Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
M. Auezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universitetining Chirchiq shahridagi filialini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oliy taʼlim sohasida zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarga asoslangan taʼlim xizmatlari koʻrsatilishini yanada rivojlantirish, oʻqitishning zamonaviy uslublaridan keng foydalanish, umumeʼtirof etilgan xalqaro talab va taʼlim standartlari darajasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, shuningdek, ilgʻor jahon taʼlim standartlariga muvofiq oliy maʼlumotli yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qozogʻiston Respublikasi Fan va oliy taʼlim vazirligi hamda “M. Auezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universiteti” notijorat aksiyadorlik jamiyati (Qozogʻiston Respublikasi) (keyingi oʻrinlarda — Universitet) oʻrtasida Chirchiq shahrida Universitet filialini ochish yuzasidan kelishuv shartnomasi imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining “M. Auezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universiteti” notijorat aksiyadorlik jamiyatining Chirchiq shahridagi filialini (keyingi oʻrinlarda — Filial) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Quyidagilar Filial faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy talablar asosida xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash;
taʼlim, ilm-fan hamda ishlab chiqarishning uzluksizligi va izchilligi tamoyillari, shuningdek, jahonning nufuzli oʻquv-ilmiy markazlari bilan uygʻun integratsiyalashuv asosida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini joriy etish;
zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash jarayoniga ilgʻor hamda masofaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yuqori malakali professor-oʻqituvchilarni va koʻp yillik ish stajiga ega boʻlgan amaliyotchilarni jalb etish;
xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va biznes-hamjamiyatlar bilan uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, rivojlantirish hamda mustahkamlash;
ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning professional mahorati darajasi hamda sifatini uzluksiz oshirib borish, xorijiy davlatlardagi yetakchi oliy taʼlim tashkilotlarida malaka oshirishini va stajirovka oʻtashini taʼminlash;
fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy-texnik vazifalarni hal etishga yoʻnaltirilgan amaliy va innovatsion izlanishlarni amalga oshirish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
Filial Universitetning yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi;
Filialda taʼlim jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablari inobatga olingan, Universitet tomonidan tasdiqlanadigan oʻquv rejalari va fan dasturlariga muvofiq Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
Filial kadrlarga boʻlgan ehtiyoj asosida bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlash, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash ishlarini amalga oshiradi;
Filialga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish ishlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda, Universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
Filial bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi;
Filialga belgilangan tartibda litsenziya olingandan soʻng taʼlim faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat etiladi.
5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
a) uch oy muddatda:
Filial ustavi ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;
oliy taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan normativlar boʻyicha Filial tuzilmasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin;
b) 2024-yil 1-avgustga qadar Filialning Vasiylik kengashi tarkibini tasdiqlasin;
v) 2024/2025 oʻquv yili boshlanguniga qadar:
Universitet bilan birgalikda Filial professor-oʻqituvchilarining tarkibini yuqori malakali, jumladan, 40 foizini Universitet professor-oʻqituvchilari bilan taʼminlash;
Filial axborot-resurs markazini zamonaviy adabiyotlar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.
6. Belgilansinki:
Filialga qabul parametrlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan hamda manfaatdor vazirliklar va idoralarning mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojini inobatga olgan holda, Filialning Vasiylik kengashi qaroriga binoan tasdiqlanadi;
Filialning har yilgi qabul parametrlarining 5 foizdan kam boʻlmagan qismi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli boʻlgan farzandlari orasidan tanlov asosida abituriyentlarni bepul (Filial granti asosida) oʻqishga qabul qilish uchun ajratiladi;
Filialning oʻquv jarayoniga xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlaridan jalb qilinadigan professor-oʻqituvchilar va mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash Filial bilan oʻzaro kelishuvda keltirilgan tartib va miqdorda amalga oshiriladi.
7. Filial Toshkent viloyati Chirchiq shahrining “X. Maqsudov” MFY, V. Haydarov koʻchasidagi 1-uy manzilida belgilangan tartibda ijara huquqi asosida joylashtirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
8. Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;
Universitet tomonidan ajratiladigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
Filialning Vasiylik kengashi qarorlari asosida shakllantiriladigan mablagʻlar;
xalqaro moliya tashkilotlari, shu jumladan, xorijiy hamkorlar mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
9. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Filialda taʼlim sifati va qonunchilikka rioya etilishini belgilangan tartibda nazorat qilsin.
10. Tashqi ishlar vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Filial buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-oʻqituvchilar tarkibi va maʼmuriy xodimlar hamda ularning oila aʼzolari uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yigʻimlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
11. Ichki ishlar vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Filial buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-oʻqituvchilar tarkibi va maʼmuriy xodimlar hamda ularning oila aʼzolari uchun davlat boji undirilmasdan, belgilangan tartibda koʻp martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash manzillari boʻyicha vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishi hamda uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov hamda Toshkent viloyati hokimi Z.T. Mirzayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 10-iyul,
406-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.07.2024-y., 09/24/406/0500-son)