O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Respublikada kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya sohasida qonunchilik ijrosini ta’minlash hamda uning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilishga mas’ul vazirlik va idoralarning o‘zaro muvofiqlashtirilgan faoliyatini tashkil etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan:
Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratga mas’ul bo‘lgan Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimi kiritilsin;
Bosh prokuraturaning tashkiliy-shtat tuzilmasida 7 ta shtat birligidan iborat Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tashkil etilsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarida jami 28 ta shtat birligidan iborat Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘linmalari tashkil etilsin.
2. Yangi kiritilayotgan Bosh prokuror o‘rinbosari zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
Agentlik huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya bilan birgalikda har haftada kamida bitta tuman (shahar)ga borib, kambag‘al oilalarni reyestrga kiritish va chiqarishning haqqoniyligini o‘rganish;
kambag‘al oilalarga berilayotgan mablag‘lar egasiga manzilli yetib borishini nazorat qilish;
kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida zimmasiga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmagan mas’ullarga nisbatan qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta’minlash;
ijtimoiy himoya va kambag‘allikni qisqartirish sohasida qabul qilinayotgan qonunlar talablari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va qarorlarida belgilangan topshiriqlar ijrosini nazorat qilish.
3. Agentlik Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
4. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.T. Yo‘ldoshev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.P. Olloyorov belgilansin.
Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari M.P. Olloyorov va D.B. Kadirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 11-sentabr,
PF-136-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.09.2024-y., 06/24/136/0703-son)