Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Xalqaro shartnomaga qoʻshilish toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasiga muvofiq:
1. 1999-yil 17-iyun kuni London shahrida imzolangan Transchegaraviy ochiq suv oqimlari va xalqaro koʻllarni muhofaza qilish hamda foydalanish toʻgʻrisida 1992-yildagi Konvensiyaning Suv va salomatlik muammolari boʻyicha bayonnomasiga qoʻshilinsin.
2. Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi mazkur xalqaro shartnomaning amalga oshirilishi uchun masʼul boʻlgan vakolatli organ etib belgilansin.
3. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining mazkur xalqaro shartnomaga qoʻshilganligi hamda uni amalga oshirishga masʼul boʻlgan vakolatli organ toʻgʻrisida depozitariyga tegishli bildirishnoma yuborsin.
4. Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin uning qoidalari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2023-yil 9-noyabr,
PQ-362-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.11.2023-y., 07/23/362/0850-son)