O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING “O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA MEHMONXONA BIZNESI VA XALQARO TURIZMNI YANADA RIVOJLANTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA” 2002 YIL 2 SENTYABRDAGI 310-SON QARORINI QISMAN O‘ZGARTIRISh HAQIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Mehmonxona komplekslarini rekonstruksiya qilishni jadallashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida mehmonxona biznesi va xalqaro turizmni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2002-yil 2-sentabrdagi 310-son qarorining 12-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“12. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahar hokimligi va “O‘zbekturizm” kompaniyasining buyurtmanomalari bo‘yicha mehmonxonalarni rekonstruksiya qilish, qurish, ulardan foydalanish va ularni boshqarish ishlarini amalga oshirishda qatnashish uchun tuzilgan muddatli mehnat kontraktlari amal qilishi davrida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarning davlat bojlari undirilmasdan vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini ta’minlasin, shuningdek muddatli mehnat kontraktlari amal qilishi davrida respublikaning boshqa mintaqalaridan jalb etiladigan mahalliy mutaxassislarning ro‘yxatdan o‘tkazilishini va ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini ta’minlasin”.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. SULTONOV
Toshkent sh.,
2003-yil 17-yanvar,
33-son