuzish va uning bajarilishini nazorat qilish uchun Komissiya huzurida “Oʻzstandart” agentligi huzuridagi Alkogolli mahsulotlar sifati boʻyicha davlat inspeksiyasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” xolding kompaniyasi, “Oʻzspirtsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi boshqa organlari mutaxassislaridan ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda ishchi guruh deb ataladi) tuziladi. Ishchi guruh faoliyatiga Komissiyaning masʼul kotibi rahbarlik qiladi. Ishchi guruhning shaxsiy tarkibi Komissiya tomonidan tasdiqlanadi.
II. Litsenziya talablari
7. Etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirishdagi litsenziya talablariga quyidagilar kiradi:
etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish sohasidagi qonun hujjatlariga majburiy rioya etish;
ishlab chiqarish xavfsizligini, texnika xavfsizligini, yongʻin xavfsizligi, ishlab chiqarish sanitariyasi va ekologiya talablari va normalarini taʼminlash;
litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish uchun amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan zarur guvohnomalar, sertifikatlar va boshqa hujjatlarning mavjud boʻlishi;
mahsulotning har bir turi boʻyicha standartlar talablariga muvofiq ishlab chiqilgan, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” xolding kompaniyasi yoki “Oʻzspirtsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan tasdiqlangan texnologiya yoʻriqnomalarining mavjud boʻlishi;
spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish sohasida tegishli malakaga ega boʻlgan kamida ikki mutaxassisning mavjud boʻlishi;
moddiy-texnika bazasi va texnologiya asbob-uskunalarining belgilangan normativ-texnik talablarga muvofiq boʻlishi;
spirt va alkogolli mahsulotlarni litsenziya olishda koʻrsatilgan hajmlarda ishlab chiqarish.
8. Litsenziya berishda va uning amal qilish muddatini uzaytirishda, shuningdek spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarishga davlat monopoliyasini belgilovchi hamda mazkur Nizomning III boʻlimida nazarda tutilgan shartlar ham hisobga olinadi.
III. Litsenziya berish (uning amal qilish muddatini uzaytirish) uchun zarur shartlar
9. Ilgari tegishli mahsulot turini ishlab chiqarishga litsenziya olmagan litsenziya talabgorlariga litsenziya berish quyidagi shartlarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi:
a) yangi kalendar yil uchun Davlat budjeti loyihasini tayyorlashda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi tomonidan manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda har yili ishlab chiqiladigan parametrlarga hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ulardan foydalanish balanslariga qatʼiy rioya qilishdan kelib chiqqan holda;
b) etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish va ishga tushirish Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi, Vazirlik etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ulardan foydalanish balansidan kelib chiqqan holda etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha taklif etilayotgan quvvatlarning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi;
v) aroq, likyor-aroq mahsulotlari va vino litsenziya talabgori tomonidan litsenziya olishda koʻrsatilgan, yillar boʻyicha taqsimlangandan kam boʻlmagan hajmda ishlab chiqariladi. Bunda ishlab chiqarish hajmi litsenziya talabgori tomonidan ishlab chiqarish quvvatidan, aroq va likyor-aroq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun — absolyut alkogolga qayta hisoblaganda yiliga 20 ming dekalitr va undan ortiq, vino quyuvchi ixtisoslashtirilgan korxonalar uchun — yiliga 60 ming dekalitr va undan ortiq vino oborotidan kelib chiqqan holda koʻrsatiladi;
g) texnologiya va texnologiya liniyalari, asbob-uskunalar, ishlab chiqarish laboratoriyasi va uning jihozlanishi, chiqarilayotgan mahsulot sifati davlat standartlari talablariga muvofiq boʻlishi;
d) texnologiya liniyalari va asbob-uskunalar gigiyena sertifikatiga ega boʻlishi;
e) korxonalarning ishlab chiqarish laboratoriyalari zarur asbob-uskunalar, priborlar, kimyoviy reaktivlar bilan jihozlangan va davlat standartlarida nazarda tutilgan barcha zarur fizik-kimyoviy, mikrobiologik va boshqa koʻrsatkichlarni analiz qilish imkonini beruvchi sinov usullariga doir normativ-texnik hujjatlar bilan taʼminlangan boʻlishi kerak. Ishlab chiqarish laboratoriyalari “Oʻzstandart” agentligi organlari tomonidan attestatsiyadan oʻtkazilgan boʻlishi lozim.
10. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirishda mazkur Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan shartlar bilan bir qatorda quyidagi shartlar ham hisobga olinadi:
a) ilgari berilgan litsenziyaning amal qilish davrida litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlari, shu jumladan Nizomning ushbu boʻlimida nazarda tutilgan talablar va shartlar buzilmagan boʻlishi kerak;
b) korxonalardagi mavjud ishlab chiqarish sexlari, uchastkalari va filiallari belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi, texnologiya yoʻriqnomalariga, davlat standartlariga va boshqa normativ hujjatlarga ega boʻlishi kerak;
v) ishlab chiqarilayotgan mahsulot “Oʻzstandart” agentligining akkreditatsiya qilingan organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlishi kerak;
g) alkogolli ichimliklar ishlab chiqarayotgan litsenziatlar mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan kamida 60 foiz foydalanilishini taʼminlashi kerak, ishlab chiqarish quvvatlari litsenziatga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra foydalanilmagan hollar bundan mustasno;
d) chiqarilayotgan mahsulot namunalari har chorakda chiqarilayotgan mahsulotning standartlar talablariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa olish uchun “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” xolding kompaniyasining Respublika markaziy degustatsiya komissiyasiga taqdim etilishi kerak;
e) litsenziatning ilgari berilgan litsenziyaning amal qilishi davrida budjetga va davlat maqsadli fondlariga toʻlovlar boʻyicha qarzlari boʻlmasligi kerak;
j) faoliyat davrida litsenziat maʼnaviy va jismoniy eskirgan asbob-uskunalarni modernizatsiya qilingan yangi, chiqarilayotgan mahsulot sifatini yaxshilovchi asbob-uskunalarga bosqichma-bosqich almashtirilishini taʼminlagan boʻlishi kerak.
IV. Litsenziya olish uchun zarur hujjatlar
11. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza, unda quyidagilar koʻrsatiladi: yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqami, litsenziyalanayotgan faoliyat turi (yoxud uning bir qismi) va ushbu faoliyat turi amalga oshiriladigan muddat;
yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha taklif etilayotgan quvvatlarni foydalanishga topshirishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasi;
belgilangan talablarga muvofiq ishlab chiqarish uchun zarur shart-sharoitlarning mavjudligi toʻgʻrisida “Oʻzstandart” agentligi (uning hududiy boshqarmalari)ning “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat-xolding” xolding kompaniyasi bilan birgalikda berilgan xulosasi;
litsenziya talabgorining arizasi koʻrib chiqilganligi uchun litsenziya talabgorining yigʻimni toʻlaganini tasdiqlovchi hujjat;
ishlab chiqarish laboratoriyasining “Oʻzstandart” agentligi organlarida attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
sanitariya-epidemiologiya nazorati organlarining mahsulotning, ishlab chiqarish sharoitlari va asbob-uskunalarning sanitariya-gigiyena talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasi, shuningdek texnologiya asbob-uskunalarining gigiyena sertifikatlari nusxalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hududiy organlarining ishlab chiqarishning mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasi;
yongʻin nazorati organlarining ishlab chiqarishning yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasi;
soliq organining budjetga va davlat maqsadli fondlariga toʻlovlar boʻyicha qarzlar mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi (litsenziyaning amal qilish muddati uzaytirilganda);
korxonaning Vazirlar Mahkamasining etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tomonidan belgilanadigan shakl boʻyicha pasporti.
12. Litsenziya talabgoridan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
13. Hujjatlar litsenziyalovchi organga litsenziya talabgori tomonidan bevosita yoxud ularning olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan pochta aloqa vositasi orqali yetkazib beriladi.
Hujjatlar ishchi guruh rahbari tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi).
14. Ishonchli boʻlmagan yoki buzilgan maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun litsenziya talabgori qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
V. Arizani koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
15. Litsenziya talabgorining arizasi koʻrib chiqilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Arizani koʻrib chiqqanlik uchun yigʻim summasi litsenziyalovchi organning maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladi. Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
16. Etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash mazkur Nizomga ilova qilinayotgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi olingan kundan boshlab oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilinadi.
Ishchi guruh ariza olingan kundan boshlab oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda hujjatlarni koʻrib chiqadi va ular yuzasidan ekspert xulosasi tayyorlaydi hamda litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi taklifni Komissiyaga tegishli qaror protokoli loyihasi bilan birga taqdim etadi. Bunda ishchi guruh zaruriyat boʻlganda, joylarga borib yoki davlat tegishli organlari mutaxassislarini jalb etib ishlab chiqarish shart-sharoitlarining koʻrib chiqish uchun taqdim etilgan hujjatlarga muvofiqligini tekshirishga haqlidir.
Komissiya ishchi guruhning taklifi olingan kundan keyin oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda uni koʻrib chiqadi va qabul qilingan qaror protokolini tasdiqlaydi. Komissiya tomonidan qabul qilingan qaror protokoli Komissiya raisi tomonidan imzolanadi. Zarur hollarda Komissiya qarori soʻrov yoʻli bilan qabul qilinishi mumkin.
17. Koʻrsatib oʻtilgan Komissiya etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish hamda litsenziya berishda etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va ulardan foydalanish balansining har yili tasdiqlanadigan parametrlariga qatʼiy amal qilishi shart.
18. Ishchi guruh litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun mobaynida xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qilinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari, davlat boji toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya berish haqida qaror qilingani toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan bir vaqtda litsenziya talabgoriga imzolash uchun litsenziya shartnomasi yuboriladi.
Litsenziya bitimi litsenziyalovchi organ va litsenziat oʻrtasida tuziladi, unda quyidagilar boʻlishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan aniq faoliyat turining nomi;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini ishchi guruh tomonidan nazorat qilish tartibi;
amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa zarur maʼlumotlar.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va litsenziyalovchi organ uchun bir nusxadan tuziladi. Litsenziya bitimini litsenziyalovchi organ nomidan ishchi guruh rahbari imzolaydi.
19. Litsenziyalar ishchi guruh tomonidan belgilangan namunadagi blankalarda rasmiylashtiriladi va Komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
Litsenziya blankalari qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻladi.
Litsenziya blankalarini tayyorlash, ularni hisobga olish, saqlash va rasmiylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 2-maydagi 200-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
20. Litsenziya litsenziya talabgori tomonidan davlat boji toʻlanganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan va u litsenziya bitimini imzolagandan keyin uch kun muddatda beriladi.
21. Agar litsenziat litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida litsenziyalovchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, Komissiya litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir.
22. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror, shuningdek ishchi guruhning mansabdor shaxsi xatti-harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
23. Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran koʻrib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
24. Litsenziya berishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar litsenziya talabgori tomonidan bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Bunda ishchi guruh hujjatlar qayta taqdim etilgandan keyin uch kun mobaynida ular yuzasidan Komissiya majlisida koʻrib chiqish uchun ekspert xulosasi tayyorlaydi.
Komissiya ishchi guruhning taklifi olingandan keyin yetti kun muddatda uni koʻrib chiqadi va qabul qilingan qaror protokolini tasdiqlaydi. Komissiya tomonidan qabul qilingan qaror protokoli Komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
Litsenziya talabgorlari arizalari takroran koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Litsenziya berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
VI. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, dublikat berish
25. Litsenziat qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir hafta muddatda litsenziyalovchi organga koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
26. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
27. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda ishchi guruh litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish ishchi guruh tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza olingan kundan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi litsenziyalovchi organning bankdagi hisob maxsus raqamiga oʻtkaziladi.
28. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziatning arizasiga koʻra amalga oshiriladi.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza litsenziyalovchi organga litsenziyaning amal qilish muddati oʻtgunga qadar ikki oydan kechikmay berilishi kerak.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya berish uchun nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi.
29. Amal qilish muddati oʻtmagan yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan litsenziya oʻrniga litsenziatning arizasiga koʻra dublikat berilishi mumkin. Bunda litsenziat ommaviy axborot vositalarida yoʻqolgan litsenziyaning haqiqiy emasligi toʻgʻrisida xabar berishi, shuningdek xabarni litsenziyalovchi organga taqdim etishi kerak.
Litsenziya dublikatini berishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi litsenziyalovchi organning maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladi.
VII. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
30. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat ishchi guruh tomonidan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
31. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda ishchi guruh oʻz vakolatlari doirasida:
litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshirish;
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi hollar mavjud boʻlgan taqdirda litsenziatning ularga rioya etishini qonunda belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida paydo boʻladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni soʻrash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish yoki litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida Komissiyaga koʻrib chiqish uchun taklif kiritish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyasiz amalga oshirishning aniqlangan hollari toʻgʻrisidagi materiallarni qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralar koʻrish uchun belgilangan tartibda soliq organlariga yuborish huquqiga ega.
32. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida ishchi guruh tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, uning bir nusxasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi litsenziyalovchi organda qoladi.
Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish uchun Komissiya yoki ishchi guruh qaroriga binoan “Oʻzstandart” agentligi huzuridagi Alkogolli mahsulotlar sifati boʻyicha davlat inspeksiyasi inspektorlari va davlat boshqa organlari vakillari jalb etilishi mumkin.
VIII. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish
33. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish va litsenziyani bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22—24-moddalarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda Komissiya qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Komissiya:
etil spirti va alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish darajasini litsenziya olish vaqtida koʻrsatilgan hajmlarda taʼminlamaganda hamda u ushbu Nizomning 9-bandi “v” kichik bandida nazarda tutilgan darajadan past boʻlganda — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi xulosasiga binoan;
uch oy va undan koʻp vaqt oy mobaynida budjetga va davlat maqsadli fondlariga muddati oʻtib ketgan toʻlovlar mavjud boʻlganda — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligi xulosasiga binoan;
sifatsiz spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarilgani yoki sotilgani aniqlanganda — “Oʻzstandart” agentligi xulosasiga binoan litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
34. Komissiyaning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Litsenziyalovchi organ qarorining asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, Komissiya litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
IX. Litsenziyalar reyestri
35. Ishchi guruh litsenziyalar reyestrini yuritadi.
Litsenziyalar reyestrida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefoni;
bankdagi hisob raqami va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
litsenziyalarning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyalarning amal qilish muddati;
ishlab chiqarilishiga litsenziya berilayotgan mahsulot nomi;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish, toʻxtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatish asoslari va sanasi;
litsenziyalarni bekor qilishning asoslari va sanasi;
dublikat berish asoslari va sanasi.
36. Litsenziyalar reyestridagi mavjud maʼlumot yuridik va jismoniy shaxslarning u bilan tanishishi uchun ochiq hisoblanadi, ular haqini toʻlagan holda aniq litsenziatlar haqida litsenziyalar reyestridan koʻchirma tarzida maʼlumot olishga haqlidirlar.
Litsenziyalar reyestridan maʼlumot berilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yarmi miqdoridagi toʻlov litsenziyalovchi organning maxsus hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Litsenziyalar reyestridan maʼlumotlar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga bepul beriladi.
X. Davlat bojini toʻlash tartibi
37. Etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun litsenziya berganlik va uning amal qilish muddatini uzaytirganlik uchun:
ushbu Nizom 2-bandining “g” kichik bandida nazarda tutilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga — eng kam oylik ish haqining 50 baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
Litsenziyalar berganlik uchun davlat boji mablagʻlari respublika budjetiga oʻtkaziladi.
Etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash sxemasi
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining moliya inspektori lavozimi joriy etiladigan alkogolli mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar roʻyxati
|
T/r |
Korxonalarning |
Joylashgan joyi |
|
1. |
“Boʻston” ochiq aksiyadorlik jamiyati | Qoraqalpogʻiston Respublikasi |
|
2. |
“Navigul” qoʻshma korxonasi | Andijon viloyati |
|
3. |
“Dacha” yopiq aksiyadorlik jamiyati | Andijon viloyati |
|
4. |
“Nur” shoʻba korxonasi | Buxoro viloyati |
|
5. |
“Gʻallaorol-Belogorsk” qoʻshma korxonasi | Jizzax viloyati |
|
6. |
M.Ulugʻbek nomidagi ochiq aksiyadorlik jamiyati | Samarqand viloyati |
|
7. |
“Bogʻizagʻon” ochiq aksiyadorlik jamiyati | Samarqand viloyati |
|
8. |
“Oltinsoy sharob” ochiq aksiyadorlik jamiyati | Surxondaryo viloyati |
|
9. |
“Karvon” qoʻshma korxonasi | Toshkent viloyati |
|
10. |
“Afsar LTD” qoʻshma korxonasi | Toshkent viloyati |
|
11. |
“Hamkor-Osiyo" qoʻshma korxonasi | Toshkent viloyati |
|
12. |
“Bonu-Golding” qoʻshma korxonasi | Toshkent viloyati |
|
13. |
“GMX Zarkent” qoʻshma korxonasi | Toshkent viloyati |
|
14. |
“Far-Ital” qoʻshma korxonasi | Toshkent viloyati |
|
15. |
“Mehnat” agrofirmasi | Toshkent viloyati |
|
16. |
“Matonat” masʼuliyati cheklangan jamiyati | Toshkent viloyati |
|
17. |
“Asl-Billur” qoʻshma korxonasi | Toshkent shahri |
|
18. |
“Elsun-sharob” qoʻshma korxonasi | Toshkent shahri |
*Izoh. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 26-noyabrdagi 418-son qarorining 1-bandi va 1999-yil 5-yanvardagi 2-son qarorining 7-bandi bilan spirt va alkogolli mahsulot ishlab chiqaruvchi 27 korxonada Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining moliya inspektorlari lavozimi joriy etilgan.
Keyingi tahrirga qarang.
I. Hukumatning oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogolli mahsulot ishlab chiqarishga davlat monopoliyasini joriy etish toʻgʻrisida”gi Farmonini bajarishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1997-yil 14-avgustdagi 398-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1997-y., 8-son, 28-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va ularning aylanishi ustidan davlat nazoratini mustahkamlash yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1999-yil 5-yanvardagi 2-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 1-son, 2-modda) 1-4-bandlari, shuningdek qarorga 1, 2 va 5-ilovalar.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Hukumat komissiyalarini tashkil etish masalalari boʻyicha ayrim qarorlariga oʻzgartirish, qoʻshimchalar kiritish, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash haqida” 2000-yil 19-sentabrdagi 359-son qaroriga 1-ilova 16-bandining uchinchi—yettinchi xatboshi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari bilan tashkil etilgan komissiyalar va kengashlar tarkibini tasdiqlash haqida” 2000-yil 30-sentabrdagi 374-son qaroriga 9-ilova.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2003-yil 13-yanvardagi 14-son qaroriga ilovaning 11-bandi (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 1-son, 5-modda).
II. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 17-yanvardagi 13-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiya agentligi huzuridagi Alkogolli mahsulotlar sifati boʻyicha davlat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 11-bandning oʻninchi xatboshidagi “spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va sotishga berilgan litsenziyalarni bekor qilish” soʻzlari “etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish yoki uni bekor qilish” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Nizom quyidagi mazmundagi 14-band bilan toʻldirilsin:
“14. Alkogolli mahsulotlar sifati boʻyicha davlat inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasining etil spirti va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish faoliyatini litsenziyalash komissiyasi bilan belgilangan tartibda oʻzaro hamkorlik qiladi. Komissiya yoki ishchi guruh qaroriga koʻra Alkogolli mahsulotlar sifati boʻyicha davlat inspeksiyasi inspektorlari litsenziya talablari va shartlariga litsenziatlar tomonidan rioya etilishini tekshirishga jalb qilinishi mumkin”.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 3-son, 30-modda; 2005-y., 52-son, 391-modda; 2006-y., 27-son, 250-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.04.2019-y., 09/19/348/3006-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.06.2021-y., 09/21/402/0618-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)