O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IJARAGA OLINGAN BINOLAR VA XONALARDA JOYLAShGAN, DAVLAT TASARRUFIDAN ChIQARILGAN VA XUSUSIYLAShTIRILGAN AHOLIGA MAIShIY XIZMAT KO‘RSATISh, SAVDO, UMUMIY OVQATLANISh HAMDA SOG‘LIQNI SAQLASh KORXONALARI VA TAShKILOTLARINING FAOLIYATI TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish, savdo, umumiy ovqatlanish va sog‘liqni saqlash korxonalarining mulkchilik shakli o‘zgartirilgan sharoitlarda uzluksiz ishlashini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlari:
mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan, sanoat korxonalaridan, jamoa va davlat xo‘jaliklaridan, tashkilotlar va korxonalardan ijaraga olingan ishlab chiqarish maydonlarida hamda uy-joylar yoniga qurilgan binolarda mehmonxonalarda, do‘konlarida joylashgan aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish, savdo, umumiy ovqatlanish va sog‘liqni saqlash obyektlarini qat’iy hisobga olishni ta’minlasinlar hamda ularning aholiga xizmat ko‘rsatish sohasini saqlab qolishga ko‘maklashsinlar;
davlat mulkini tasarruf etuvchi bilan mulkning yangi egasi o‘rtasidagi bitim amalda bo‘lgan davrda yuqorida qayd etilgan binolar va xonalarda joylashgan aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish, savdo, umumiy ovqatlanish hamda sog‘liqni saqlash obyektlarini olib qo‘yish yoki yopib qo‘yishni taqiqlasinlar, hukumat qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasnodir.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Xalq iste’mol mollari, savdo va pulli xizmat ko‘rsatish hamda Ijtimoiy masalalar, fan va madaniyat bo‘limlariga yuklansin.
Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari I. JO‘RABEKOV
Toshkent sh.,
1994-yil 2-mart,
110-son