O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 23-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 20-sentabrda ma’qullangan
Senat tomonidan 2024-yil 20-sentabrda ma’qullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda aholining turli qatlamlari orasida ma’rifiy faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga aholi orasida, ayniqsa yoshlar o‘rtasida nosog‘lom ma’rifiy ishlarni amalga oshirish hollari ko‘payib, bunday tadbirlar doirasida aholining va yoshlarning ongiga, madaniyatiga va his-tuyg‘ulariga begona bo‘lgan turli yot qarashlar va g‘oyalar singdirilmoqda.
Hozirgi vaqtda mazkur sohaga aholining qiziqishi kuchayib borayotganligi hamda u bu borada faoliyat yurituvchi shaxslarning asosiy daromad manbaiga aylanib borayotganligi sohani huquqiy jihatdan tartibga solish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.
Shu munosabat bilan “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilashga qaratilgan qo‘shimcha kiritilmoqda. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga mazkur faoliyat turiga qo‘yiladigan talablarni buzganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Ushbu Qonun ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishning huquqiy asoslarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 3, 6-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; 1996-yil, № 5-6, 69-modda, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 4-5, 126-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda, № 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 9, 498-modda, № 10, 536-modda, № 12, 656, 659-moddalar; 2007-yil, № 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, № 9, 416, 421-moddalar, № 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 181, 189, 192-moddalar, № 9, 486, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 9, 334, 335, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010-yil, № 5, 175, 179-moddalar, № 6, 231-modda, № 9, 335, 339, 341-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 4, 104, 105-moddalar, № 9, 247, 252-moddalar, № 12/2, 365-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 1, 2-modda, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 430, 431, 432-moddalar, № 10, 671, 673, 679-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161, 165, 166-moddalar, № 5, 259, 261, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469, 471-moddalar, № 9, 591, 592-moddalar, № 10, 674, 676-moddalar, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 203, 204-moddalar, № 7, 449-modda, № 9, 539, 540-moddalar, № 10, 593, 596-moddalar, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 7, 12, 13, 14-moddalar, № 2, 142-modda, № 3, 217-modda, № 4, 290, 293-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 802, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 966, 967, 968, 973-moddalar, № 11, 1066-modda; 2022-yil, № 1, 1, 2-moddalar, № 2, 80, 81-moddalar, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 465, 466, 467-moddalar, № 8, 787-modda, № 10, 981, 984-moddalar, № 12, 1188-modda; 2023-yil, № 3, 184, 185, 188, 189-moddalar, № 4, 265, 266, 268-moddalar, № 5, 319, 320-moddalar, № 7, 533, 534, 535, 537, 539-moddalar, № 8, 634-modda, № 10, 798-modda, № 11, 921, 923, 924-moddalar, № 12, 1004-modda; 2024-yil, № 1, 5, 7, 8, 9-moddalar, № 2, 102, 111, 115, 116-moddalar, № 3, 243, 245-moddalar, № 6, 530, 532-moddalar) quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsin:
1) quyidagi mazmundagi 594-modda bilan to‘ldirilsin:
“594-modda. Ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini buzish
Ma’rifiy faoliyatni bunday faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan amalga oshirish yoxud ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaslik, basharti jinoyat alomatlari, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud bo‘lmasa, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”;
2) 245-moddaning birinchi qismidagi “593” raqami “593, 594” raqamlari bilan almashtirilsin;
3) 248-modda to‘rtinchi qismining uchinchi xatboshisidagi “593” raqami “593, 594” raqamlari bilan almashtirilsin.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 23-sentabrda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘RQ-637-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 9, 538-modda; 2021-yil, 4 songa ilova, № 10, 968-modda; 2023-yil, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 101-modda) quyidagi qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritilsin:
1) quyidagi mazmundagi 141-modda bilan to‘ldirilsin:
“141-modda. Ma’rifiy faoliyat
Ma’rifiy faoliyat shaxsning shaxsiy, intellektual va ma’naviy jihatdan kamol topishi, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini oshirish, intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon etish, individual salohiyatini, imkoniyatlarini, muloqot qilish qobiliyatlarini yaxshilash uchun zarur ko‘nikmalar va malakalarni shakllantirishga qaratilgan, davlat ta’lim standartlari bilan qamrab olinmaydigan faoliyat turi hisoblanadi.
Ma’rifiy faoliyat qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan talablar hisobga olingan holda, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi tariqasida jalb etilgan (sud hukmi qonuniy kuchga kirguniga yoxud reabilitatsiya qiluvchi asoslarga binoan uni jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilinguniga qadar), jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlarni, tinchlikka va insoniyatning xavfsizligiga qarshi jinoyatlarni, O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlarni, firibgarlikni hamda boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlarni, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, shuningdek psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan shaxslar ma’rifiy faoliyatni amalga oshirishi mumkin emas.
Ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi, shakllari, talablari va shartlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
2) 23-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi o‘n yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibini belgilaydi”;
o‘n yettinchi — o‘n to‘qqizinchi xatboshilari tegishincha o‘n sakkizinchi — yigirmanchi xatboshilar deb hisoblansin.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
4-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
Ma’rifiy faoliyatni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
5-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-noyabr,
O‘RQ-990-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.11.2024-y., 03/24/990/0892-son)