O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga bojxona brokeri faoliyatini hamda xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini yetkazib berish bo‘yicha faoliyatni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 30-aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 10-iyulda ma’qullanganKeyingi yillarda mamlakatimizda bojxona ma’muriyatchiligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, bojxona tartib- taomillarini amalga oshirishda zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga amaliyotda tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari tomonidan bojxona yuk deklaratsiyasini rasmiylashtirishga ushbu sohada kasbiy tajribaga ega bo‘lmagan shaxslarni ular bilan xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risida shartnomalar tuzmasdan jalb qilish hollari uchramoqda. Shartnomaviy huquqiy munosabatlarni lozim darajada rasmiylashtirish ham xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini bojxona chegarasi orqali yetkazib berish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishini ta’minlashning dolzarb vazifasi hisoblanadi. Ushbu omillar bojxona organlariga taqdim etiladigan ma’lumotlarning haqqoniyligi va aniqligida, belgilangan bojxona hamda soliq to‘lovlari o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishida aks etadi.
Ushbu Qonun bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga vakolatli davlat organini bojxona brokeri sifatida faoliyatni hamda xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini yetkazib berish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish to‘g‘risida xabardor qilish tartibini, shuningdek mazkur faoliyat turlarini boshlash yoki tugatish to‘g‘risida vakolatli davlat organini xabardor qilmaganlik uchun javobgarlikni belgilovchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Mazkur Qonun tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi va xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini yetkazib berish bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilashga, shuningdek bojxona va soliq to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlarining oldini olishga, ularni aniqlashga va ularga chek qo‘yishga xizmat qiladi.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 14-iyulda qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘RQ-701-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 7, 661-modda; 2022-yil, № 4, 340-modda, № 5, 465-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 185-modda, № 7, 533-modda, № 9, 710-modda, № 11, 921, 923-moddalar; 2024-yil, № 1, 5, 7-moddalar, № 2, 105, 112-moddalar) quyidagi qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 3-ilova quyidagi mazmundagi 35 va 36-pozitsiyalar bilan to‘ldirilsin:
|
“ |
|||
|
35. |
Bojxona brokeri faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida xabarnoma |
Bojxona brokeri faoliyati. |
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi |
|
36. |
Xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini yetkazib berish bo‘yicha faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnoma |
Xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini yetkazib berish bo‘yicha faoliyat. |
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi |
|
”; |
2) 4-ilovaning III bo‘limi quyidagi mazmundagi 28 va 29-pozitsiyalar bilan to‘ldirilsin:
|
“ |
||
|
28. |
Bojxona brokeri faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risidagi xabarnoma |
20 |
|
29. |
Xalqaro kuryerlik jo‘natmalarini yetkazib berish bo‘yicha faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik haqidagi xabarnoma |
20 |
|
”. |
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 5-sentabr,
O‘RQ-956-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/956/0687-son)