O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 2-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 15-avgustda ma’qullangan
Bugungi kunda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoya qilinishini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordam turlari kengaytirildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi, shuningdek uning huzurida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining vakolatlarini, shuningdek aholining qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan qatlamlariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordam turlarini qonun hujjatlarida aniqlashtirish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining zimmasiga dafn etish uchun nafaqani berish vazifasini yuklatishga, uning xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlarini belgilashga, shuningdek fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod etishga taalluqli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarga qarab turilgan vaqt ish stajiga qo‘shib hisoblanishi uchun davolash muassasasining xulosasi talab etilmasligi, shuningdek o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga umrbod ta’minlash sharti bilan uyni (kvartirani) boshqa shaxsga berishga doir bitimlar va umrbod renta shartnomasi to‘g‘risidagi, shuningdek vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini taqsimlashga doir bitimlar hamda uning taqdirini hal qilishga qaratilgan boshqa bitimlar haqidagi ma’lumotlar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga taqdim etilishi belgilanmoqda.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar yo‘qolgan yoxud yaroqsiz holga kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining identifikatsiyalovchi ID-kartasini yoki biometrik pasportini almashtirishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayrim toifadagi shaxslarni vaqtincha ro‘yxatga olishda ham davlat boji undirilmaydi. Shuningdek yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olingan uy-joyni ularning nomiga rasmiylashtirish uchun notarial harakatlarni amalga oshirishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishi belgilanmoqda.
Ushbu Qonun bilan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga homiylik qilish uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadigan xarajatlar jumlasiga kiritilishi nazarda tutilmoqda.
Mazkur Qonun ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamlarining manzilli va samarali ijtimoiy himoya qilinishini kuchaytirishga, shuningdek ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga hamda ularning sifatini oshirishga xizmat qiladi.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi 938-XII-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 9, 338-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda; 1997-yil, № 4-5, 126-modda; 1998-yil, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 5, 112-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; 2002-yil, № 4-5, 74-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 5, 152-modda; 2007-yil, № 12, 590, 608-moddalar; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2010-yil, № 5, 178-modda, № 9, 334-modda, № 12, 472-modda; 2012-yil, № 1, 4-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 12, 341-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 12, 383, 384-moddalar; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 10, 676-modda, № 12, 783-modda; 2019-yil, № 5, 265-modda, № 8, 469-modda, № 9, 592-modda, № 11, 792-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 11, 652-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 973-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 5, 464-modda, № 10, 979, 982-moddalar; 2023-yil, № 2, 104-modda, № 11, 924-modda; 2024-yil, № 3, 246-modda) 37-moddasi birinchi qismining “d” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“d) I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga yoki 18 yoshgacha bo‘lgan, nogironligi bor bolaga, shuningdek o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan keksalarga qarab turilgan vaqt”.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 30-avgustda qabul qilingan “Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida”gi 278-I-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 141-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 12, 470-modda; 2022-yil, № 5, 464-modda) 1-moddasiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar”;
sakkizinchi xatboshi to‘qqizinchi xatboshi deb hisoblansin.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 26-dekabrda qabul qilingan “Notariat to‘g‘risida”gi 343-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 2, 42-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda; 2006-yil, № 9, 498-modda; 2007-yil, № 12, 608-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2010-yil, № 9, 335-modda; 2012-yil, № 4, 105-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 4, 224-modda, № 7, 431-modda, № 10, 673-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda; 2020-yil, № 1, 3-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 800, 803-moddalar; 2022-yil, № 3, 216-modda, № 5, 464-modda) 6-moddasining to‘rtinchi qismiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga — umrbod ta’minlash sharti bilan uyni (kvartirani) boshqa shaxsga berishga doir bitimlar va umrbod renta shartnomasi to‘g‘risidagi, shuningdek vasiylikdagi shaxsning mol-mulkini taqsimlashga doir bitimlar hamda uning taqdirini hal qilishga qaratilgan boshqa bitimlar haqidagi ma’lumotlar”;
oltinchi, yettinchi va sakkizinchi xatboshilar tegishincha yettinchi, sakkizinchi va to‘qqizinchi xatboshilar deb hisoblansin.
4-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 27-dekabrda qabul qilingan “Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida”gi O‘RQ-276-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-yil, № 12, 476-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2019-yil, № 11, 792-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 973-modda; 2022-yil, № 6, 575-modda; 2023-yil, № 11, 923-modda) 9-moddasining ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘lik bola tug‘ilgan yoki bola hayotining birinchi haftasi ichida vafot etgan (perinatal o‘lim) taqdirda, dafn etish uchun nafaqani to‘lash qonunchilikda belgilangan tartibda beriladigan perinatal o‘lim to‘g‘risidagi ma’lumotnomaga asosan, qolgan barcha hollarda esa shaxsning o‘limi haqidagi guvohnomaga asosan, murojaat etilgan kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan amalga oshiriladi”.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘RQ-561-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 9, 586-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 12, 1194-modda; 2023-yil, № 4, 265-modda) quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilsin:
1) quyidagi mazmundagi 61-modda bilan to‘ldirilsin:
“61-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi:
xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy dasturlarni, strategiyalarni hamda qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqishda va amalga oshirishda ishtirok etadi;
xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarida ijtimoiy reabilitatsiya qilishga hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga doir tadbirlar o‘tkazadi;
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash monitoringini o‘tkazadi;
tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga ijtimoiy, huquqiy va psixologik xizmatlar ko‘rsatadi;
nizoli vaziyatlarni profilaktika qilishga, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir dasturlarni va uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi tegishli vakolatli organlar va tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning huquqlari va erkinliklari ta’minlanishini monitoring qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
2) 12-moddaning:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“12-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi vakolatlari”;
birinchi xatboshisidagi “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
to‘rtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“o‘z joniga qasd qilishning oldini olishga doir tadbirlar o‘tkazadi”;
3) 18-moddaning birinchi qismidagi “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi” degan so‘zlar chiqarib tashlansin.
6-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan O‘RQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda, № 10, 968, 969, 972, 973-moddalar, № 12, 1199-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 5, 461, 464, 467-moddalar, № 6, 570-modda, № 7, 664, 666-moddalar, № 12, 1190-modda; 2023-yil, № 6, 444, 446-moddalar, № 7, 540-modda, № 12, 1011-modda; 2024-yil, № 2, 106, 110, 111-moddalar, № 4, 346-modda) 317-moddasining 7-bandi “metsenatlik ko‘magini ko‘rsatish” degan so‘zlardan keyin “o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga, yolg‘iz yashovchi keksalarga va nogironligi bo‘lgan shaxslarga homiylik qilish” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin.
7-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘RQ-600-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 201-modda, № 5, 298-modda, № 10, 593-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 7, 661-modda, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 76-modda, № 3, 214, 216-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 463, 464, 467-moddalar, № 12, 1186-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 186-modda, № 4, 265, 269-moddalar, № 6, 444, 445-moddalar, № 7, 538-modda, № 9, 710-modda; 2024-yil, № 1, 5, 6, 7-moddalar, № 2, 101, 105, 107, 108, 111, 112-moddalar) quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 8-modda birinchi qismining:
43-bandidagi “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
44-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“44) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi — o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir da’volar, arizalar hamda shikoyatlar yuzasidan”;
quyidagi mazmundagi 45-band bilan to‘ldirilsin:
“45) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda uning hududiy bo‘linmalari:
tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida beriladigan arizalar, shikoyatlar va da’volar yuzasidan;
bolalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida, ota-onalarning muomala layoqati cheklangan deb topish to‘g‘risidagi, ularni ota-onalik huquqlaridan mahrum etish, bolalarni ota-onalaridan ularni ota-onalik huquqlaridan mahrum etmasdan olib qo‘yish haqidagi, shuningdek, agar ota-onalik huquqlaridan mahrum qilingan ota-onalarning o‘z bolalari bilan birgalikda yashashi mumkin emas deb belgilansa, ularni boshqa turar joy bermasdan ko‘chirib yuborish to‘g‘risidagi da’volar, arizalar va shikoyatlar yuzasidan;
og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar hamda oilalar manfaatlarini ko‘zlab berilgan da’volar, arizalar va shikoyatlar bilan sudga murojaat qilinganda”;
2) 10-moddaning birinchi qismi:
17-bandidagi “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi 171-band bilan to‘ldirilsin:
“171) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda uning hududiy bo‘linmalari — og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar hamda oilalar manfaatlarini ko‘zlab berilgan arizalar va shikoyatlar yuzasidan”;
3) 11-modda quyidagi mazmundagi 19-band bilan to‘ldirilsin:
“19) yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar — ular uchun davlat tomonidan ikkilamchi bozordan olingan uy-joy ularning nomiga rasmiylashtirib berilganligi uchun”;
4) 13-moddaning uchinchi qismi “jabrlangan jismoniy shaxslar” degan so‘zlardan keyin “o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar, yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar” degan so‘zlar bilan to‘ldirilsin;
5) 15-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi uy-joy fondiga ega bo‘lgan muassasalarga vaqtincha turgan joyi bo‘yicha olti oy muddatgacha ro‘yxatga qo‘yilayotganda ulardan davlat boji undirilmaydi”;
ikkinchi — oltinchi qismlari tegishincha uchinchi — yettinchi qismlar deb hisoblansin.
8-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 20-aprelda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘RQ-682-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek ularga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubiyotining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 288-modda; 2022-yil, № 3, 213-modda, № 8, 788-modda, № 10, 983-modda; 2023-yil, № 8, 629-modda, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 109-modda) 102-bandiga quyidagi qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritilsin:
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan — aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish masalalariga doir loyihalar”;
oltinchi — o‘n beshinchi xatboshilar tegishincha yettinchi — o‘n oltinchi xatboshilar deb hisoblansin.
9-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
10-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
11-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 18-oktabr,
O‘RQ-977-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.10.2024-y., 03/24/977/0831-son)