O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish tizimi soddalashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy ta’sirini oshirish hamda mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlarni yanada kengaytirish yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Olib borilgan islohotlar natijasida tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish tizimi bosqichma-bosqich soddalashtirib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 9-noyabrdagi PF-244-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning aniq maqsad va chegaralarini belgilash, tadbirkorlik subyektlari tomonidan yangi mahsulot va xizmat turlarini joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali ular uchun tartibga solish yukini kamaytirish yo‘nalishida ko‘rilayotgan choralar samaradorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
yangi import avtomobillar faqat yuridik shaxslar — ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan sotilishini bekor qilish;
elektr energiyasini elektr ta’minoti shartnomasida belgilangan hajmlardan (oylik shartnomaviy miqdordan) ortiqcha iste’mol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish amaliyotini tugatish;
tadbirkorlik subyektining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda, kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqda e’lon berish talabini bekor qilish;
soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqini berish.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Kuchkarov hamda O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-avgust,
382-son
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 382-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarining 119-bandida:
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish mexanizmini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2004-yil 1-noyabrdagi 511-son qarori 3-bandida:
to‘rtinchi xatboshi “qarzi bo‘lgan” so‘zlaridan keyin “yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berish to‘xtatib qo‘yilsin” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
3. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 40-bandida:
o‘n birinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
o‘n ikkinchi va o‘n uchinchi xatboshilar tegishlicha o‘n birinchi va o‘n ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin.
4. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 7-yanvardagi 1-son qarori bilan tasdiqlangan Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomda:
a) quyidagi mazmundagi 1211 va 1212-bandlar bilan to‘ldirilsin:
“1211. Soliq organining sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarori ustidan yuqori turuvchi soliq organiga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.
1212. Yuqori turuvchi soliq organiga tushgan shikoyatlar Soliq kodeksining 30-bobida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi”;
b) quyidagi mazmundagi 2411 va 2412-bandlar bilan to‘ldirilsin:
“2411. Soliq organining soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarori ustidan yuqori turuvchi soliq organiga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.
2412. Yuqori turuvchi soliq organiga tushgan shikoyatlar Soliq kodeksining 30-bobida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.08.2023-y., 09/23/382/0612-son)