Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mahalliy metiz ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Ichki va tashqi bozorda barqaror talabga ega boʻlgan metiz ishlab chiqarishni kengaytirish, ishlab chiqaruvchilarni navli prokat xomashyosi bilan muntazam taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Belgilansinki, 2030-yil 1-yanvarga qadar metiz ishlab chiqaruvchilarga “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ savdolari orqali “Oʻzmetkombinat” AJ tomonidan ishlab chiqarilgan poʻlat sim xarid qilish uchun toʻlovlarni 90 kun ichida kechiktirib toʻlash sharti bilan sotish tartibi joriy etiladi.
(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/108/0579-son)
Bunda:
a) xarid qilinadigan poʻlat sim uchun toʻlovlarni mahsulot narxining 25 foizini boʻnak tarzida, qolgan 75 foizini mahsulot olinganidan soʻng 90 kun ichida kechiktirib toʻlash sharti bilan uni sotishga ruxsat etiladi;
b) kechiktirib toʻlash sharti bilan xarid qilingan poʻlat sim uchun toʻlovni taʼminlash maqsadida isteʼmolchilar tomonidan bank kafolati yoki kafilligi beriladi;
v) birja savdolariga chiqariladigan poʻlat sim markalari va savdolarda ishtirok etuvchi metiz ishlab chiqaruvchilar roʻyxati Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi tomonidan birgalikda tasdiqlanadi;
g) kechiktirib toʻlash imkoniyati berilgan har bir kun uchun toʻlanishi lozim boʻlgan toʻlovlar summasi quyidagicha belgilanadi:
30 kun ichida toʻlangan toʻlovlar qismiga — foiz hisoblanmaydi;
31 kundan 60 kungacha toʻlangan toʻlovlar qismiga — Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdorida foiz hisoblanadi;
61 kundan 90 kungacha toʻlangan toʻlovlar qismiga — Markaziy bank asosiy stavkasi miqdorida foiz hisoblanadi.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan metiz ishlab chiqaruvchi korxonalarning eksportoldi va eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish maqsadida ularga tijorat banklar orqali 18 oy muddatgacha yillik 4 foizli stavkadan (shundan 2 foizi tijorat banki marjasi) oshmagan miqdorda imtiyozli kreditlar ajratish uchun moliyaviy resurslar yoʻnaltiriladi.
Bunda metiz ishlab chiqaruvchi korxonalarning oxirgi 12 oy davomida qilgan eksport hajmi:
5 million AQSH dollarigacha boʻlganda — 1 million AQSH dollarigacha;
5 million AQSH dollaridan 10 million AQSH dollarigacha boʻlganda — 2 million AQSH dollarigacha;
10 million AQSH dollaridan 15 million AQSH dollarigacha boʻlganda — 3 million AQSH dollarigacha;
15 million AQSH dollaridan 20 million AQSH dollarigacha boʻlganda — 4 million AQSH dollarigacha;
20 million AQSH dollaridan ortiq boʻlganda — 5 million AQSH dollarigacha tijorat banklari orqali kreditlar ajratiladi.
3. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi har chorak yakuni boʻyicha mazkur qarorda belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 30-sentabr,
615-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2024-y., 09/24/615/0774-son; 10.06.2026-y., 06/26/108/0579-son)