Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish tizimini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yangi bosqichga koʻtarish, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklari himoyasining kafolatlarini kuchaytirish, shuningdek, aholining huquqni muhofaza qilish tizimiga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, sud-tergov amaliyoti inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini taʼminlash boʻyicha samarali mexanizmlar toʻliq ishga solinmaganligi, shuningdek, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud orqali ishonchli taʼminlash choralarini kuchaytirish zarurati mavjudligini koʻrsatmoqda.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqib, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda taʼminlash, shuningdek, tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini samarali himoya qilinishiga erishish maqsadida:
1. Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Adliya vazirligining 2025-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:
jinoyat ishlari boʻyicha sudga qadar ish yurituv davrida protsessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarida alohida sudyalar — tergov sudyalari tomonidan koʻrib chiqilishi tartibini joriy etish;
jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimini kiritish;
jinoyat ishlari boʻyicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta koʻrib chiqilishi tartibini belgilash;
tergov sudyalariga maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatini berish;
tergov sudyalari tomonidan koʻrib chiqiladigan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta koʻrib chiqishning amaldagi tartibini saqlab qolish.
2. Tergov sudyasiga quyidagi jinoyat materiallarini, shu jumladan sanksiyalar va majburlov choralarini qoʻllash masalasini koʻrib chiqish vakolati berilsin:
a) quyidagilar boʻyicha sanksiyalar:
qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash bilan bogʻliq iltimosnoma;
qamoqda saqlash yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish masalalari bilan bogʻlik, iltimosnoma;
pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi iltimosnoma;
murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma;
pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma;
tintuv oʻtkazish haqidagi iltimosnoma;
telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan soʻzlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma;
mol-mulkni xatlash toʻgʻrisidagi iltimosnoma;
b) quyidagilar boʻyicha majburlov choralari:
ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma;
shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma;
ayblanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnomasi;
ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatga qadar uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma;
v) prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy daʼvogarning) koʻrsatuvlarini oldindan mustahkamlash toʻgʻrisidagi iltimosnomasi.
3. Quyidagilar tergov sudyasi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
qonunchilikda belgilangan tartibda tergov sudyasiga yuklatilgan vazifalarni adolatli va xolisona bajarish;
qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini taʼminlash;
fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini sud yoʻli bilan samarali himoya qilish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
tergov sudyasi oʻz faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga boʻysunadi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
tergov sudyalarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, shuningdek, sudyalar korpusini shakllantirish qonunda belgilangan tartibga muvofik, amalga oshiriladi;
tergov sudyasining tashkiliy faoliyatiga rahbarlik tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi raislari tomonidan amalga oshiriladi.
5. Tergov sudyasi lavozimi uchun shtat birliklari sudlarning mavjud shtat birliklari hamda 2025 — 2027-yillar uchun ajratiladigan qoʻshimcha shtat birliklari hisobidan shakllantirilsin.
Oliy sud raisi B. Islamov jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlarining ish hajmidan kelib chiqib ajratiladigan shtat birliklarining cheklangan sonini belgilasin.
6. Sudyalar oliy kengashi Oliy sud bilan birgalikda 2025-yil 1-yanvarga qadar tergov sudyasi lavozimi joriy etiladigan sudlarning yuqori malakali va masʼuliyatli kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.
7. Oliy sud Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni kiritsin.
8. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oliy sud raisi B.D. Islamov belgilansin.
Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi D.B. Kadirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 10-iyun,
PF-89-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.06.2024-y., 06/24/89/0412-son)