TOShKENT VILOYAT SUDINING IQTISODIY IShLAR BOʻYIChA SUDLOV HAYʼATI APELLATSIYA INSTANSIYASINING
Qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya S. Soliyev
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya A. Aripov
Toshkent viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati, sudya A. Ikromovning raisligida, hayʼat aʼzolari — sudyalar I. Yusupov va A. Aripovdan iborat tarkibda, N. Sayfulloyevning kotibligida, daʼvogar ishonchli vakili XXXXX (2022-yil 21-iyunda notarial tasdiqlangan ishonchnoma va 2022-yil 22-iyuldagi 492-sonli advokatlik orderi asosida), javobgar vakili XXXXX (2021-yil 14-dekabrdagi 1-sonli ishonchnoma asosida), Toshkent viloyat adliya boshqarmasining vakili XXXXX (2023-yil 29-maydagi 2/524-sonli ishonchnoma asosida) ishtirokida, Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 12-iyundagi hal qiluv qarori va ajrimi ustidan javobgar XXXXX masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati asosida ishni Toshkent viloyati sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati joylashgan binoda, ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
Turkiya Respublikasining fuqarolari XXXXX hamda XXXXX 2018-yil 3-oktabrdagi taʼsis shartnomasiga asosan oʻzaro hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasida XXXXX MChJni taʼsis etganlar, jamiyatning ustaviga koʻra, uning manzili XXXXX etib belgilangan.
Jamiyatning ustav fondi 8 000 000 soʻmni tashkil etib, u har ikki ishtirokchi oʻrtasida teng ulushlarda — 4 000 000 soʻmdan taqsimlangan.
XXXXX tasdiqlangan 2019-yil 3-iyuldagi ishonchnoma bilan XXXXX ikkinchi taʼsischi hisoblanmish XXXXX ga oʻz nomidan barcha harakatlarni, shu jumladan ulushlar, aksiyalar sertifikatlar, zaymlar, foiz toʻlovlarini toʻlash va boshqa harakatlarni amalga oshirishi uchun ishonch bildirgan.
Mazkur ishonchnoma asosida jamiyatning 2021-yil 4-maydagi XXXXX MChJning ustav fondidagi ulush oldi-sotdi shartnomasi tuzilib, unga koʻra taʼsischi XXXXX oʻz ulushini boshqa bir taʼsischi — XXXXX ga 4 000 000 soʻm evaziga sotgan, ushbu shartnomani XXXXX ham sotuvchi, ham xaridor nomidan imzolagan.
XXXXX MChJning 2021-yil 4-maydagi 5-sonli umumiy yigʻilish bayonnomasi (qarori) bilan taʼsischi XXXXX ulush oldi-sotdi shartnomasi asosida taʼsischilar safidan chiqarilgan va XXXXX jamiyatning 100 foizlik taʼsischisi etib belgilangan. Mazkur umumiy yigʻilish qarori ham har ikki taʼsischining nomidan XXXXX ning oʻzi tomonidan imzolagan. Mazkur umumiy yigʻilish qarori asosida jamiyatning taʼsis hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilgan.
Yuqorida taʼkidlangan shartnoma va umumiy yigʻilish qaroridan xabardor boʻlmagan taʼsischi XXXXX oʻzining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan deb hisoblab, XXXXX MChJ va Zangiota tumani davlat xizmatlari markaziga nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 2021-yil 4-maydagi XXXXX MChJning ustav fondidagi ulush oldi-sotdi shartnomasi, 2021-yil 4-maydagi XXXXX MChJning 5-sonli umumiy yigʻilish qarori (bayonnomasi), shuningdek jamiyatning 2021-yil 4-maydagi yangi tahrirdagi ustavi, 2021-yil 4-maydan keyingi jamiyatning taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga oid maʼlumotlarni haqiqiy emas deb topish hamda haqiqiy emaslik oqibatlarini qoʻllashni soʻragan.
Birinchi instansiya sudining 2023-yil 13-fevraldagi hal qiluv qarori bilan XXXXX MChJning daʼvo muddatini qoʻllash toʻgʻrisidagi arizasini qanoatlantirish rad etilgan, daʼvo talablari qisman qanoatlantirilib, XXXXX MChJning 2021-yil 4-maydagi ulush oldi-sotdi shartnomasi, 5-sonli umumiy yigʻilish bayonnomasi (qarori) va 2021-yil 4-maydan keyingi jamiyatning taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga oid maʼlumotlar haqiqiy emas deb topilgan, daʼvo talablarining qolgan va daʼvoning Zangiota tumani davlat xizmatlari markaziga nisbatan bildirilgan qismi rad etilgan, daʼvoning jamiyatning 2021-yil 4-maydagi yangi tahrirdagi ustavini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi qismi boʻyicha esa ish yuritish tugatilgan.
Toshkent viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyaning 2023-yil 11-apreldagi qarori bilan hal qiluv qarori bekor qilinib, ish birinchi instansiya sudida yangidan koʻrish uchun yuborilgan.
Sudning 2023-yil 25-apreldagi ajrimi bilan dastlabki javobgar Zangiota tuman davlat xizmatlari markazi yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmaganligi bois, u tegishli javobgar Toshkent viloyati adliya boshqarmasi bilan almashtirilgan, shuningdek XXXXX MChJning taʼsischisi XXXXX ikkinchi javobgar sifatida ishga jalb qilingan.
Birinchi instansiya sudining 2023-yil 12-iyundagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qisman qanoatlantirilib, XXXXX MChJning 2021-yil 4-maydagi ulush oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas deb topilgan hamda haqiqiy emaslik oqibatlari qoʻllanilib, XXXXX MChJning 2021-yil 4-maydagi 5-sonli umumiy yigʻilish qarori va 2021-yil 4-maydan keyin jamiyatning taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar haqiqiy emas deb topilgan. Daʼvoning qolgan talabi boʻyicha ish yuritish tugatilgan. XXXXX MChJ hisobidan XXXXX foydasiga 9 000 000 soʻm davlat boji va 24 000 soʻm pochta xarajati undirilgan.
Ish yuzasidan qabul qilingan sud hal qiluv qarori ustidan javobgar apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan va unda sud hal qiluv qarori va ajrimini bekor qilib, daʼvo talabini qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida yangi qaror qabul qilishni soʻragan. Bunga asos qilib, shikoyatda ish yuzasidan ikkinchi javobgar sifatida koʻrsatilgan XXXXX Turkiya fuqarosi boʻlib, Turkiya Respublikasida istiqomat qilishi, biroq birinchi instansiya sudi uni tegishli tartibda sud majlisiga chaqirtirish choralari koʻrilmasdan ishni uning ishtirokisiz koʻrib chiqilganligi, shuningdek taraflar oldi-sotdi shartnomasi umumiy yigʻilishda maʼqullanganligi, sud tomonidan nizoli oldi-sotdi shartnomani haqiqiy emas deb topish haqidagi talabi rad etilishi lozimligi, bundan tashqari birinchi instansiya sudi daʼvogarning daʼvo talabini daʼvo muddatini qoʻllagan holda rad etishi lozimligi koʻrsatilgan.
Sud majlisida qatnashgan javobgar vakili daʼvo talablariga nisbatan eʼtiroz bildirib, oldi-sotdi shartnomasi noqonuniy deb hisoblangan taqdirda ham daʼvoning qolgan talablarini qanoatlantirishning imkoni yoʻqligi, sababi yigʻilish qarorining qonuniyligini nizolashish uchun qonunda belgilangan maxsus daʼvo muddati daʼvogar tomonidan uzrsiz sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilganligini taʼkidlab, daʼvoni rad etishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan daʼvogar vakili daʼvogar javobgar bilan birga ushbu jamiyatni teng ulushlar asosida taʼsis etganliklari, daʼvogar tomonidan uning nomidan barcha harakatlarni olib borish uchun notarial idorada ishonchnoma rasmiylashtirganligi, ishonchnomaning bir nusxasi notarial idorada, qolgan ikki nusxasi esa daʼvogarning oʻzida qolganligi, bundan kelib chiqib javobgar G.C. ning barcha harakatlari ishonchnomasiz amalga oshirilganligi, ulush oldi-sotdi shartnomasini imzolashda ham ushbu ishonchnomaga asosan harakat qilgani, asosiysi ulush oldi-sotdi shartnomasi fuqarolik qonunchiligi talablariga zid ekanligini taʼkidlab, sud hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni soʻradi. Shuningdek, birinchi instansiya sudida daʼvoni taʼminlash maqsadida javobgarga muayyan harakatlarni bajarishni taqiqlash soʻralgan, biroq koʻrib chiqilmaganligini bildirib, sudlov hayʼatidan jamiyatga tegishli mol-mulkni xatlab qoʻyishni soʻradi.
Toshkent viloyati adliya boshqarmasining vakili ish boʻyicha qonuniy qaror qabul qilishni soʻradi.
Sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilingan ikkinchi javobgar XXXXX MChJning taʼsischisi XXXXX sud majlisida ishtirok etmadi. Biroq, javobgar vakili ikkinchi javobgar XXXXX ning yozma fikrnomasini sudlov hayʼatiga taqdim qildi, ushbu yozma fikrnomada apellatsiya shikoyatini qanoatlantirib, birinchi instansiya sudining 2023-yil 12-iyundagi hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni soʻragan.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda “IPK” deb yuritiladi) 274-moddasining toʻrtinchi qismiga asosan, apellatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan apellatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Shu bois, sudlov hayʼati nizoni ikkinchi javobgarning ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim deb hisoblaydi.
Sudlov hayʼati shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra shikoyatni qanoatlantirishni rad etishni lozim topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi)ning 113-moddasiga koʻra, bitim ushbu Kodeksda belgilab qoʻyilgan asoslarga koʻra, sud haqiqiy emas deb topganligi sababli (nizoli bitim) yoki bunday deb topilishidan qatʼi nazar, haqiqiy emas deb hisoblanadi (oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim).
Nizoli bitimni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi talabni ushbu Kodeksda koʻrsatilgan shaxslar qoʻyishlari mumkin.
Oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim haqiqiy emasligining oqibatlarini qoʻllanish toʻgʻrisidagi talabni har qanday manfaatdor shaxs qoʻyishi mumkin. Sud bunday oqibatlarni oʻz tashabbusi bilan qoʻllashga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan bitimlarni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2014-yil 28-noyabrdagi 269-sonli qarorining 4-bandida FKning 11 va 113-moddalariga, shuningdek IPKning 26-moddasiga koʻra, sud bitimlarni haqiqiy emas deb topish va (yoki) ularning haqiqiy emasligi oqibatlarini qoʻllash toʻgʻrisidagi daʼvolarni koʻrib chiqishga haqli ekanligi haqida tushuntirish berilgan.
“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi)ning 8-moddasida jamiyat ishtirokchilarining bir qator huquqlari belgilangan boʻlib, unga muvofiq jamiyat ishtirokchilari jamiyatning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) oʻz ulushini yoxud uning bir qismini ushbu Qonunda va jamiyatning ustavida nazarda tutilgan tartibda mazkur jamiyatning bir yoki bir necha ishtirokchisiga sotish yoki oʻzga tarzda ularning foydasiga voz kechishga haqli.
FK 134-moddasining birinchi qismiga koʻra, bir shaxs (ishonch bildiruvchi) tomonidan ikkinchi shaxsga (ishonchli vakilga) uchinchi shaxslar oldida vakillik qilish uchun berilgan yozma vakolat ishonchnoma hisoblanadi. Ishonchli vakil oʻziga ishonchnoma bilan berilgan vakolatlar doirasida ish olib boradi.
FKning 129-moddasiga koʻra, ishonchnomaga, qonunga, sud qaroriga yoki vakil qilingan davlat organining hujjatiga asoslangan vakolat bilan bir shaxs (vakil) tomonidan boshqa shaxs (vakolat beruvchi) nomidan tuzilgan bitim vakolat beruvchiga nisbatan fuqarolik huquq va majburiyatlarini bevosita vujudga keltiradi, oʻzgartiradi va bekor qiladi.
Oʻz xarakteriga koʻra faqat shaxsan tuzilishi mumkin boʻlgan bitimni, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa bitimlarni vakil orqali tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Vakil oʻziga vakolat bergan shaxs nomidan shaxsan oʻziga nisbatan ham, u ayni bir vaqtda vakili boʻlgan boshqa shaxsga nisbatan ham bitimlar tuzishi mumkin emas, tijorat vakilligi boʻlgan hollar bundan mustasno.
FKning 116-moddasiga koʻra qonun hujjatlarining talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir. Bunday bitimga nisbatan ushbu Kodeks 114-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qoʻllaniladi.
FKning 114-moddasiga asosan haqiqiy boʻlmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bogʻliq boʻlgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir. Bitim haqiqiy boʻlmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim boʻyicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha (shu jumladan olingan narsa mol-mulkdan foydalanish, bajarilgan ish yoki koʻrsatilgan xizmat bilan ifodalanganda) qaytarib berish mumkin boʻlmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan boʻlmasa, uning qiymatini pul bilan toʻlashi shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Xoʻjalik shartnomalarini tuzish, oʻzgartirish va bekor qilishni tartibga soluvchi fuqarolik qonun hujjatlari normalarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2009-yil 18-dekabrdagi 203-sonli qarorining 24-bandida haqiqiy boʻlmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bogʻliq boʻlgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmasligi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasligi haqida tushuntirish berilgan.
Shuningdek yuqorida qayd etib oʻtilgan 269-sonli Plenum qarorining 6-bandida FK oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida daʼvo berish imkoniyatini istisno etmasligi haqida tushuntirish berilgan boʻlib, bu bilan javobgar vakilining daʼvogar oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitimni haqiqiy emas deb topish talabini qoʻyganligi bois ham daʼvo rad etilishi shart degan eʼtirozi inkor etiladi.
Qonun 41-moddasining birinchi qismiga koʻra, jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2014-yil 20-iyundagi 262-sonli qarorining 20.1-bandida jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishi qarori u qonun hujjatlariga zid boʻlgan va (yoki) umumiy yigʻilish qonun hujjatlari va jamiyat ustavida belgilangan tartibga rioya etilmagan holda oʻtkazilgan hollardagina haqiqiy emas deb topilishi mumkinligi taʼkidlangan.
FK 43-moddasining oltinchi qismiga muvofiq taʼsis hujjatlaridagi oʻzgartishlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab, qonunda belgilangan hollarda esa — davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organ ana shunday oʻzgartishlar haqida xabardor qilingan paytdan boshlab uchinchi shaxslar uchun kuchga ega boʻladi. Yuridik shaxslar va ularning muassislari mazkur oʻzgartishlarni hisobga olib ish yuritgan uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda ana shunday oʻzgartishlar roʻyxatga olinmaganligini vaj qilib koʻrsatishga haqli emaslar.
IPK 110-moddasi birinchi qismining 1-bandiga koʻra agar ish iqtisodiy sudga, fuqarolik ishlari boʻyicha sudga yoki maʼmuriy sudga taalluqli boʻlmasa sud ish yuritishni tugatadi.
Birinchi instansiyasi sudi ish yuzasidan qaror qabul qilishda ish uchun ahamiyatli holatlarni toʻliq aniqlagan va moddiy huquq normasini toʻgʻri qoʻllagan.
Apellatsiya shikoyatida ish yuzasidan ikkinchi javobgar sifatida koʻrsatilgan XXXXX Turkiya fuqarosi boʻlib, Turkiya Respublikasida istiqomat qilishi, biroq birinchi instansiya sudi uni tegishli tartibda sud majlisiga chaqirtirish choralari koʻrilmasdan uning ishtirokisi koʻrib chiqilganligi, shuningdek taraflar oldi-sotdi shartnoma umumiy yigʻilishda maʼqullagani, sud tomonidan nizoli oldi-sotdi shartnomani haqiqiy emas deb topish haqidagi talabi rad etilishi lozimligi, bundan tashqari birinchi instansiya sudi daʼvogarning daʼvo talabini daʼvo muddatini qoʻllagan holda rad etishi lozim boʻlgani vaj qilingan.
Biroq, sudlov hayʼati apellatsiya shikoyatidagi vajlar bilan quyida qayd etilgan asoslarga koʻra kelishmaydi.
Birinchidan, birinchi instansiya sudining sud majlisida ishtirok etgan javobgar vakili ish boʻyicha ikkinchi javobgar XXXXX sud majlisida ishtirok eta olmasligi, ammo sud muhokamasida shaxsan ishtiroki muhimligi, agar sud muhokamani iyul oyiga qadar qoldirib tursa, oʻsha oyda Oʻzbekistonga kelishni rejalashtirayotganligini maʼlum qilganligining oʻzi ham ikkinchi javobgarning sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tartibda xabardor qilinganligidan dalolat beradi.
Ikkinchidan, ish jildida (i.v. 24) telegram ijtimoiy tarmogʻi orqali ikkinchi javobgarning sud muhokamasining boshqa kunga qoldirilganligi toʻgʻrisida xabardor qilinganligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilingan.
Vaholanki, IPKning 127-moddasida iqtisodiy sud ishlarini yuritishning boshqa ishtirokchilari ajrim orqali, zarur hollarda esa sud chaqiruv qogʻozlari, telegrammalar, fakslar, teletayplar hamda boshqa aloqa vositalari orqali xabardor qilinadi va sudga chaqiriladi.
Uchinchidan, sudlov hayʼatining Turkiya Respublikasiga yuborilgan tegishli ajrimlari ikkinchi javobgarni ishtirokini taʼminlash maqsadida yuborilgan boʻlib, ushbu ajrimlar tegishli tartibda qabul qilib olingan. Qolaversa, birinchi instansiya sudida boʻlgani kabi, takroran javobgar vakili orqali ikkinchi javobgar oʻzining yozma fikrnomasini sudlov hayʼatiga taqdim qilgan.
Bundan koʻrinadiki, javobgarning birinchi instansiya sudi tomonidan ikkinchi javobgarni tegishli tartibda sud majlisiga chaqirtirish choralari koʻrilmasdan uning ishtirokisiz koʻrib chiqilganligi vaji asossiz hisoblanadi.
Bundan tashqari, javobgarning daʼvo talabini daʼvo muddatini qoʻllagan holda rad etish toʻgʻrisidagi vaji bilan ham sudlov hayʼati kelisha olmaydi.
FKning 150-moddasiga koʻra umumiy daʼvo muddati — uch yil.
FK 153-moddasiga koʻra buzilgan huquqni himoya qilish talabi daʼvo muddatining oʻtganligidan qatʼi nazar sudda koʻrib chiqish uchun qabul qilinishi belgilangan.
Daʼvo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qoʻllanadi. Qoʻllanish toʻgʻrisida nizodagi taraf bayon qilgan daʼvo muddatining oʻtishi sudning daʼvoni rad etish haqida qaror chiqarishi uchun asos boʻladi.
FKning 154-moddasida daʼvo muddati shaxs oʻzining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan oʻta boshlashi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan fuqarolik qonun hujjatlarining daʼvo muddatiga oid normalarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida” 2015-yil 19-iyundagi 282-sonli qarorining 5-bandida ayrim turdagi talablar uchun qonun hujjatlarida umumiy daʼvo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus daʼvo muddatlari belgilanishi mumkinligi, xususan masʼuliyati cheklangan yoki qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi daʼvolar boʻyicha “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 41-moddasida maxsus daʼvo muddatlari belgilanganligi, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, FKning 152 — 162-moddalarining qoidalari maxsus daʼvo muddatlariga ham joriy qilinishi haqida tushuntirish berilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari toʻgʻrisida” 2014-yil 20-iyundagi 262-sonli qarorining 20.2-bandida “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 41-moddasining birinchi qismiga koʻra jamiyat ishtirokchilari umumiy yigʻilishining ushbu Qonun va boshqa qonunchilik, jamiyatning ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori ovoz berishda ishtirok etmagan yoki bahsli qarorga qarshi ovoz bergan jamiyat ishtirokchisining arizasiga koʻra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkinligi, bunday ariza jamiyat ishtirokchisi qabul qilingan qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan eʼtiboran ikki oy ichida berilishi mumkinligi, bunda ikki oylik muddat yigʻilishda ishtirok etgan ishtirokchi uchun qaror qabul qilingan kundan, yigʻilishda ishtirok etmagan ishtirokchi uchun esa u qaror toʻgʻrisida bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan boshlab hisoblanishi, “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 41-moddasida belgilangan ikki oylik muddat maxsus daʼvo muddati hisoblanishi va u sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sudning hal qiluv qarori qabul qilingunga qadar bergan arizasiga muvofiq qoʻllanilishi, ushbu muddatning oʻtkazib yuborilganligi sabablari daʼvogarning iltimosnomasiga asosan sud tomonidan uzrli deb topilib, FKning 159-moddasiga muvofiq tiklanishi mumkinligi haqida tushuntirish berilgan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan umumiy yigʻilishi bayonnomasida uning nomidan ham ikkinchi javobgar tomonidan imzolanganligi hamda daʼvoning mazkur talabi umumiy daʼvo muddati joriy etiladigan asosiy talab, yaʼni 2021-yil 4-maydagi XXXXX MChJning ustav fondidagi ulushning oldi-sotdi shartnomasining haqiqiy emaslik oqibati sifatida qoʻyilganligini inobatga olib, maxsus daʼvo muddatini qoʻllash haqidagi arizani rad etib toʻgʻri xulosaga kelgan.
Yuqoridagilarga asosan, sudlov hayʼati birinchi instansiya sudi tomonidan moddiy va protsessual huquq normalari toʻgʻri qoʻllanilgan deb hisoblaydi.
Mazkur holatda birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asoslar mavjud emas.
Holbuki, IPKning 68-moddasida belgilanganidek, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Biroq, javobgar oʻz talab va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlab bermadi.
IPK 279-moddasi birinchi qismiga asosan, ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi, sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi, hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi, moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
IPKning 281-moddasiga muvofiq birinchi instansiya sudining ajrimlari ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Bundan tashqari, daʼvogar vakili sudlov hayʼatiga ogʻzaki iltimosnoma bilan murojaat qilib, jamiyatga tegishli mol-mulkni xatlab qoʻyishni soʻragan.
IPK 169-moddasining uchinchi qismida sudning ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizalari va iltimosnomalarini qanoatlantirish toʻgʻrisidagi yoki qanoatlantirishni rad etish haqidagi xulosalari ishni koʻrish natijalari boʻyicha chiqarilgan sud hujjatida bayon qilinishi mumkin.
IPK 93-moddasining birinchi qismiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi shaxsning arizasi daʼvoni taʼminlash choralarini koʻrish uchun asos boʻladi.
Ish hujjatlariga koʻra, daʼvogarning daʼvoni taʼminlash toʻgʻrisidagi arizasi qanoatlantirilib, birinchi instansiya sudining 2022-yil 21-noyabrdagi ajrimi bilan javobgarga ulushlarni uchinchi shaxslarga yoki jamiyatga sotish va boshqacha tarzda voz kechishga qaratilgan harakatlar hamda Zangiota tumani davlat xizmatlari markaziga jamiyat taʼsis hujjatlarini roʻyxatdan (qayta roʻyxatdan) oʻtkazish taqiqlangan.
Qolaversa, qonun hujjatlarida daʼvoni taʼminlash choralari faqat ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasi asosida amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Shu sababli sudlov hayʼati, daʼvogar vakilining ogʻzaki iltimosnomani qanoatlantirishni rad etishni lozim deb hisoblaydi.
Qayd etilganlarga koʻra, sudlov hayʼati, birinchi instansiya sudi tomonidan hal qiluv qarorini qabul qilishda moddiy yoki protsessual huquq normalarining buzilishiga yoʻl qoʻyilmagan hamda sudning hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asoslar mavjud emas deb hisoblab, birinchi instansiya sudining 2023-yil 12-iyundagi hal qiluv qarori va ajrimini oʻzgarishsiz, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirmasdan qoldirishni, IPK 118-moddasi talablaridan kelib chiqib sud xarajatlarini javobgar zimmasida qoldirishni lozim topadi.
Binobarin, IPKning 68, 118, 274, 278-280-moddalariga asoslanib, qaror qiladi:
Daʼvogar vakilining ogʻzaki iltimosnomasini qanoatlantirish rad etilsin.
XXXXX masʼuliyati cheklangan jamiyatining apellatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilsin.
Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 12-iyundagi hal qiluv qarori va ajrimi oʻzgarishsiz qoldirilsin.
Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Mazkur qaror ustidan IPKda belgilangan tartibda mazkur sudlov hayʼatiga taftish shikoyati berish mumkin.
Raislik qiluvchi: A. IKROMOV
hayʼat aʼzolari: I. YUSUPOV
A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2024-yil 16-yanvar,
4-1101-2203/4984-son