Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Navoiy viloyatida mikro va kichik gidroelektr stansiyalarini qurishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Navoiy viloyatida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ishlab chiqarish imkoniyatlaridan keng foydalanish, hududda mikro va kichik gidroelektr stansiyalari qurilishiga xususiy sektorni jalb qilish orqali “yashil” energiya ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish maqsadida:
1. Navoiy viloyati hududidan oqib oʻtuvchi Zarafshon va Oqdaryo daryolari, soylar hamda kanallar atrofida mikro va kichik gidroelektr stansiyalarini qurish boʻyicha investitsiya loyihalarini (keyingi oʻrinda — investitsiya loyihalari) moliyalashtirish uchun:
Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi “Turonbank” ATBga 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga yillik 8 foiz stavkada 10 million AQSH dollari ekvivalentidagi kredit liniyasini ajratsin va ushbu mablagʻlar bankning subordinar qarzi sifatida rasmiylashtirilsin;
“Turonbank” ATB ushbu kredit liniyasi hisobidan tadbirkorlik subyektlariga investitsiya loyihalari doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchilardan texnologik uskunalarni sotib olish uchun milliy valyutada 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yil muddatgacha yillik 12 foiz stavkada kreditlar ajratilishini taʼminlasin.
2. Energetika vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekgidroenergo” AJ, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda bir oy muddatda viloyat hududidan oqib oʻtuvchi daryo, soy va kanallar koʻrsatkichlari asosida mikro va kichik gidroelektr stansiyalari qurish mumkin boʻlgan maydonlarni oʻrganib chiqib, tadbirkorlar uchun manzilli loyiha takliflarini ishlab chiqsin hamda eʼlon qilsin.
“Oʻzbekgidroenergo” AJ tadbirkorlik subyektlariga mikro va kichik gidroelektr stansiyalarini qurish boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda koʻmaklashsin hamda tanlangan texnik va texnologik yechimlar tegishli tarmoqning ilmiy-texnik kengashi tomonidan koʻrib chiqilishini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Energosavdo filiali, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tadbirkorlik subyektlari tomonidan mikro va kichik gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining davlat tomonidan xarid qilinishini taʼminlasin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-martdagi PQ-129-sonli qarori tahririda)
4. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-noyabr,
PQ-383-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.11.2024-y., 07/24/383/0894-son)