Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-maydagi “Charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik tarmoqlarini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-181-son qaroriga qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritish haqida
Respublika charm-poyabzal tarmogʻining investitsiyaviy jozibadorligi va raqobatbardoshligini yanada oshirish, mahalliy mahsulotlarning xorijiy bozorlarga kengroq kirib borishi uchun qulay sharoitlar yaratish hamda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-maydagi “Charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik tarmoqlarini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-181-son qarori 2-bandining “a” kichik bandida:
quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“poyabzal, charm-attorlik mahsulotlari, furnitura, aksessuarlar, poyabzal qoliplari, poyabzal tagliklari, ustki qismlari, sunʼiy charm ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish maqsadida yangi uskuna va texnologiyalarni xarid qilishga tijorat banklarida kredit liniyalarini ochish uchun. Bunda kreditlar tadbirkorlarga 10 yil muddatgacha, 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz (shundan 2 foizi bank marjasi) stavkada ajratiladi”;
beshinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 6-avgust,
PQ-284-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.08.2024-y., 07/24/284/0594-son)