Andijon viloyat sudi Iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati apellatsiya instansiyasining
Qarori
Birinchi instansiyada ishni koʻrgan sudya — U. Qurbonova
Apellatsiya instansiyasida maʼruzachi sudya — U. Xolikov
Andijon viloyat sudining iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati, A. Madaminov raisligida, sudyalar D. Ubaydullayev va U. Xolikovdan iborat tarkibda, sudya katta yordamchisi X. Tuxtasinovning kotibligida, daʼvogar — XXX masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi XXXning, javobgar — XXX, qoʻshimcha javobgarlar — XXX, XXXlarga nisbatan jamiyatning 2023-yil 2-martdagi 2-sonli Kuzatuv kengashi qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi boʻyicha yuritilgan ish yuzasidan Andijon tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan 2023-yil 28-aprelda qabul qilingan hal qiluv qarori ustidan XXX tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati asosida ishni daʼvogar vakili XXX (ishonchnoma asosida), javobgar XXXning vakili XXX (ishonchnoma asosida), qoʻshimcha javobgar XXXning vakili XXX (ishonchnoma asosida)larning ishtirokida, Andijon viloyat sudi binosida, ochiq sud majlisida koʻrib chiqib, quyidagilarni aniqladi:
XXX masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsischisi XXX (bundan buyon matnda “daʼvogar” deb yuritiladi) sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, XXX (bundan buyon matnda “javobgar” deb yuritiladi), XXX, XXXlarga nisbatan jamiyatning 2023-yil 2-martdagi 2-sonli Kuzatuv kengashi qarorini haqiqiy emas deb topishni soʻragan.
Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 28-apreldagi hal qiluv qarori bilan daʼvo qanoatlantirilgan.
Mazkur hal qiluv qarori ustidan XXX apellatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan va unda hal qiluv qarorini bekor qilib, daʼvoni koʻrmasdan qoldirish haqida yangi qaror qabul qilishni soʻragan.
2023-yil 15-noyabr kungi sud majlisida XXX apellatsiya shikoyati talabiga oʻzgartirish kiritib, hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni birinchi instansiya sudiga yangidan koʻrish uchun yuborishni soʻrab ariza taqdim etgan.
Sud majlisida ishtirok etgan qoʻshimcha javobgar XXXning vakili koʻrgazma berib, birinchi instansiya sudi hal qiluv qarori qabul qilish uchun maslahatga 2023-yil 28-aprel kuni kirib ketib, hal qiluv qarorini 2023-yil 29-aprel shanba kuni eʼlon qilganligini, biroq hal qiluv qarori sanasi 28-aprel deb koʻrsatilganligini, qoʻshimcha javobgar XXX sud majlisining vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinmaganligini, ish uning yoʻqligida koʻrib chiqilganligini, kuzatuv kengashining yigʻilishi qonuniy oʻtkazilganligini, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksidan hal qiluv qarori taraflarga besh kunlik muddatda berilishi belgilangan boʻlsada sudning hal qiluv qarorini 26-mayda imzolanganligini bildirib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, ishni yangidan koʻrish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishni soʻradi.
Sud majlisida ishtirok etgan javobgar XXXning vakili koʻrgazma berib, nizodagi yigʻilish qarori bilan oʻziga jamiyatning moliyaviy xoʻjalik faoliyatini yuritishga, jamiyatning barcha huquqiy, moliyaviy va bank hujjatlariga birinchi imzo qoʻyish huquqi 2023-yil 3-mart sanasidan vakolat berilgan boʻlsada faoliyat yuritmaganligini, ushbu nizo jamiyatning moliya xoʻjalik faoliyati toʻliq taftishdan oʻtkazilganidan soʻngina barham topishini bildirib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni soʻradi.
Daʼvogar vakili sud majlisida apellatsiya shikoyatiga nisbatan eʼtiroz bildirib, qoʻshimcha javobgarning apellatsiya shikoyati asossiz ekanligini, hozirda qoʻshimcha javobgar XXXning vakili sifatida ishtirok etayotgan XXX birinchi instansiya sud majlislarida javobgar XXXning vakili sifatida ishtirok etganligini, XXX sud majlisi haqida xabardor boʻlganligini, kuzatuv kengashi yigʻilishida vakolatiga kirmaydigan masalalar boʻyicha qaror qabul qilinganligini bayon qilib, apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad qilishni soʻradi.
Jamiyatning kuzatuv kengashi aʼzolari apellatsiya sud majlisiga chaqirtirilgan boʻlsada, ular sud majlisiga kelmadi.
Apellatsiya instansiya sudlov hayʼati, taraflarning koʻrgazmasini, ishga taqdim qilgan hujjatlarni, ishdagi mavjud hujjatlarni oʻrganib quyidagilarga koʻra, qoʻshimcha javobgar XXXning apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni lozim topdi.
Ish hujjatlariga koʻra, XXX masʼuliyati cheklangan jamiyati taʼsis hujjatlari 2022-yil 18-martda 1113688-sonli reyestr raqam bilan Andijon shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan.
Ustav fondi 1 500 000 000 soʻm etib belgilangan. Jamiyat ustavining 1.3-bandiga koʻra, taʼsischilari(ishtirokchilari) soni 6 tadan iborat boʻlgan.
Ustavga koʻra, XXXning ulushi 20 % (300 000 000) soʻm, XXXniki 10 foiz (150 000 000 soʻm), XXXniki 40 % (600 000 000 soʻm), XXXniki 10 % (150 000 000 soʻm), XXX NTMning ulushi 10 % (150 000 000 soʻm) va XXX masʼuliyati cheklangan jamiyatining ulushi 10 % (150 000 000 soʻm)ni tashkil qilgan.
Jamiyat taʼsischilarining 2022-yil 27-avgust kungi umumiy yigʻilishi 4-sonli bayonnomasi bilan jamiyatning taʼsis shartnomasi va ustavi yangilanib, qayta davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Jamiyatning amaldagi ustavi 3.1-bandiga koʻra jamiyat ustav fondi 1 500 000 000 (bir milliard besh yuz million) soʻmni tashkil etib. ishtirokchilar oʻrtasida quyidagicha taqsimlangan:
XXX masʼuliyati cheklangan jamiyati 15 % (225 000 000 soʻm), XXX 5 % (75 000 000 soʻm), XXX 20 % (300 000 000 soʻm), XXX 60 % (900 000 000 soʻm).
Jamiyat kuzatuv kengashining 2023-yil 2-mart kungi 2-sonli yigʻilishida jamiyat kuzatuv kengashining raisi va 7 nafardan iborat kengash aʼzolari ishtirok etgan.
Taklif etilganlar qatoriga jamiyat taʼsischi XXXning ishonchli vakili XXX, XXX, masʼuliyati cheklangan jamiyatining vakili XXX, XXX, XXX, yigʻilish raisi XXX va yigʻilish kotibi XXXlar koʻrsatilgan.
Kun tartibiga bir qancha masalalar roʻyxatiga: 1) jamiyat moliyaviy xoʻjalik faoliyatini auditorlik nazoratidan oʻtkazish, 2) Universitetning oʻquv tarbiyaviy jarayonlarini davlat talablariga mosligi, boshqa OTMlardan mutaxassis jalb qilingan xolda oʻrganish, 3) Universitetning ish yuritish hujjatlari va shartnomaviy munosabatlarini mutaxassis jalb etgan xolda oʻrganish, 4) Universitet rektoriga berilgan moliyaviy xoʻjalik yuritish vakolatlarini jamiyat taʼsischisi XXXga oʻtkazish kiritilgan.
Jamiyat kuzatuv kengashining yigʻilish qarorida, kun tartibiga qoʻyilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qaror chiqarilib, tasdiqlangan.
Amaldagi ustavning 14.4-bandi 2-qismiga muvofiq Universitetning boshqaruv organlari quyidagilardir:
Universitet taʼsischilarining umumiy yigʻilishi:
Rais tomonidan boshchilik qilinadigan Universitet Kuzatuv kengashi
Universitet kengashi:
Rektor tomonidan boshchilik qilinadigan Rektorat:
Taftish komissiyasi.
Amaldagi ustavning 14.7-bandida Universitet kuzatuv kengashi Rais tomonidan boshchilik qilinadigan doimiy kollegial organ boʻlib, Universitet taʼsischilari umumiy yigʻilishiga hisobot beradi. Universitet taʼsischilarining umumiy yigʻilishlari oʻtkaziladigan davrni oʻrtasida kuzatuv kengashi Universitet boshqaruvining yuqori organi hisoblanadi. Kuzatuv kengashining tarkibi taʼsischilar umumiy yigʻilish qaroriga asosan shakllantiriladi.
Shuningdek, amaldagi ustavning 14.7-bandi 3-qismiga koʻra, kuzatuv kengashining vakolatlariga kuyidagilar kiradi:
Universitet faoliyati qoidalari va tartiblarini tasdiqlash, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
Universitetning maxsus ishchi organlarini tuzish va ularning faoliyat koʻrsatish qoidalarini nizomlar, reglamentlar koʻrinishida tasdiqlash;
Universitet faoliyatining Rektorat vakolatiga kiradigan qismi boʻyicha auditorlik tekshiruvi oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish, mazkur tekshirish uchun auditorini aniqlash, u bilan shartnoma tuzish;
Rektor lavozimiga tayinlash va uni lavozimidan ozod qilish boʻyicha taklif tayyorlash, uni taʼsischilarning umumiy yigʻilishiga kiritish;
Universitetdagi toʻlovlar miqdori boʻyicha takliflar tayyorlash:
Universitet Rektorati tuzadigan bitimlar qiymatining chegarasini belgilash:
Qoplovchi jamgʻarmaning miqdorini belgilash.
“Masʼuliyati cheklangan xamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 38-moddasi 1-qismida jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari ushbu Qonunga muvofiq jamiyatning ustavi bilan belgilanishi, 3-qismida jamiyatning kuzatuv kengashini tuzish va uning faoliyati tartibi, shuningdek jamiyat kuzatuv kengashi aʼzolarining vakolatlarini va jamiyat kuzatuv kengashi raisining vakolatini tutatish tartibi jamiyatning ustavi bilan belgilanishi qayd etilgan.
Bundan koʻrinadiki, jamiyat kuzatuv kengashining 2023-yil 2-mart kungi 2-sonli bayonnomasidagi kun tartibidagi toʻrtta masala boʻyicha qaror qabul qilish kuzatuv kengashining vakolatlariga kirmaydi.
Jamiyat kuzatuv kengashining 2023-yil 2-mart kungi 3-sonli yigʻilishida tasdiqlangan masalalar “Masʼuliyati cheklangan xamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 30-moddasiga koʻra jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi vakolatiga kiradi.
Dyemak, jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan 2023-yil 2-mart kungi 2-sonli bayonnoma asosida kun tartibidagi masalalar boʻyicha qaror qabul qilinishi amaldagi jamiyat ustavining 14.7-bandi 3-qismi va yuqoridagi “Masʼuliyati cheklangan xamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 30, 38-moddasi talablariga toʻgʻri kelmaydi.
“Masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 41-moddasiga koʻra, jamiyat kuzatuv kengashining, jamiyat yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organining, jamiyat kollegial ijro etuvchi organining ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlarining, jamiyat ustavi talablari buzilgan holda qabul qilingan hamda jamiyat ishtirokchisining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan qarori jamiyat ana shu ishtirokchisining arizasiga binoan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Shu bois, birinchi instansiya sudi daʼvo talabini qanoatlantirib, jamiyat kuzatuv kengashining 2023-yil 2-martdagi 2-sonli bayonnomasi yakuni boʻyicha qabul qilgan qarorini haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisida qonuniy va asosli xulosaga kelgan.
Shuningdek, sudlov hayʼati XXX va uning vakilining hal qiluv qarori 2023-yil 29-aprel shanba dam olish kunida oʻqib eshittirilganligi, hal qiluv qarori sanasi noqonuniy ravishda oʻzgartirilib 2023-yil 28-aprel yozilganligi toʻgʻrisidagi vajlari bilan kelishmaydi.
Chunki, ish hujjatlari va elektron maʼlumotlar bazasi oʻrganilganda mazkur ish 2023-yil 28-aprel kuniga qoldirilganligi va mazkur sanada koʻrib chiqilganligi aniqlandi. XXX tomonidan ushbu vaji asosli hujjatlar bilan isbotlab berilmagan.
Bundan tashqari, sudlov hayʼati sud majlisida XXXning vakili sudning hal qiluv qarorini 26-mayda imzolanganligi toʻgʻrisidagi vajlari bilan ham kelishmaydi.
Boisi, mazkur ish boʻyicha qabul qilingan hal qiluv qarorining toʻliq matni taraflarga yuborish uchun elektron maʼlumotlar bazasiga 2023-yil 3-may kuni biriktirilganligi aniqlandi.
Bundan koʻrinadiki, birinchi instansiya sudi tomonidan hal qiluv qarorining toʻliq matni qonunda belgilangan muddatda yozilib, taraflarga yuborish uchun elektron maʼlumotlar bazasiga biriktirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 68-moddasiga koʻra, ishda ishtirok etuvchi har bir shaxs oʻz talablari va eʼtirozlariga asos qilib keltirayotgan holatlarni isbotlashi kerak.
Bayon etilganlarga koʻra, apellatsiya sudlov hayʼati XXXning apellatsiya shikoyatidagi vajlari bilan kelishmaydi hamda birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgartirishga asoslar mavjud emas deb hisoblaydi.
Zotan, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 278-moddasi muvofiq, apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya shikoyatini koʻrish natijalari boʻyicha, sudning hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishga haqli.
Yuqoridagilarga koʻra, sudlov hayʼati apellatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etishni, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini oʻzgarishsiz qoldirishni, XXX tomonidan oldindan toʻlangan 1 500 000 soʻm davlat boji va 33 000 soʻm pochta xarajatlarini uning zimmasida qoldirishni, ortiqcha toʻlangan 150 000 soʻm davlat bojini XXXga arizasiga asosan qaytarishni lozim topadi.
Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118-moddasi birinchi va toʻqqizinchi qismlariga binoan, sud xarajatlari ishda ishtirok etuvchi shaxslarning qanoatlantirilgan daʼvo talablari miqdoriga mutanosib ravishda ularning zimmasiga yuklatiladi.
Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning apellatsiya, kassatsiya shikoyati berish bilan bogʻliq holda qilgan sud xarajatlari ushbu moddada bayon etilgan qoidalarga muvofiq taqsimlanadi.
Binobarin, sudlov hayʼati Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 118, 278, 280-moddalarini qoʻllab, qaror qiladi:
XXXning apellatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilsin.
Andijon tumanlararo iqtisodiy sudining 2023-yil 28-apreldagi hal qiluv qarori oʻzgarishsiz qoldirilsin.
XXX tomonidan oldindan toʻlangan 1 500 000 soʻm davlat boji va 33 000 soʻm pochta xarajati zimmasida qoldirilsin.
Ortiqcha toʻlangan 150 000 soʻm davlat boji XXXga arizasiga asosan qaytarilsin.
Qaror qabul qilingan paytdan boshlab qonuniy kuchga kiradi va uning ustidan bir yil muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼatiga kassatsiya tartibida shikoyat (protest) qilish mumkin.
Raislik qiluvchi A. MADAMINOV
sudyalar D. UBAYDULLAYEV
U. XOLIKOV
Andijon v.,
2023-yil 14-dekabr,
4-1701-2303/4105-son