Oʻzbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining
qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya A. Xolmuminov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya A. Maxammadiyev
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya A. Maxammadiyev
Surxondaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati S.A. Allaberdiyevning raisligida, hayʼat aʼzolari U.U. Tojiyev va A.T. Maxammadiyevlardan iborat tarkibda, U.F. Panjiyevning kotibligida, “TJC” MChJ taʼsischisi N.A. (pasport asosida), javobgar vakili D.E. (2024-yil 04-yanvardagi 01-sonli ishonchnoma asosida), javobgar “AND” MChJ vakili X.B. (ishonchnoma va advokatlik orderi asosida) ishtirokida, Qumqoʻrgʻon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 03-noyabrda qabul qilingan hal qiluv qarori ustidan “TJC” MChJ taʼsischisi A.N.A. tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati ish hujjatlari bilan birgalikda, Surxondaryo viloyat sudi binosida, videokonferensaloqa rejimidagi ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Daʼvogar — “TJC” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi — A.N.A. (keyingi oʻrinlarda daʼvogar deb yuritiladi) sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, javobgarlar — “TJC” masʼuliyati cheklangan jamiyati va “AND” masʼuliyati cheklangan jamiyati (keyingi oʻrinlarda “javobgar” deb yuritiladi) oʻrtasidagi 08.01.2021-yildagi 86-SV-sonli shartnomani haqiqiy emas deb topishni soʻragan. Sudning 2023-yil 17-oktabr kunidagi ajrimiga asosan “TJC” masʼuliyati cheklangan jamiyatining taʼsischisi X.A.B. nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilingan.
Sudning 2023-yil 26-oktabr kunidagi ajrimiga asosan Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi hamda ATB Agrobank nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida ishga jalb qilingan.
Qumqoʻrgʻon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 03-noyabrda qabul qilingan hal qiluv qarori bilan daʼvo talabini qanoatlantirish rad etilib, daʼvogar hisobidan Respublika budjeti hamda sud organlarini rivojlantirish jamgʻarmasiga 3300000 soʻm davlat boji va 33000 soʻm pochta xarajati undirish belgilangan.
Daʼvogar mazkur hal qiluv qaroridan norozi boʻlib keltirgan apellatsiya shikoyatida sud ish holatlarini toʻliq oʻrganmaganligini, dalillarga yetarlicha baho bermaganligini maʼlum qilib, hal qiluv qarorini bekor qilishni soʻragan.
Sud muhokamasining vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan “TJC” masʼuliyati cheklangan jamiyatining taʼsischisi X.A.B., Surxondaryo viloyati soliq boshqarmasi hamda ATB Agrobank sud majlisida oʻz vakilining ishtirokini taʼminlamadi.
Sudlov hayʼati, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining (keyingi oʻrinlarda — IPK) 274-moddasiga asosan ishni uning ishtirokisiz koʻrib chiqish mumkin degan xulosaga keldi.
Ish apellatsiya instansiya sudida koʻrilishi jarayonida ishtirok etgan daʼvogar vakili shikoyatni qoʻllab-quvvatlab, korxona taʼsischisi ekanligini, taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomadan xabari yoʻqligini, korxona rahbari uning ishtirokisiz qaror qabul qilganligini taʼkidlab, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni soʻradi.
Ish apellatsiya instansiya sudida koʻrilishi jarayonida ishtirok etgan javobgar vakillari daʼvogar tomonidan keltirilgan apellatsiya shikoyatini asossizligini, ish holatlari toʻliq oʻrganib chiqilganligini taʼkidlab, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻrashdi.
Sudlov hayʼati, ish yuzasidan daʼvogar va javobgar vakillarining tushuntirishlarini tinglab, apellatsiya shikoyatida keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ishdagi mavjud hujjatlarni oʻrganib chiqib, quyidagi asoslarga koʻra birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz, shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topdi. Sudda aniqlanishicha, “TJC” masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischilarining 2020-yil 26-avgustdagi 11/20-K-sonli yigʻilish qaroriga asosan “TJC” masʼuliyati cheklangan jamiyatining nizomi tasdiqlanib, Qumqoʻrgʻon tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan 2020-yil 15-sentabrda 293811-raqam bilan roʻyxatga olingan.
Jamiyatning nizom jamgʻarmasi 3 150 000 000 soʻmdan iborat boʻlib, taʼsischi X.A.B.ning ulushi 2 116 800 000 soʻm, yaʼni 67,2 foizni, taʼsischi A.N.A.ning ulushi esa 1 033 200 000 soʻm, yaʼni 32,8 foizni tashkil etgan. Javobgarlar“TJC” masʼuliyati cheklangan jamiyati va “AND” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida 2021-yil 8-yanvarda 86-SV-sonli umumiy qiymati 50 000 000 000 soʻmlik tomchilatib sugʻorish texnologiyasi va asbob uskunalarini sotib olish yuzasidan oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan. Mazkur shartnomaga asosan “TJC” MChJ “AND” MChJdan jami 40 790 381 290 soʻmlik mahsulotni kredit mablagʻi hisobiga sotib olgan.
Daʼvogar suddan mazkur oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topishni soʻragan va ushbu shartnoma yirik bitim hisoblanishi va uning tuzilishida jamiyat barcha ishtirokchilarining roziligi olinishi lozim boʻlsa-da, biroq taʼsischi sifatida uning roziligi olinmaganligini, natijada ushbu bitim qonunchilik talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim hisoblanishini bunga asos sifatida keltirgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi) 126-moddasiga koʻra, agar shaxsning bitim tuzish vakolatlari shartnoma bilan yoki yuridik shaxs vakolatlari uning taʼsis hujjatlari bilan ishonchnomada, qonunda belgilab qoʻyilganiga nisbatan yoinki bitim tuzilayotgan vaziyatdan aniq koʻrinib turgan deb hisoblanishi mumkin boʻlgan vakolatlariga nisbatan cheklab qoʻyilgan boʻlsa va bitimni tuzish paytida bundan shaxs yoki organ ana shu cheklashlar doirasidan chiqib ketgan boʻlsalar, bitimdagi ikkinchi taraf mazkur cheklashlarni bilgan yoki oldindan bilishi lozim boʻlganligi isbotlangan hollardagina bitim cheklash belgilanishidan manfaatdor boʻlgan shaxsning daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
“Iqtisodiy sudlar tomonidan bitimlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2014-yil 28-noyabrdagi 269-sonli qarorining 17-bandiga koʻra, FKning 126-moddasiga koʻra, agar shaxsning bitim tuzish vakolatlari shartnoma bilan yoki yuridik shaxs vakolatlari uning taʼsis hujjatlari bilan ishonchnomada, qonunda belgilab qoʻyilganiga nisbatan yoinki bitim tuzilayotgan vaziyatdan aniq koʻrinib turgan deb hisoblanishi mumkin boʻlgan vakolatlariga nisbatan cheklab qoʻyilgan boʻlsa va bitimni tuzish paytida bunday shaxs yoki organ ana shu cheklashlar doirasidan chiqib ketgan boʻlsalar, bitimdagi ikkinchi taraf mazkur cheklashlarni bilgan yoki oldindan bilishi lozim boʻlganligi isbotlangan hollardagina bitim cheklash belgilanishidan manfaatdor boʻlgan shaxsning daʼvosi boʻyicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Qarorning 17-bandi ikkinchi qismida, sudlar inobatga olishlari lozimki, bunday asos bilan bitim kimning manfaatida cheklash belgilangan boʻlsa, faqat oʻsha shaxsning daʼvosi boʻyicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Shu bois, FKning 126-moddasiga asosan bitimni haqiqiy emas deb topish haqidagi daʼvo bilan boshqa shaxs murojaat qilgan boʻlsa, bunday daʼvoni qanoatlantirish rad etilishi haqida tushuntirish berilgan.
Biroq, daʼvogar nizoli oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha ikkinchi taraf “AND” MChJ mazkur cheklashlarni bilgan yoki oldindan bilishi lozim boʻlganligini isbotlab bera olmagan.
Shu sababli birinchi bosqich sudi, yuqoridagilarni inobatga olib, daʼvogarning daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etish haqida asosli xulosaga kelgan.
IPK 279-moddasi 1-bandiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga haqli.
Sudlov hayʼati, qayd etilganlarga koʻra, hal qiluv qarori asosli va qonuniy qabul qilinganligi sababli uni oʻzgarishsiz, apellatsiya shikoyatini esa qanoatlantirilmasdan qoldirishni lozim topdi.
Shuningdek, sudlov hayʼati daʼvogarning apellatsiya shikoyatida keltirgan vajlariga birinchi bosqich sudi tomonidan asoslantirilgan holda huquqiy baho berilganligi sababli ular bilan kelishmaydi.
IPK 118-moddasining toʻqqizinchi qismiga asosan ishda ishtirok etuvchi shaxslarning apellatsiya, kassatsiya shikoyati berish bilan bogʻliq holda qilgan sud xarajatlari ushbu moddada bayon etilgan qoidalarga muvofiq taqsimlanadi.
Apellatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilayotganligi sababli, daʼvogar tomonidan toʻlangan 1.700.000 soʻm davlat boji va 34.000 soʻm pochta xarajati oʻzining zimmasida qoldirishni hamda ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 85000 soʻm sud xarajati daʼvogardan Oliy sud hisobiga undirishi lozim.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 260, 274, 276, 277, 280, 281-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qiladi:
Qumqoʻrgʻon tumanlararo iqtisodiy sudining 4-1904-2301/3121-sonli ish boʻyicha 2023-yil 03-noyabrda qabul qilingan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz, daʼvogar — “TJC” MChJ taʼsischisi A.N.A.ning apellatsiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilsin. Daʼvogar — A.N.A. hisobidan Oliy sud hisobiga ishni videokonferensaloqa rejimida koʻrish bilan bogʻliq 85000 soʻm sud xarajati undirilsin.
Qaror qabul qilingan vaqtdan boshlab qonuniy kuchga kiradi.
Mazkur qaror ustidan Surxondaryo viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga taftish tartibida shikoyat (protest) berish mumkin.
Raislik qiluvchi S. ALLABERDIYEV
hayʼat aʼzolari U. TOJIYEV
A. MAXAMMADIYEV
Termiz sh.,
2024-yil 9-yanvar,
4-1904-2301/3121-son