O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash hamda hisobga olish muddatlarini muvofiqlashtirish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 26-yanvardagi PQ-23-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, paxta xom ashyosini yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 26-yanvardagi PQ-23-son qarorining 10-bandida qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash hamda hisobga olish muddatini paxta xom ashyosi bo‘yicha amalga oshiriladigan hisob-kitob muddatiga muvofiqlashtirish belgilanganligi;
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-dekabrdagi 733-son qarori bilan tasdiqlangan Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 31-bandiga muvofiq qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ijaraga olmasdan tashkil etilgan paxta-to‘qimachilik klasteri paxta xom ashyosi yetishtiruvchilar tomonidan yetishtirilgan paxta xom ashyosini shartnomada belgilangan narxlarda sotib olish va yakuniy hisob-kitoblarni hosil yig‘ib olingan yilning 31-dekabriga qadar amalga oshirish majburiyatiga ega ekanligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) 2023-yil hosilidan boshlab, paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan paxta xom ashyosi to‘liq elektron tarozi orqali qabul qilinadi;
b) qo‘shilgan qiymat solig‘ini paxta xom ashyosi bo‘yicha yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish muddatiga qadar to‘lash va hisobga olishga ruxsat etiladi;
v) 2026-yil 1-aprelga qadar paxta-to‘qimachilik klasterlari va qishloq xo‘jaligi korxonalari (fermer xo‘jaliklari) o‘rtasidagi hisob-kitoblar hamda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan paxta hosili uchun yakuniy hisob-kitoblar o‘z muddatida amalga oshirilmagan taqdirda, yuzaga kelgan soliq qarzdorligini qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi korxonalari (fermer xo‘jaliklari)ga uch oy muddatga teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band “v” kichik bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-dekabrdagi PF-205-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.12.2023-y., 06/23/205/0934-son)
Oldingi tahrirga qarang.
g) paxta-to‘qimachilik klasterlari ishlab chiqarish quvvatlari joylashgan hududdan qat’i nazar boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarga, shu jumladan ularga aloqador korxonalarga paxta xomashyosini shartnomalarda belgilangan muddatlarda to‘lovlarni amalga oshirish sharti bilan yetkazib beriladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-dekabrdagi PF-205-sonli Farmoniga asosan “g” kichik band bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.12.2023-y., 06/23/205/0934-son)
3. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi ikki oy muddatda mazkur qarorning 2-bandida belgilangan talablardan kelib chiqqan holda, qo‘shilgan qiymat solig‘ini bo‘lib-bo‘lib to‘lash va hisobga olishning avtomatlashtirilgan dasturini ishga tushirsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi:
“O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi bilan birgalikda 2023-yil 5-sentabrga qadar hududlar va klasterlar kesimida paxta xom ashyosini yig‘ib olish bilan bog‘liq ma’lumotlar shakllantiriladigan axborot tizimi ishga tushirilishi hamda 2023-yil 15-sentabrdan boshlab “Agroplatforma” axborot tizimiga integratsiya qilinishini;
Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda ikki oy muddatda “Agroplatforma” axborot tizimi orqali paxta xom ashyosini yetishtiruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq organlarining axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini hamda soliq organlariga doimiy taqdim etib borilishini ta’minlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri A.B. Voitov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2023-yil 14-avgust,
379-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.08.2023-y., 09/23/379/0610-son; 14.12.2023-y., 06/23/205/0934-son)