Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga yongʻinlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 26-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 9-fevralda maʼqullangan
Senat tomonidan 2024-yil 9-fevralda maʼqullangan
Keyingi yillarda respublikamizda yongʻinlar profilaktikasi samaradorligini oshirish va yongʻin xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish, fuqarolar hayoti hamda sogʻligʻining, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslar mulkining ishonchli himoya qilinishini taʼminlash imkoniyatini beruvchi yaxlit yongʻin xavfsizligi tizimini yaratish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga yongʻinlar profilaktikasi samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar tushuntirish va profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirish bilan bir qatorda yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilishini taqozo etmoqda.
Shuningdek huquqiy taʼsir choralarini qoʻllashdagi mutanosiblik va yetarlilikning konstitutsiyaviy prinsiplariga rioya etilishini taʼminlash maqsadida yongʻin xavfsizligi qoidalarining buzilishi bilan bogʻliq ayrim maʼmuriy javobgarlik choralarini liberallashtirish talab etiladi.
Mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik choralarini kuchaytirishni, oʻrmonlarda yongʻin xavfsizligi talablarini buzish yongʻin chiqishiga olib kelganligi uchun maʼmuriy javobgarlik belgilashni, shuningdek yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik choralarini tadbirkorlik subyektlariga nisbatan toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllash huquqi davlat yongʻin nazorati organlariga berilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari shaxslarning ehtiyotsizligi yoki yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sogʻligʻiga zarar yetishi yoxud oʻzganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yoʻq qilinishi bilan bogʻliq boʻlmagan tarzda yongʻin sodir boʻlganda bunday shaxslarni javobgarlikdan ozod qilish belgilanmoqda.
Ushbu Qonun yongʻinlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga, yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy taʼsir koʻrsatish choralarining yanada samarali qoʻllanilishini taʼminlashga, shuningdek davlat yongʻin nazorati organlarining vakolatlarini aniqlashtirishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 3, 6-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; 1996-yil, № 5-6, 69-modda, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 4-5, 126-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda, № 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 9, 498-modda, № 10, 536-modda, № 12, 656, 659-moddalar; 2007-yil, № 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, № 9, 416, 421-moddalar, № 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 181, 189, 192-moddalar, № 9, 486, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 9, 334, 335, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010-yil, № 5, 175, 179-moddalar, № 6, 231-modda, № 9, 335, 339, 341-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 4, 104, 105-moddalar, № 9, 247, 252-moddalar, № 12/2, 365-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 1, 2-modda, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 430, 431, 432-moddalar, № 10, 671, 673, 679-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161, 165, 166-moddalar, № 5, 259, 261, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469, 471-moddalar, № 9, 591, 592-moddalar, № 10, 674, 676-moddalar, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 203, 204-moddalar, № 7, 449-modda, № 9, 539, 540-moddalar, № 10, 593, 596-moddalar, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 7, 12, 13, 14-moddalar, № 2, 142-modda, № 3, 217-modda, № 4, 290, 293-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 802, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 966, 967, 968, 973-moddalar, № 11, 1066-modda; 2022-yil, № 1, 1, 2-moddalar, № 2, 80, 81-moddalar, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 465, 466, 467-moddalar, № 8, 787-modda, № 10, 981, 984-moddalar, № 12, 1188-modda; 2023-yil, № 3, 184, 185, 188, 189-moddalar, № 4, 265, 266, 268-moddalar, № 5, 319, 320-moddalar, № 7, 533, 534, 535, 537, 539-moddalar, № 8, 634-modda, № 10, 798-modda) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin:
1) 84-modda quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etish, agar yongʻin chiqishiga olib kelgan boʻlsa, —
fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan oʻn besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”;
2) 211-modda:
birinchi qismining sanksiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”;
ikkinchi qismining sanksiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan oʻn besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”;
uchinchi qismining sanksiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”;
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Shaxsning ehtiyotsizligi yoki yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sogʻligʻiga zarar yetishi yoxud oʻzganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yoʻq qilinishi bilan bogʻliq boʻlmagan tarzda yongʻin sodir boʻlganda mazkur shaxs yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi”;
3) 245-moddaning uchinchi qismidagi “va 283-moddasida” degan soʻzlar “211 va 283-moddalarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
4) 249-modda ikkinchi qismining:
ikkinchi xatboshisidagi “fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravarigacha” degan soʻzlar “fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravarigacha” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshisidagi “fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — sakkiz baravarigacha” degan soʻzlar “fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn besh baravarigacha” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshisidagi “fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravarigacha” degan soʻzlar “fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — oʻn baravarigacha” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshisidagi “fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — ikki baravarigacha” degan soʻzlar “fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravarigacha” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshisidagi “fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir baravarigacha” degan soʻzlar “fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — uch baravarigacha” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 13-mart,
OʻRQ-919-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.03.2024-y., 03/24/919/0208-son)