Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
qarori
Sudlar tomonidan maʼmuriy ishlarni taftish tartibida koʻrishning ayrim masalalari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligi, shuningdek, qonun normalarini bir xilda va toʻgʻri qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 22-moddasiga asoslanib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, maʼmuriy ishlarning taftish tartibida qayta koʻrilishi sud hujjatlarining qonuniyligi va asosliligini, sudlar tomonidan moddiy huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilishini va protsessual qonun talablariga rioya etilishini taʼminlovchi huquqiy institutning muhim qismi hisoblanadi.
2. Tushuntirilsinki, sud qarorlari ustidan taftish tartibida shikoyat qilish (protest keltirish) huquqiga ega boʻlgan shaxslar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi (bundan buyon matnda MSIYUtK deb yuritiladi) 249-moddasida keltirilgan.
Shu bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga koʻra, ayrim shaxslar, ishda ishtirok etuvchi shaxs hisoblanmasa ham boshqa shaxslar manfaatida sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat berishga haqli (masalan, oʻz aʼzolari manfaatida Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi).
Sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat qilish huquqiga ega boʻlgan shaxsning qonuniy vakili (ota-onalar, farzandlikka olganlar, vasiy, homiy va hokazo.) tomonidan keltirilgan taftish tartibidagi shikoyatga uning vakolatini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinishi lozim (MSIYUtK 59-moddasi).
Ishda ishtirok etuvchi shaxsning vakili, shu jumladan advokat, sud hujjati ustidan taftish tartibida shikoyat qilishga, basharti bunday huquq vakolat beruvchi tomonidan berilgan ishonchnomada maxsus koʻrsatilgan boʻlgandagina haqli (MSIYUtK 62-moddasining ikkinchi qismi).
Ishda ishtirok etuvchi shaxsning shuningdek, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari toʻgʻrisida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxsning huquqiy vorisi tomonidan berilgan taftish shikoyatiga huquq oʻtganligi faktini yoki bunday huquq oʻtishi mumkinligini tasdiqlovchi hujjatlar (yuridik shaxsning qayta tashkil etilganligi, huquqning meros tartibida oʻtishi, nikoh, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomalar, vasiyatnoma va hokazo.) ilova qilinishi kerak.
3. Tushuntirilsinki, MSIYUtK 250-moddasining mazmuniga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi (bundan buyon matnda viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar deb yuritiladi) tomonidan tumanlararo maʼmuriy sudlarning, hududiy harbiy sudlarning qonuniy kuchga kirgan, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha hal qiluv qarori, ajrimi, qarori, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyalari sudlarining qarori, ajrimi ustidan berilgan shikoyatlar (protestlar)ni taftish tartibida koʻrib chiqadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan taftish tartibida:
viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha sud hujjatlari;
viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar taftish instansiyasi (sudyasi)ning sud hujjatlari;
viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan birinchi instansiya boʻyicha qabul qilingan va apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan sud hujjatlari ustidan berilgan shikoyatlar (protestlar);
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan birinchi instansiya boʻyicha qabul qilingan va apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan sud hujjatlari ustidan berilgan shikoyatlar (protestlar) koʻrib chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining taftish tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha qabul qilingan sud hujjati ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi yoki Bosh prokurorining protesti Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida koʻrib chiqiladi.
4. MSIYUtKning 251-moddasiga koʻra, tumanlararo maʼmuriy sudlarning, hududiy harbiy sudlarning qonuniy kuchga kirgan, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha hal qiluv qarori, ajrimi, qarori, shuningdek, apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarori, ajrimi ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) viloyat yoki unga tenglashtirilgan sudning nomiga yoʻllanadi, lekin sud hujjatini qabul qilgan sudga beriladi.
Sud hujjatini qabul qilgan sud shikoyatni (protestni) u kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda taftish instansiyasi sudiga ish bilan birga yuborishi shart.
Tushuntirilsinki, sud hujjatini qabul qilgan sud taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarishga yoki uni qabul qilishni rad qilishga haqli emas.
Viloyat va unga tenglashtirilgan sud tomonidan taftish tartibida koʻrilgan ish boʻyicha sud hujjati ustidan berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati nomiga yoʻllanadi va bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining taftish tartibida koʻrilgan ishlar boʻyicha qabul qilingan sud hujjati ustidan protest keltirish toʻgʻrisidagi ariza tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi yoki Bosh prokuraturasiga beriladi.
5. Qonunga muvofiq, taftish tartibidagi shikoyat (protest) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan eʼtiboran bir yil ichida berilishi mumkin (MSIYUtK 252-moddasining birinchi qismi).
Shu sababli sudlar hal qiluv qarori u qabul qilingan kundan eʼtiboran bir oy oʻtgach, ish apellyatsiya tartibida koʻrilgan hollarda esa, ushbu instansiya sudining qarori qabul qilingan kundan boshlab qonuniy kuchga kirishini inobatga olishlari lozim.
Hal qiluv qarorining kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan oʻzgartirilganligi yoki bekor qilinganligidan qatʼiy nazar taftish tartibida shikoyat (protest) berishning bir yillik muddati hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab hisoblanadi.
Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, birinchi instansiya sudining apellyatsiya tartibida shikoyat qilinmagan (protest keltirilmagan) ajrimi, qarori u chiqarilgan kundan eʼtiboran bir oylik muddat oʻtgach qonuniy kuchga kiradi, chiqarilgan kundan eʼtiboran oʻn kunlik muddat oʻtgach qonuniy kuchga kiradigan ijro ishini yuritishni toʻxtatib turish yoki tugatish toʻgʻrisidagi ajrim, bundan mustasno (MSIYUtKning 286-moddasi).
Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarga taftish tartibida shikoyat (protest) berish muddati kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan qaror qabul qilinguniga qadar oʻtgan taqdirda, shikoyat (protest) kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan sud hujjati qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida berilishi mumkin (MSIYUtK 252-moddasining ikkinchi qismi).
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida shikoyat (protest) berish muddati viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida qaror qabul qilinguniga qadar oʻtgan taqdirda, shikoyat (protest) ushbu sudlar tomonidan ishni taftish tartibida koʻrish natijalari boʻyicha qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida berilishi mumkin (MSIYUtK 252-moddasining uchinchi qismi).
Sudlarga tushuntirilsinki, MSIYUtK 252-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida belgilangan muddatlarda berilgan taftish tartibidagi shikoyat (protest) qonunda belgilangan muddatda berilgan hisoblanadi va bunday hollarda shikoyat (protest) berish muddatini tiklash talab etilmaydi.
6. Agar taftish tartibidagi shikoyat (protest) pochta yoki Oliy sud axborot tizimi orqali protsessual muddatning oxirgi kuni soat yigirma toʻrtga qadar joʻnatilgan boʻlsa, shikoyat (protest) berish muddati oʻtmagan hisoblanadi. Bunday holda taftish shikoyati (protesti) berish sanasi aloqa xati qabul qilinganligini tasdiqlovchi konvertdagi shtamp, buyurtma xat qabul qilinganligi haqidagi kvitansiya yoxud boshqa belgi boʻyicha aniqlanadi.
7. Qonunda belgilangan muddat oʻtgandan keyin berilgan shikoyatga (protestga) oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash haqidagi iltimosnoma ilova qilinishi lozim.
Iltimosnomada shikoyat (protest) berayotgan shaxs tomonidan muddatni oʻtkazib yuborganlik sabablari koʻrsatilishi lozim.
Iltimosnoma shikoyatda (protestda) yoki alohida arizada bayon qilinishi hamda shikoyat (protest) bilan birga taqdim qilinishi kerak.
8. Taftish tartibida shikoyat (protest)ni oʻz vaqtida berishga toʻsqinlik qilgan obyektiv holatlar (masalan, shikoyat bergan shaxsning sud hujjatidan bexabarligi, favqulodda holatlar, suv toshqinlari, epidemiyalar, pandemiya, karantin va hokazo) uzrli sabablar hisoblanadi.
Shaxsning uzoq davomli ogʻir kasallikka chalinganligi, uning oilaviy ahvoli (masalan, oila aʼzosining oʻlimi yoki ogʻir kasalligi), shuningdek, boshqa holatlar, agar ular qonunda belgilangan muddatda taftish shikoyatini berishni istisno etgan yoxud jiddiy ravishda qiyinlashtirgan boʻlsa, uzrli sabablar deb topilishi mumkin.
Huquqiy yordam yoki davlat boji toʻlash uchun pul mablagʻlarining mavjud emasligi taftish shikoyati berish muddati oʻtganligining uzrli sabablari sifatida hisoblanishi mumkin emas.
9. Tushuntirilsinki, taftish tartibidagi shikoyat (protestni) berishning oʻtkazib yuborilgan muddatini tiklash masalasi viloyat va unga tenglashtirilgan sudning sudyasi tomonidan yakka tartibda hal qilinadi va bu haqda shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish yoki uni qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida shikoyat (protestni) berishning oʻtkazib yuborilgan muddatini tiklash masalasi alohida ajrim yoxud shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrim bilan hal qilinadi.
Shikoyat (protest) berishning oʻtkazib yuborilgan muddati tiklanishi rad etilganligi sababli (MSIYUtK 256-moddasi birinchi qismining 6-bandi) uni qabul qilishni rad etish haqidagi ajrimda oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash qaysi asoslarga koʻra rad etilganligi, ajrimning xulosa qismida esa, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash rad etilganligi koʻrsatilishi lozim.
Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) berish muddati uzrli deb topilgan sabablarga koʻra tiklanganda, shikoyat (protest) berish huquqiga ega boʻlgan boshqa shaxslar tomonidan oʻtkazib yuborilgan muddatni, oʻtkazib yuborilishi sabablaridan qatʼiy nazar, tiklash toʻgʻrisidagi masalani qoʻshimcha ravishda koʻrib chiqish talab etilmaydi. Bu shaxslar tomonidan shikoyat (protest) protsessual qonun talablariga rioya etgan holda sud muhokamasi tugaguniga qadar taftish instansiyasi sudiga berilishi mumkin va umumiy asoslarda koʻrib chiqilishi lozim.
10. Sudlarga tushuntirilsinki, taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) viloyat va unga tenglashtirilgan sudning ish yuritishga qabul qilish, qabul qilishni rad etish yoki qaytarish toʻgʻrisidagi masala sudya tomonidan yakka tartibda shikoyat (protest) ish hujjatlari bilan birga sudga kelib tushgan kundan eʼtiboran besh kundan kechiktirmay hal qilinadi (MSIYUtK 258-moddasining birinchi qismi).
Ajrimda shikoyatni qaytarish, ish yuritishga qabul qilishni rad etish asoslari bilan birga shikoyat berishda toʻlangan davlat bojini qaytarish haqida ham koʻrsatilishi lozim. Bunda qonunda nazarda tutilmaganligi bois, pochta xarajatlari qaytarilmaydi.
MSIYUtKda belgilangan shakl va mazmun talablariga rioya etgan holda berilgan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda uni koʻrib chiqish vaqti va joyi koʻrsatiladi (MSIYUtKning 259-moddasi).
Agar sud majlisi videokonferensaloqa rejimida oʻtkaziladigan boʻlsa, bu haqda taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish va sud muhokamasiga koʻrib chiqish uchun tayinlash toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatilishi lozim. Ajrim ishda ishtirok etuvchi shaxslarga va videokonferensaloqa oʻtkazilishida koʻmaklashadigan sudga yuboriladi (MSIYUtKning 144-moddasi).
Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar sudyalarining taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish, qabul qilishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimlariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga taftish tartibida shikoyat (protest) berilishi mumkin.
11. Sudlarga tushuntirilsinki, MSIYUtKning 256, 257-moddalarida keltirilgan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni rad etish, qaytarish asoslarining roʻyxatlari tugal hisoblanadi va kengaytirilgan tarzda talqin qilinmaydi.
Sudlar shuni inobatga olishi lozimki, agar taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish uchun bir nechta asoslar mavjud boʻlsa, sud ajrimida ushbu asoslarning har biri koʻrsatib oʻtilishi va ular bartaraf etilgach, shikoyatni (protestni) bergan shaxs taftish tartibidagi shikoyat (protest) bilan sudga umumiy tartibda yangidan murojaat qilishga haqli ekanligi tushuntirilishi kerak.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) qaytarish toʻgʻrisidagi ajrimda koʻrsatilgan ayni bir xil kamchilik bilan takroran shikoyat (protest) keltirilganda, ayni bir asoslar bilan shikoyatni (protestni) qaytarish toʻgʻrisida ajrim chiqarilmasdan, shikoyat (protest) bergan shaxsga ajrimda koʻrsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrish haqida yozma tushuntirish berish hamda shikoyat (protest) va unga ilova qilingan hujjatlarni qaytarish lozim.
12. Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish haqidagi masalani hal qilishda sudlar shikoyat (protest) bergan shaxs tomonidan MSIYUtK 253-moddasining har bir talabiga rioya qilinganligini tekshirishlari lozim.
Qonunning ushbu moddasi mazmunidan koʻrinishicha, taftish tartibidagi shikoyat (protest) bitta ish doirasida qabul qilingan sud hujjatlari ustidan berilishi mumkin. Aynan qaysi sud hujjati ustidan shikoyat (protest) berilganligi noaniq yoki shikoyat (protest) bir nechta ish boʻyicha qabul qilingan turli sud hujjatlari ustidan berilgan boʻlsa, shikoyat (protest) MSIYUtK 257-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan qaytariladi.
13. MSIYUtK 253-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, ishga jalb qilinmagan shaxsning taftish tartibidagi shikoyatida qonuniy kuchga kirgan sud hujjati bilan uning qanday huquqlari, erkinliklari yoki qonuniy manfaatlari buzilganligi koʻrsatilishi kerak. Ushbu talabga rioya qilmaslik MSIYUtK 257-moddasi birinchi qismining 2-bandiga asosan shikoyatni qaytarish uchun asos boʻladi.
Sud hujjatlari ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl qilmaganligi aniqlanganda, uning taftish tartibidagi shikoyatini MSIYUtK 256-moddasi birinchi qismining 1-bandiga asosan ish yuritishga qabul qilish rad etilishi lozim.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi MSIYUtKning 249 — 255-moddalarida belgilangan qoidalarga muvofiq berilgan taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga, zarur boʻlgan taqdirda esa ishni talab qilib olgan holda oʻrganadi.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) oʻrganish natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi:
taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilishni MSIYUtKning 256-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra rad etish toʻgʻrisida;
taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) MSIYUtK 257-moddasi birinchi qismining 1 — 6 bandlarida nazarda tutilgan asoslarga koʻra qaytarish toʻgʻrisida;
agar sud hujjatlarini taftish tartibida tekshirish asoslari mavjud boʻlmasa, taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida;
taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish va uni koʻrib chiqish uchun ish bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
Shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish va uni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish yoki oʻtkazishni rad etish masalasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi tomonidan shikoyat (protest) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay yakka tartibda hal qilinadi (MSIYUtK 261-moddasining toʻrtinchi qismi).
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) ish yuritishga qabul qilingandan soʻng barcha masalalar sudlov hayʼati tarkibi tomonidan hal qilinadi.
Sudlarning eʼtibori, taftish tartibidagi protestni sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmasligiga qaratilsin (MSIYUtK 261-moddasi uchinchi qismining 3-bandi).
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi taftish tartibidagi protestni qaytarish yoki ish yuritishga qabul qilishni rad etish asoslari mavjud boʻlmasa, uni ish yuritishga qabul qilish va uni koʻrib chiqish uchun ish bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish toʻgʻrisida ajrim chiqaradi.
15. Sudlarga tushuntirilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining taftish tartibidagi shikoyatni sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimi qonuniy va asoslantirilgan boʻlishi lozim. Xususan, shikoyatda keltirilgan har bir vaj atroflicha oʻrganilib, ajrimda ularga huquqiy baho berilgan boʻlishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi yoki uning oʻrinbosari sudyaning taftish tartibidagi shikoyatni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimiga qoʻshilmaslikka hamda taftish tartibidagi shikoyatni bergan shaxsning arizasiga asosan uni bekor qilish, shikoyatni ish yuritishga qabul qilish va shikoyatni koʻrib chiqish uchun ish bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga oʻtkazish haqida ajrim chiqarishga haqli (MSIYUtK 262-moddasining uchinchi qismi). Bunday ajrim chiqarilganda, Oliy sud sudyasi ushbu ajrim chiqarilgan kunning ertasidan kechiktirmay MSIYUtKning 263-moddasi tartibida ishni sud muhokamasida koʻrib chiqish uchun tayinlash haqida ajrim chiqaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasining taftish tartibidagi shikoyatni sudlov hayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimini bekor qilishga asoslar mavjud boʻlmagan hollarda bu haqda taftish tartibidagi shikoyat bergan shaxsga yozma xabar beriladi.
16. MSIYUtK 265-moddasining birinchi qismiga muvofiq, ishni taftish tartibida koʻrayotgan sud (sudya) ishda ishtirok etuvchi shaxslar iltimosnomasiga koʻra sud hujjatlari ijrosini ish boʻyicha taftish instansiyasi sudida ish yuritish tamomlanguniga qadar toʻxtatib turishga haqli.
Sud hujjati ijrosini toʻxtatib turish yoki uning ijrosini toʻxtatib turishni rad etish haqida sud (sudya) taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish toʻgʻrisidagi ajrimda yoxud alohida ajrimda koʻrsatadi.
Sud (sudya) ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasiga koʻra taftish shikoyatini (protestni) ish yuritishga qabul qilish bilan bir vaqtda taftish instansiyasi sudida ish yuritish tamomlanguniga qadar ish boʻyicha MSIYUtKning 93-moddasida nazarda tutilgan dastlabki himoya choralarini qoʻllashga haqli.
17. Shuni nazarda tutish lozimki, qonunda taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrmasdan qoldirish va taftish tartibidagi shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritishni tugatish uchun turlicha asoslar nazarda tutilgan boʻlib, ularning huquqiy oqibatlari ham bir-biridan jiddiy farq qiladi.
Taftish tartibidagi shikoyat (protest) MSIYUtKning 2661-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha koʻrmasdan qoldirilganda, uni koʻrmasdan qoldirish uchun asos boʻlgan holatlar bartaraf qilinganidan soʻng, shikoyat (protest) yangidan berilishi mumkin.
MSIYUtK 2662-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha ish yuritish tugatilganda, ayni bir shaxsning ayni shu asoslar boʻyicha taftish shikoyati (protesti) bilan sudga takroran murojaat qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) koʻrmasdan qoldirish yoki shikoyat boʻyicha ish yuritishni tugatish toʻgʻrisida ajrim chiqariladi.
18. Ish taftish instansiyasi sudida MSIYUtKda belgilangan qoidalar boʻyicha, 28-bobda nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda koʻriladi.
MSIYUtKning 266-moddasiga koʻra, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati tomonidan ishni taftish tartibida koʻrishda ishda ishtirok etuvchi shaxslar ishni koʻrish vaqti va joyi haqida xabardor qilinadi.
Ushbu shaxslar ishni koʻrish vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilinganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlmaganda, ulardan birining sud majlisiga kelmaganligi, ishni koʻrishni keyinga qoldirishga asos boʻladi.
Taftish instansiyasi sudi ishda ishtirok etuvchi shaxslar ishni koʻrish vaqti va joyi haqida tegishli tartibda xabardor qilinganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlganda ham, agar ulardan biri kelmaganligi sababini uzrli deb topsa, ishni koʻrishni keyinga qoldirishga haqli.
Sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tartibda xabardor qilingan shaxslarning taftish instansiyasi sudining majlisiga kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
19. MSIYUtKning 43-moddasiga asosan protsessual huquqiy vorislik sud protsessining har qanday bosqichida amalga oshirilishi mumkinligini inobatga olgan holda, taraflarning biri yoki uchinchi shaxs nizoli yoxud sudning hal qiluv qarori bilan aniqlangan huquqiy munosabatdan chiqib ketgan taqdirda (fuqaroning oʻlimi, yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi va hokazo) taftish instansiyasi sudi ushbu shaxslarni ularning huquqiy vorislari bilan almashtiradi hamda ularga ishga doir barcha materiallar bilan tanishishga imkon beradi.
Huquqiy vorisning protsessga kirishganligi haqida taftish instansiyasi sudi ajrim chiqaradi va protsessdan chiqib ketgan ishtirokchining barcha huquq va majburiyatlari huquqiy vorisga oʻtishini tushuntiradi.
20. MSIYUtKning 2665-moddasiga muvofiq, taftish tartibida shikoyat bergan shaxs ishni koʻrish yakuni boʻyicha sud hujjati chiqarilguniga qadar shikoyatdan voz kechishga, protest keltirgan prokuror, shuningdek yuqori turuvchi prokuror, protestni chaqirib olishga haqli.
Shikoyatdan voz kechilganligi (protest chaqirib olinganligi) munosabati bilan shikoyat (protest) boʻyicha ish yuritishni tugatish masalasi sud majlisida hal qilinadi va bunda shaxsning shikoyatdan voz kechish (protestni chaqirib olish) vakolati tekshirilishi zarur. MSIYUtKning 62-moddasi mazmuniga koʻra, ishda ishtirok etuvchi shaxsning vakili, agar ishonchnomada bunday huquq maxsus koʻrsatilmagan boʻlsa, taftish tartibidagi shikoyatdan voz kechishga haqli emas.
Shikoyatdan voz kechish qabul qilinganda (protest chaqirib olinganda) sud ushbu shikoyat (protest) boʻyicha taftish tartibida ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqaradi. Sud hujjatiga nisbatan shikoyat (protest) qilish huquqiga ega boʻlgan boshqa shaxs tomonidan ish boʻyicha shikoyat (protest) berilgan boʻlsa, u umumiy asoslarda koʻrib chiqiladi.
Ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha taftish instansiyasida shikoyat boʻyicha ish yuritishni tugatish ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga taftish tartibida shikoyat bilan murojaat qilishga toʻsqinlik qilmaydi.
21. Tushuntirilsinki, ishni taftish tartibida koʻrishda sud yangi dalillarni oʻrganib chiqishi va yangi faktlarni aniqlashi mumkin. Sud shikoyatda bayon etilgan vajlar bilan cheklanmasdan, sud hujjatining qonuniyligi va asosliligini toʻliq hajmda tekshirishi lozim. Shuningdek, sud hal qiluv qarori, qaror ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlariga taʼsir etmaganligini ham tekshiradi.
Sudlarga tushuntirilsinki, moddiy huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi deganda qoʻllanilishi lozim boʻlgan qonunning yoki boshqa qonunchilik hujjatining qoʻllanilmaganligi, qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan qonun yoki boshqa qonunchilik hujjati qoʻllanilganligi, qonun yoki boshqa qonunchilik hujjati notoʻgʻri talqin qilinganligi tushuniladi.
22. Agar bildirilgan talab boʻyicha hal qiluv qarori, qaror qabul qilinmagan yoki ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilingan boʻlsa, taftish instansiyasi sudi apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasining qarorini bekor qiladi va MSIYUtK 2667-moddasi birinchi qismining 3-bandiga asosan ishni yangidan koʻrish uchun tegishli instansiya sudiga yuboradi.
Shuni nazarda tutish lozimki, qonunga muvofiq, sud qarori bekor qilinganda, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bundan birinchi instansiya sudining ishni mazmunan hal qilmagan ajrimlari bekor qilingan hollar mustasno (masalan, arizani ish yuritishga qabul qilishni rad etish, qaytarish, koʻrmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish va hokazo).
Sudlar eʼtibori bildirilgan talab boʻyicha qaror qabul qilinmaganligiga ariza (shikoyat)da, shuningdek ariza (shikoyat)ning predmetini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi arizada (qoʻshimcha ariza va shikoyatlarda) koʻrsatilgan talablar boʻyicha hal qiluv qarori va (yoki) qarorning qabul qilinmaganligi tushunilishiga qaratilsin.
23. Sudlarga tushuntirilsinki, ijro etilgan sud hujjati oʻzgartirilib yoki bekor qilinib, keltirilgan talabni toʻliq yoki qisman rad etish toʻgʻrisida yangi sud hujjati qabul qilinganda yoxud ish yuritish tugatilganda yoki ariza (shikoyat) koʻrmasdan qoldirilganda, bekor qilingan yoki tegishli qismi oʻzgartirilgan sud hujjati boʻyicha arizachining foydasiga undirilgan hamma narsa javobgarga qaytariladi.
Ijro etilmagan sud hujjati bekor qilinib yoki oʻzgartirilib, bildirilgan talabni toʻliq yoxud qisman rad etish toʻgʻrisida yangi sud hujjati qabul qilinganda, ish yuritish tugatilganda yoki ariza (shikoyat) koʻrmasdan qoldirilganda esa, sud bekor qilingan yoki tegishli qismi oʻzgartirilgan sud hujjati boʻyicha undirishni toʻliq yoki qisman bekor qilish haqida sud hujjatini qabul qiladi.
24.Taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) mazmunan koʻrish natijalari boʻyicha taftish instansiyasi sudi qaror qabul qiladi.
Taftish instansiyasi sudi qarori ishni koʻrish tugashi bilanoq darhol qabul qilinadi. Ayrim hollarda asoslantirilgan qarorni tayyorlash besh kungacha boʻlgan muddatga kechiktirilishi mumkin, biroq uning xulosa qismini sud taftish tartibidagi shikoyat (protest) muhokamasi tamomlangan majlisning oʻzida eʼlon qilishi kerak.
Taftish instansiyasi sudi qarori qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
25. Taftish instansiyasi sudining eʼtibori taftish shikoyatida (protestida) keltirilgan har bir vajni uning asosli yoki asossizligi haqidagi xulosani qarorda koʻrsatgan holda muhokama qilish zarurligiga qaratilsin.
Taftish instansiyasi sudi qarorining xulosa qismida shikoyatni (protestni) koʻrish natijalari toʻgʻrisidagi xulosalar, shu jumladan, sud xarajatlari taqsimlanishi koʻrsatilishi lozim.
Taftish instansiyasi sudi chiqarilgan qarorni eʼlon qilganidan soʻng, sud protsessi ishtirokchilariga qabul qilingan qarorning mazmun-mohiyatini, uning ustidan shikoyat qilish tartibini, shuningdek, sud majlisi bayonnomasi bilan tanishish muddatini tushuntirishi shart.
26. Ishni taftish tartibida koʻrgan sudning qarorida bayon etilgan koʻrsatmalar mazkur ishni yangidan koʻrayotgan sud uchun majburiydir. Ushbu koʻrsatmalarni bajarmaslik, agar bu ish holatlarining toʻliq aniqlanmaganligiga olib kelgan boʻlsa, ishni yangidan koʻrishda qabul qilingan qarorni bekor qilishga asos boʻlishi mumkin.
Bunda, ishni taftish tartibida koʻrayotgan sud hal qiluv qarorida, qarorda aniqlanmagan yoxud rad etilgan holatlarni aniqlashga yoki isbotlangan deb hisoblashga, u yoki bu dalilning ishonchliligi yoki ishonchsizligi, bir dalilning boshqalaridan ustunligi, ishni yangidan koʻrishda qanday qaror qabul qilinishi kerakligi toʻgʻrisidagi masalalarni oldindan hal etishga haqli emas.
Ishni taftish tartibida koʻrayotgan sud MSIYUtK 2667-moddasi birinchi qismining 3-bandiga asosan ishni yangidan koʻrish uchun yuborishda sudlarga bajarib boʻlmaydigan koʻrsatmalarni berishga haqli emas.
27. Sudning ajrimi, qarori ustidan MSIYUtKda nazarda tutilgan hollarda taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Taftish instansiyasi sudi ajrim, qaror ustidan berilgan shikoyatni (protestni) koʻrish natijalari boʻyicha MSIYUtK 26611-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan qarorlardan birini qabul qiladi.
28. Taftish instansiyasi sudi MSIYUtK 163, 164-moddalarida nazarda tutilgan hollarda:
qarorni tushuntirishga;
qaror matnida yoʻl qoʻyilgan xatolarni va arifmetik xatolarni tuzatishga haqli.
Ushbu masalalar sud majlisida ishda ishtirok etuvchi shaxslarni sud majlisi oʻtkazilishi vaqti va joyi haqida xabardor qilgan holda koʻriladi. Biroq, mazkur shaxslarning kelmasligi bu masalalarni hal etish uchun toʻsqinlik qilmaydi.
29. Taftish instansiyasi sudi, davlat organining yoki boshqa organning, yuridik shaxsning, mansabdor shaxsning yoki fuqaroning faoliyatida qonunchilik hujjatlarining buzilganligi aniqlangan taqdirda, ularning ishda ishtirokidan qatʼi nazar, xususiy ajrim chiqarishga haqli. Agar sud ularning harakatlarida jinoyat alomatlarini aniqlasa, bu haqda jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda prokurorga xabar beradi.
Xususiy ajrim chiqarilganligi yoki prokurorga xabarnoma yuborilishi haqida sud majlisida eʼlon qilinadi va bu haqda sud majlisi bayonnomasida koʻrsatiladi.
30. Protsessual qonun normalarini bir xilda va toʻgʻri qoʻllanilishi amaliyotini shakllantirish maqsadida viloyat va ularga tenglashtirilgan sudlarga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga maʼmuriy ishlarni taftish tartibida koʻrish sud amaliyotini umumlashtirib borish tavsiya etilsin.
Oliy sud raisi B. ISLAMOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi N. XAKIMOVA
Toshkent sh.,
2024-yil 25-iyun,
22-son