Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining
qarori
Birinchi instansiya sudida ishni koʻrgan sudya R. Berdiyarov
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya I. Tadjiyev
Apellatsiya instansiyasi sudida maʼruzachi sudya I. Tadjiyev
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati B. Sayfullayevning raisligida va hayʼat aʼzolari R. Sagatov va I. Tadjiyevdan iborat tarkibda, Z. Qodirovning kotibligida, daʼvogar vakili — advokat S.B. (2023-yil 28-avgustdagi 24-sonli order va 2023-yil 9-avgustdagi ishonchnoma asosida), javobgar T.K. ning vakili — N.Gʻ. (2023-yil 9-noyabrdagi ishonchnoma asosida)ning ishtirokida, MChJ taʼsischilari N.A. va A.R. hamda Shayxontohur tuman Davlat xizmatlari markazi ishga nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxslar sifatida jalb qilingan holda, daʼvogar X.I. ning javobgarlar T.K. va “DG” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nisbatan shartnomani bekor qilish va jamiyat ustav jamgʻarmasidagi ulush huquqini daʼvogarga qaytarish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha yuritilgan ish yuzasidan qabul qilingan Toshkent shahar sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 17-oktabrdagi hal qiluv qarori ustidan javobgar T.K. tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati asosida ishni Oliy sudning binosida boʻlib oʻtgan ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
“DG” masʼuliyati cheklangan jamiyati (bundan buyon matnda MChJ yoki jamiyat deb yuritiladi) 2018-yil 5-yanvarda Shayxontoxur tumani Davlat xizmatlari markazi tomonidan 562150-sonli reyestr raqami bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlib, uning dastlabki taʼsischilari fuqarolar X.I. va R.M. boʻlgan MChJ ustav fondi 600 000 000 soʻmni tashkil qilgan boʻlib, X.I.ning ulushi 50,0 % (300 000 000 soʻm) va R.M.ning ulushi 50,0 % (300 000 000 soʻm)ni tashkil qilgan.
MChJning ustavi va taʼsis shartnomasiga 2018-yil 26-fevralda oʻzgartirish kiritilib, MChJning ustav fondi miqdori oʻzgarmagan holda taʼsischilarining soni ikki kishidan toʻrt kishiga oʻzgartirilib, ustav fondi quyidagicha taqsimlangan:
T.K.ning ulushi 30 %, yaʼni 180 000 000 soʻm;
N.A.ning ulushi 24 %, yaʼni 144 000 000 soʻm;
R.M.ning ulushi 23 %, yaʼni 138 000 000 soʻm;
X.I.ning ulushi 23 %, yaʼni 138 000 000 soʻm.
2021-yil 2-fevralda MChJ taʼsischilarining 1-sonli yigʻilishida jamiyatning ustavi va taʼsis shartnomasiga oʻzgartirish kiritilib, MChJning ustav fondi 1 374 000 000 soʻm miqdorga oshirilib quyidagicha taqsimlangan:
X.I.ning ulushi 55,8 %, yaʼni 1 102 000 000 soʻm;
N.A.ning ulushi 18 %, yaʼni 354 000 000 soʻm;
R.M.ning ulushi 17,1 %, yaʼni 338 000 000 soʻm;
T.K.ning ulushi 9,1 %, yaʼni 180 000 000 soʻm.
2021-yil 3-fevralda R.M. va A.R. oʻrtasida ulushni oldi-sotdi shartnomasi imzolangan va unga koʻra sotuvchi R.M. sotib oluvchi A.R.ga MChJ ustav fondidagi nominal qiymati 338 000 000 soʻm boʻlgan 17,1 % ulushini sotgan.
2021-yil 3-fevralda X.I. va T.K. oʻrtasida ulushni oldi-sotdi shartnomasi imzolanib, unga koʻra sotuvchi X.I. sotib oluvchi T.K.ga MChJ ustav fondidagi nominal qiymati 313 500 000 soʻm boʻlgan 15,89 % ulushini sotgan.
2021-yil 3-fevralda X.I. va A.R. oʻrtasida ulushni oldi-sotdi shartnomasi imzolanib, unga koʻra sotuvchi X.I. sotib oluvchi A.R.ga MChJ ustav fondidagi nominal qiymati 155 500 000 soʻm boʻlgan 7,88 % ulushini sotgan.
Shuningdek, 2021-yil 3-fevralda X.I. va N.A. oʻrtasida ulushni oldi-sotdi shartnomasi imzolanib, unga koʻra sotuvchi X.I. sotib oluvchi N.A.ga MChJ ustav fondidagi nominal qiymati 139 000 000 soʻm boʻlgan 7,07 % ulushini sotgan.
MChJ ishtirokchilarining 2021-yil 3-fevraldagi 2-sonli umumiy yigʻilishi qaroriga koʻra, R.M. MChJning taʼsischilari qatoridan chiqarilib, A.R. MChJning taʼsischilari qatoriga kiritilgan hamda MChJning ustav fondi quyidagicha taqsimlangan:
X.I.ning ulushi 25 %, yaʼni 493 500 000 soʻm;
T.K.ning ulushi 25 %, yaʼni 493 500 000 soʻm;
N.A.ning ulushi 25 %, yaʼni 493 500 000 soʻm;
A.R.ning ulushi 25 %, yaʼni 493 500 000 soʻm.
MChJ taʼsischilari X.I. va T.K. oʻrtasida tuzilgan 2021-yil 3-fevraldagi ulushni oldi-sotdi shartnomasining 4-bandiga koʻra, sotib oluvchi T.K. shartnomaning 1-bandida koʻrsatilgan summani shartnoma imzolangan sanadan boshlab uch bank kuni ichida naqd shaklda toʻlashga kelishilgan.
Taʼsischi T.K. tomonidan shartnoma shartlari bajarilmaganligi, yaʼni ulush uchun toʻlovlar amalga oshirilmaganligi sababli taʼsischi X.I. 2023-yil 20-iyulda talabnoma-ogohlantirish xati bilan T.K.ga murojaat qilib, taraflar oʻrtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomalarini bekor qilish hamda 15,89 % miqdoridagi ustav jamgʻarmasidagi ulush huquqini sotuvchi (X.I.) ga qaytarish haqida ogohlantirgan.
MChJ taʼsischisi X.I. (bundan buyon matnda daʼvogar deb yuritiladi) sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, T.K. (bundan buyon matnda javobgar deb yuritiladi) tomonidan shartnoma shartlari buzilganligi sababli taraflar oʻrtasida tuzilgan 2021-yil 3-fevraldagi shartnomani bekor qilishni hamda 15,89 % miqdoridagi ustav jamgʻarmasidagi ulush huquqini daʼvogarga qaytarishni soʻragan.
Sudning 2023-yil 15-avgustdagi ajrimi bilan ishga MChJ qoʻshimcha javobgar sifatida, MChJ taʼsischilari N.A. va A.R., 2023-yil 29-sentabrdagi ajrimi bilan Shayxontohur tuman Davlat xizmatlari markazi nizoning predmetiga nisbatan mustaqil talablar bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan.
Toshkent shahar sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 17-oktabrdagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilib, X.I. va T.K. oʻrtasida tuzilgan MChJning ustav jamgʻarmasidagi 15,89 % miqdoridagi ulushni sotish toʻgʻrisida 2021-yil 3-fevraldagi shartnoma bekor qilingan hamda ushbu 15,89 % miqdoridagi MChJning ustav fondidagi ulush huquqi taʼsischi X.I.ga qaytarilgan.
Ish yuzasidan qabul qilingan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori ustidan T.K. apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan va unda sud hujjatini bekor qilishni soʻragan. Bunga asos qilib, shikoyatda shartnoma boʻyicha ulush qiymati naqd koʻrinishda toʻlanishi belgilangan boʻlib, javobgar tomonidan daʼvogarga pullarni naqd shaklida berilganligi, sud jamiyat ishtirokchilarining 2021-yil 3-fevraldagi majlis bayonnomasi va jamiyat taʼsis hujjatlarini daʼvogar shaxsan imzolanganligiga eʼtibor qaratilmaganligi, daʼvogarga toʻlov amalga oshirilmagan boʻlsa-da, ushbu hujjatlarga nima sababdan imzo qoʻyganligi shubha uygʻotishi kerak boʻlganligi, muqaddam bir necha marotaba ulushlar taʼsischilar oʻrtasida oldi-sotdi boʻlgan boʻlsa-da, biror-bir tasdiqlovchi hujjat rasmiylashtirilmaganligi, ulushlar oldi-sotdisi boʻyicha naqd pulda toʻlov amalga oshirilishi ishtirokchilar uchun ish muomalasi odatiga aylanganligi, jamiyat ishtirokchilarining 2021-yil 4-fevraldagi yigʻilishida javobgarga ustav fondining 30 foizi oʻrniga 25 foiz berilganligi, qolgan 5 foizni yaqin kunlarda berilishini imzo qoʻyish orqali tasdiqlanganligi, ishtirokchilar oʻrtasida ulushlar boʻyicha hisob-kitoblarda hech qanday kelishmovchiliklar mavjud emasligi shaxsan imzo bilan tasdiqlanganligi, sud “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) 20-moddasining toʻqqizinchi qismi normalarini asossiz qoʻllaganligi, mazkur iqtisodiy ish holatida ulushni sotib olishning imtiyozli huquqi buzilmaganligi va daʼvo predmeti boshqa ekanligi, shartnomani bekor qilish uning amal qilishning butun muddatida yoʻl qoʻyilishi, nizoli shartnoma 3 bank ishi kuni davomida amal qilganligi, shartnoma amal qilish muddati tugaganligi aniqlanganda daʼvoni qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida Oliy sud Plenumi qarorida tushuntirish berilganligini koʻrsatgan.
Sud majlisida javobgar vakili kassatsiya shikoyatda keltirilgan vajlarni takrorlab, daʼvogar shartnomani bekor qilish talabi bilan emas, balki ulush qiymatini foizlar bilan undirishni soʻrab sudga murojaat qilishi lozim boʻlganligi, sud amaliyoti oʻrganib chiqilganda oldin shu ishga oʻxshash 4-1001-2211/20770-sonli ish koʻrilganligi va sud daʼvogarning talabini qanoatlantirishni rad etganligi, bunga asos qilib, qarorda daʼvogar shartnomani bekor qilish talabi bilan emas, balki ulush qiymatini foizlar bilan undirish talabi bilan sudga murojaat qilishi lozimligi koʻrsatilganligi, sudning ushbu qarorini sudga taqdim qilishini bayon qilib, shikoyatni qanoatlantirishni soʻradi.
Daʼvogar vakili javobgarning kassatsiya shikoyatiga nisbatan eʼtiroz bildirib, javobgar toʻlovni amalga oshirmaganligi, toʻlovni amalga oshirilganligi haqida sudga tilxat yoki boshqa dalilni taqdim qilmaganligi, javobgarning shikoyatida keltirgan shartnomaning muddati 3 kun boʻlganligi va shartnoma ushbu muddat davomida bekor qilishi mumkinligi haqidagi vajiga qoʻshilib boʻlmasligi, chunki, oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha pullar toʻlanmaganligi sababli daʼvogar shartnomani bekor qilishni talab qilishga haqli ekanligini bayon qilib, shikoyatni qanoatlantirishni rad etishni soʻradi.
MChJ va uchinchi shaxslar sud muhokamasining vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilingan boʻlsa-da, ulardan vakil sud majlisiga kelmadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi (bundan buyon matnda IPK deb yuritiladi) 274-moddasining toʻrtinchi qismiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudining sud majlisiga sud muhokamasini oʻtkazish vaqti va joyi haqida tegishli tarzda xabardor qilingan apellatsiya shikoyatini (protestini) bergan shaxsning va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning kelmaganligi ishni ularning ishtirokisiz koʻrishga toʻsqinlik qilmaydi.
Shu sababli sudlov hayʼati ishni MChJ va uchinchi shaxslarning ishtirokisiz koʻrib chiqishni lozim topadi.
Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining tushuntirishlari tinglab, shikoyatda keltirilgan vajlarni ish hujjatlari bilan birga muhokama qilib, quyidagi asoslarga koʻra kassatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni lozim topadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining (bundan buyon matnda FK deb yuritiladi)ning 234 va 236-moddalariga koʻra, majburiyatlar — shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida hamda ushbu Kodeksda koʻrsatilgan boshqa asoslardan kelib chiqadi va ular majburiyat shartlariga va qonunchilik talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar boʻlmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qoʻyiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
Mazkur holatda taraflarning majburiyatlari oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqqan.
FK 386-moddasining birinchi qismiga binoan, oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha bir taraf (sotuvchi) tovarni boshqa taraf (sotib oluvchi)ga mulk qilib topshirish majburiyatini, sotib oluvchi esa bu tovarni qabul qilish va uning uchun belgilangan pul summasi (bahosi)ni toʻlash majburiyatini oladi.
Daʼvogar va javobgar oʻrtasida tuzilgan 2021-yil 3-fevraldagi ulushni oldi-sotdi shartnomasining 4-bandiga asosan sotib oluvchi T.K. shartnomaning 1-bandida koʻrsatilgan summa (313 500 000 soʻm)ni shartnoma imzolangan sanadan boshlab uch bank kuni ichida naqd shaklda toʻlashga kelishilgan.
Biroq, javobgar tomonidan shartnoma shartlari bajarilmagan va daʼvogardan sotib olingan jamiyat ustav fondidagi ulush uchun toʻlovlar amalga oshirilmagan.
FK 382-moddasining birinchi — uchinchi qismlariga muvofiq, agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq oʻzgartirilishi va bekor qilinishi mumkin. Taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan faqat quyidagi hollarda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin:
1) ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa;
2) ushbu Kodeks, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan oʻzga hollarda.
Taraflardan birining shartnomani buzishi ikkinchi tarafga u shartnoma tuzishda umid qilishga haqli boʻlgan narsadan koʻp darajada mahrum boʻladigan qilib zarar yetkazishi shartnomani jiddiy buzish hisoblanadi.
FKning 384-moddasiga asosan shartnoma qanday shaklda tuzilgan boʻlsa, uni oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi kelishuv ham shunday shaklda tuziladi, basharti qonunchilikdan, shartnoma yoki ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa.
Bir taraf shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifga ikkinchi tarafdan rad javobi olganidan keyingina yoki taklifda koʻrsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat boʻlmaganida esa oʻttiz kunlik muddatda javob olmaganidan keyin, shartnomani oʻzgartirish yoki bekor qilish haqidagi talabni sudga taqdim etishi mumkin.
Daʼvogar fuqarolik qonunchiligining ushbu normalariga asoslanib javobgar bilan tuzilgan shartnomani bekor qilishni soʻragan va shartnomaning predmeti boʻlgan jamiyat ustav jamgʻarmasidagi ulush huquqini qaytarishni soʻrgan. Shuning uchun birinchi instansiya sudi daʼvoni qanoatlantirish haqida asosli xulosaga kelgan.
Biroq, hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida Qonunning 20-moddasiga havola qilgan, yaʼni, sud qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan qonunchilik hujjatini qoʻllagan.
Bundan koʻrinadiki, birinchi instansiya sudi qaror qabul qilishda moddiy huquq normalarini notoʻgʻri qoʻllagan, bu esa qisman noqonuniy qaror qabul qilishga olib kelgan.
IPK 279-moddasi birinchi qismining 4-bandiga binoan moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun asos boʻladi.
Ushbu modda ikkinchi qismining 2-bandiga asosan qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan qonunchilik hujjatining qoʻllanilganligi moddiy huquq normalarining notoʻgʻri qoʻllanilishi hisoblanadi.
IPK 278-moddasining 3-bandiga koʻra, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini (protestini) koʻrish natijalari boʻyicha hal qiluv qarorini oʻzgartirishga haqli.
Bayon etilganlarga asosan sudlov hayʼati T.K.ning apellatsiya shikoyatini qisman qanoatlantirishni, birinchi instansiya sudi hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismidan Qonunning 20-moddasiga havola qilgan qismini chiqarib tashlashni, hal qiluv qarorining qolgan qismini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topadi. IPK 118-moddasining birinchi qismiga asosan sud xarajatlari javobgarning zimmasiga yuklatiladi va apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilishda toʻlangan davlat boji hamda pochta xarajatlari uning zimmasida qoldiriladi.
Javobgarning daʼvogarga sotib olingan ulush uchun pullar naqd shaklda berilganligi, jamiyat ishtirokchilarining 2021-yil 3-fevraldagi majlis bayonnomasi va jamiyat taʼsis hujjatlarini daʼvogar shaxsan imzolanganligi, muqaddam bir necha marotaba ulushlar taʼsischilar oʻrtasida oldi-sotdi boʻlgan boʻlsa-da, biror-bir tasdiqlovchi hujjat rasmiylashtirilmaganligi, ulushlar oldi-sotdisi boʻyicha toʻlov naqd pulda amalga oshirilishi ishtirokchilar uchun ish muomalasi odatiga aylanganligi haqidagi vajlari bilan sudlov hayʼati kelishmaydi. Chunki, daʼvogar ulush qiymati toʻlanganligini inkor qilmoqda, javobgar esa daʼvogarning tilxati yoki unga javobgar tomonidan 313 500 000 soʻm topshirilganligini tasdiqlovchi hujjatni sudga taqdim qilmadi. Jamiyat ishtirokchilarining 2021-yil 3-fevraldagi majlis bayonnomasi va jamiyat taʼsis hujjatlari daʼvogar tomonidan imzolanganligi holati u (daʼvogar) javobgardan sotilgan ulush qiymatini olganligini anglatmaydi. Chunki, nizolashayotgan shartnoma va ushbu hujjatlar bir kunda tuzilgan boʻlib, shartnomaga koʻra javobgar ulush qiymatini shartnoma imzolangan sanadan boshlab uch bank kuni ichida toʻlashga kelishilgan.
Javobgarning shartnomani bekor qilish uning amal qilishning butun muddatida yoʻl qoʻyilishi, nizoli shartnoma 3 bank ishi kuni davomida amal qilganligi, shartnoma amal qilish muddati tugaganligi aniqlanganda daʼvoni rad etish toʻgʻrisida Oliy sud Plenumi qarorida tushuntirish berilganligi haqidagi vaji ham asossizdir. Chunki, taraflar oʻrtasida tuzilgan shartnomada koʻrsatilgan 3 bank kuni, bu shartnomani amal qilish muddati emas, balki javobgar tomonidan sotib olingan ulush uchun toʻlovlarni amalga oshirish, yaʼni, majburiyatni bajarish muddatidir.
Javobgar vakilining daʼvogar ulushni talab qilish emas, FKning 419-moddasi talabiga binoan, majburiyatlar bajarilmagan boʻlsa, faqatgina pulini talab qilishi mumkinligi haqidagi vaji bilan sudlov hayʼati kelishmaydi. Chunki, fuqarolik huquqiy munosabatlarda shartnomada majburiyatlar belgilangan muddat buzilgan taqdirda sotuvchi shartnomaning bajarilishiga qiziqish yoʻqolishi shartnomadan aniq bilinib tursa, oldi-sotdi shartnomasi uni qatʼiy belgilangan muddatda bajarish sharti jiddiy buzilganligi asosi bilan uni bekor qilishni talab qilishi hamda buzilgan huquqlarini aslicha tiklanishini talab qilishi mumkin.
Yuqoridagilarga asosan va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 278 — 280-moddalarini qoʻllab, sudlov hayʼati qaror qildi:
MChJ ishtirokchisi T.K.ning apellatsiya shikoyati qisman qanoatlantirilsin.
Toshkent shahar sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatining 2023-yil 17-oktabrdagi hal qiluv qarori oʻzgartirilsin.
Hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismidan “Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasiga havola qilgan qismi chiqarib tashlansin.
Hal qiluv qarorining qolgan qismi oʻzgarishsiz qoldirilsin.
Sud xarajatlari T.K. zimmasida qoldirilsin.
Mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Raislik qiluvchi: B. SAYFULLAYEV
hayʼat aʼzolari: R. SAGATOV
hayʼat aʼzolari: I. TADJIYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 21-dekabr,
4-10-2306/417-son